Breaking News

Amerika uchun ekstremizmga qarshi kurash yana dolzarblashmoqda


Prezident Barak Obama
Prezident Barak Obama

AQSh iqtisodiyoti o’sgan sari, ishsizlik kamaygan sari Prezident Barak Obamaning reytingi ko’tarilmoqda. Davlat rahbari seshanba oqshom Kongressdagi yillik ma’ruzasida so’nggi bir yilda erishilgan yutuqlarga urg’u beradi. Obama tashqi siyosatga ham e’tibor qaratadi. Parijdagi xurujlardan so’ng ekstremizm tahdidi dolzarblashmoqda.

So’nggi kunlarda Obama mamlakat bo’ylab ko’p kezmoqda; fuqarolar bilan uchrashib, ichki siyosatdagi muvaffaqiyatlari, ish o’rinlarini yaratish, odamlarga uy xarid qilishda ko’maklashish, kiber-xavfsizlik, ta’lim haqida gapirmoqda.

Biroq Fransiyadagi terror xurujlari ekstremistlarga qarshi kurash hali bitmaganini, muammo hali ham dolzarb ekanini ko’rsatdi.

“Dunyo Parij ko’chalarida terrorchilar qanday mafkuraga ega ekanini yana bir bor ko’rdi. Ular adovat va azobdan boshqa narsa berolmaydi. Biz esa ozodlik, umid, qadr-qimmat uchun kurashamiz. Parij shahri bugun dunyoda mana shu qadriyatlar ramzidir. Terrorizm balosi bu dunyodan yo’q bo’lganidan ancha o’tib ham bu qadriyatlar yo’qolmaydi", - dedi Obama.

O’tgan yili prezident buyrug’iga ko’ra, Iroq va Suriyada “Islomiy davlat” guruhiga qarshi harbiy-havo amaliyotlari boshlandi. Bu urush bir necha yilga cho’ziladi, deydi u. Obama Eronni yadro quroli yaratish yo’lidan qaytarishda ham muvaffaqiyatga erishmoqchi.

Vashingtondagi Amerika taraqqiyot markazida tahlilchi Larri Korb Obamaning saylov kampaniyasida tashqi siyosat bo’yicha maslahatchi bo’lib ishlagan. Uning aytishicha, prezident dunyo ishlaridan ko’ra ichki masalalarga diqqatni ko’proq qaratmoqchi.

“Obama mamlakat ichidan kuchli bo’lmaguncha dunyoda kuchli bo’la olmasligini yaxshi tushunadi deb o’ylayman", - deydi Korb.

AQShning Rossiya bilan munosabatlari Ukraina sabab ancha sovigan. Aloqalar murakkab, ammo ularni yaxshilash kerak, ikki mamlakat ko’p masalalarda hamkorlik qilishi mumkin, deydi tahlilchi.

Chorshanba kuni Xalqaro fazo stansiyasining AQShga qarashli qismida avariya sodir bo’lgach, amerikalik astronavtlarga rus kosmonavtlari yordam berdi.

“Hamma Rossiyaning Ukrainadagi harakatlaridan shikoyat qiladi. Ammo fazoda astronavtlarimizni kim qutqardi? Ruslar! Ruslar bizga kerak. Ular bizga Afg’onistonga yukni olib kirib-chiqishda yordam berishdi. Ha, ularning Ukrainadagi harakatlari bizga yoqmayapti, ammo bu ruslarga qarshi siyosat ishlab chiqishimiz kerak deganimasku. Ular bilan turli yo’nalishlarda hamkorlik qilishimiz zarur", - deydi Korb.

Kongressdagi chiqishida Obama tashqi siyosatdagi yutuqlari qatorida Xitoy bilan iqlim o’zgarishiga doir tarixiy kelishuvni, ebola virusiga qarshi kurash uchun yuzlab askarlarning G’arbiy Afrikaga yuborilganini tilga olishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG