Breaking News

AQSh Isroil mudofaasi uchun yana 70 million dollar ajratadi


"Temir Gumbaz" sistemasi
"Temir Gumbaz" sistemasi
Qo’shma Shtatlar Isroilga 70 million dollarga teng harbiy yordam uzatmoqda. Oq uydagi muxbirimiz Kent Klaynning xabar berishicha, prezident Barak Obama yahudiy davlati bilan aloqalarga e’tiborni oshirayotgani bejiz emas.



Uning respublikachi raqibi Mitt Romni kuni-kecha Quddusda bo’lib, Isroil rasmiylari bilan uchrashdi.

Prezident Obamaning aytishicha, qo’shimcha madad Isroilga “Temir Gumbaz” deb nomlangan mudofaa sistemasini kengaytirish imkonini beradi.

“Sinovdan o’tgan bu sistema Isroil fuqarolari xavfsizligini ta’minlab kelmoqda. G’azo sektoridan otilgan raketalarni qaytarish, oilalarning osoyishta hayotini ta’minlash uchun zarur bu”, - deydi AQSh rahbari.

Vashington Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchisiga “Temir Gumbaz” dasturini rivojlantirish uchun o’tgan yili 205 million dollar ajratgan edi. Qo’shimcha ravishda yana 70 million dollar beriladi.

Barak Obama qarorni e’lon qilar ekan, yaqinda Bolgariyaning Burgas shahrida isroillik sayyohlar nishonga olinganini eslatib o’tdi. Suiqasd xurujida yetti kishi halok bo’lgan edi.

“Bolgariyada ro’y bergan fojia terrorizm nafaqat Isroil davlati uchun balki butun dunyo yuzlashayotgan eng jiddiy tahdid ekanini ko’rsatmoqda. AQSh ittifoqchisini yakka qo’ymaydi”, - deydi u.

Buning isboti sifatida Obama Isroil bilan harbiy va noharbiy hamkorlikni oshirish to’g’risidagi qonun loyihasini ham imzoladi.

“Maqsad ikki davlat o’rtasida yanada yaqinroq hamkorlikni yo’lga qo’yish, Isroil xavfsizligi AQSh uchun ustuvor masala ekanini ko’rsatishdir”.

Ayni damda AQSh prezidentligiga respublikachi da’vogar Mitt Romni tashqi siyosatda o’zini namoyish etish maqsadida uch davlat bo’ylab safar qilmoqda – Britaniya, Isroil va Polsha. Romni Quddusda ham Isroil, ham Falastin rahbarlari bilan muloqot qildi.
Mitt Romni Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashuvda, 29-iyul, 2012
Mitt Romni Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashuvda, 29-iyul, 2012

Prezident Shimon Perez va Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bilan uchrashuvlarda asosan Eron yadro dasturi haqida gap ketgan.

Respublikachi arbob Obamaning Isroilga nistaban siyosatini tanqid qilib keladi. Obama bu davlat rahbarlari hurmatini joyiga qo’yishni bilmaydi, deydi u.

“Hatto Birlashgan Millatlar Tashkilotida qilgan nutqlarida ham Obama Yaqin Sharqdagi strategik ittifoqchimizni jamiki muammolarda aybdor qilib ko’rsatgan”, - deydi Mitt Romni.

AQShda saylovlar yaqinlashgan sari Isroilga e’tibor ham oshayapti. Davlat kotibasi Xillari Klinton, prezidentning xavfsizlik masalalari bo’yicha maslahachisi Tom Donilon va kontr-terrorizm masalalari bo’yicha maslahatchi Jon Brennan o’tgan ikki hafta mobaynida birma-bir bu davlatga safar qilishdi.

Mudofaa vaziri Leon Panetta ham bugun Quddusga borib, Eron yadro dasturi hamda Misr va Suriyadagi ahvol bo’yicha maslahatlashadi.

Barak Obama, agar ikkinchi muddatga saylansa, kelasi yili Isroilga tashrifi rejalangan. So’nggi bor u yerga 2008-yilda, hali prezidenlikka nomzodlik paytida borgan edi.

Yahudiy saylovchilar, qolaversa bu davlat manfaatlarini olg’a suradigan lobbichi tashkilotlar Amerikada katta kuchga ega. Obama va Romni ular ko’nglini ovlamoqda. Ommaviy so’rov natijasiga ko’ra, aksar yahudiylar Demokratik partiya tomonida.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG