Breaking News

Obama: Uchuvchisiz qiruvchi samolyotlarni qo’llashga haqlimiz


Prezident Barak Obama terrorga qarshi kurashning yangi qonun-qoidalarini e’lon qilib, Kubadagi Guantanamo qamoqxonasini yopishga yana bir bor va’da bermoqda.
Obama AQShning aksil-terror strategiyasini tushuntirdi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:28 0:00
Yuklab oling

Shu maqsadda asirlarni Yamanga ko’chirishga qo’yilgan taqiq bekor qilinadi. Guantanamoda hozir saqlanayotgan 166 mahbusning aksariyati yamanliklar.

Vashingtondagi Milliy Mudofaa Universitetida qilgan nutqida prezident Obama olis manzillarda terroristlarni yo’q qilish uchun pilotsiz samolyotlardan foydalanish amaliyotini himoya qildi.

“Qo’shma Shtatlar al-Qoida, Tolibon va ularga ergashuvchi guruhlar bilan urushda. Ularni to’xtatmasak, bu guruhlar minglab amerikalikni hoziroq qirishga tayyor. Uchuvchisiz vositalardan o’zimizni himoya qilish maqsadida foydalanyapmiz, bunga to’la haqlimiz”, - deydi prezident.

Bu operatsiyalar qonuniy va juda effektiv bo’lsada, deydi Obama, AQSh terrorga qarshi kurashning yangi bosqichiga qadam qo’ymoqda va amaldagi tartib-qoidalarni qayta ko’rib chiqish vaqti keldi.

Bu degani, havo hujumlarining ko’lami va ijrosi ustidan nazorat oshiriladi. Kuni-kecha imzolangan prezident farmoniga binoan, urush zonasi deb hisoblanmagan davlatlarda, masalan, Pokiston, Yaman va Somalida pilotsiz samolyotlarni qo’llash keskin kamaytiriladi.

“Pilotsiz vositalar eng so’nggi chora bo’lishi kerak. Men terrorchilarni qo’lga olish, so’roqqa tutish va javobgarlikka tortish tarafdoriman”, - deydi Obama.

Oq uy, shuningdek, maxfiyligi sabab ko’p tanqidlarga uchragan va Markaziy Razvedka Agentligi tomonidan yuritiladigan bu programma haqida jamoatchilikka ko’proq ma’lumot berishga, uni oshkora olib borishga so'z bermoqda.

Nutq arafasida Oq uy rasmiylari Yaman va Pokistonda uchuvchisiz samolyotlar hujumlari natijasida to’rt amerikalik halok bo’lganini ilk bor tan oldi. Ulardan ikkisi al-Qoidaning arab yarim orolidagi sobiq yetakchisi Anvar al-Avlakiy va uning o’g’li Abdul Rahmon.

Prezident Obama olis o’lkalarda o’tkazilayotgan harbiy operatsiyalar AQSh imijiga zarba bergani va o’ziga dushman orttirishini tan oladi, "ammo terroristlar bu yurtlarda in qo’yib, bizga qarshi qonli hujumlar rejalayotganini bila turib qo’l qovushtirib o’tirolmaymiz", deya ta’kidladi u.

Aksil-terror strategiyasining qonuniy tamoyillariga bag’ishlangan nutqida Obama Guantanamo mavzusiga ham bafurja to’xtaldi. Bu turmani yopishga qaratilgan qo’shimcha chora-tadbirlarni ma’lum qildi.

Dunyo hamjamiyati nigohida Guantanamo qonunsizlik ramzi, deya Obama Kongressni asirlarni Amerika turmalariga ko’chirishga ruxsat berishga chaqirdi.

Prezident ko’rsatmasiga binoan, Mudofaa vazirligi Pentagon har bir mahbus ishini alohida ko’rib chiqadi, qaysi birini xorijiy davlatlarga ko’chirish va qaysilarini sudga tortish yuzasidan qaror qabul qiladi. Mezbon davlatlar bilan gaplashish uchun maxsus elchi tayinlangan.

Aytish joiz, Barak Obama rahbarlikka saylanishi bilanoq Guantanamoni yopishga so’z bergan. Biroq Kongress mahbuslarni ko’chirishga ham, qamoqxonani yopishga ham ruxsat va mablag’ bermayapti.

Necha yillardan buyon turmada rasmiy ayblovsiz, uzluksiz saqlanayotgan asirlarning 100 dan oshig’i ochlik e’lon qilgan va ular majburan ovqatlantirilayotgani jamoatchilik diqqat markazida.

Qiruvchi robotlar/Killer Robots
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:48 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG