Breaking News

Berdimuhammedov, Karimov xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik haqida gaplashdi


Turkmaniston rahbari Qurbonguli Berdimuhammedov, O'zbekiston prezidenti Islom Karimov Ashxoboddagi uchrashuv paytida. 13-dekabr, 2009-yil.
Turkmaniston rahbari Qurbonguli Berdimuhammedov, O'zbekiston prezidenti Islom Karimov Ashxoboddagi uchrashuv paytida. 13-dekabr, 2009-yil.
O’zbekistonga borgan Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov hamkorlik va xavfsizlikka oid vaziyatni muhokama qilmoqda. Uchrashuvlarda, ayniqsa, Afg'oniston e’tiborli mavzu deb hisoblanadi.

O'zbekiston-Turkmaniston aloqalari/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:48 0:00
Yuklab oling

Karimov-Berdimuhammedov muzokaralarida xavfsizlik masalasi alohida o'rin tutadi. 2014-yilda NATO Afg'onistonni tark etgandan keyin vaziyat qanday rivojlanishi munozaraga sabab bo'lib keladi. Turkmanistonning Afg'oniston bilan chegarasi yirik hududni tashkil etadi, ammo bu boradagi xavotirlar ko'proq rasmiy Toshkent tomonidan bildrilgani kuzatilgan.

Afg'oniston masalasida O'zbekiston va Turkmaniston pozitsiyasi, bu borada Rossiya ko'magiga ishonayotgan mintaqaning boshqa davlatlaridan farq qiladi. Hozirgi vaziyatga ko'ra Afg'oniston borasida xavotirlar bu davlatlarni birlashish emas, turli kuchlardan himoya izlashga majbur etgan.

“Mintaqadagi qarama-qarshiliklar juda keskin nuqtaga chiqqan. O'zbekiston Tojikiston bilan ham, Qirg’iziston bilan ham ziddiyatlarga ega. Bu esa mintaqa davlatlari biror xavf qarshisida birlashishlariga to'sqinlik qiladi. Bu xavf ekstremistik kuchlar bo'lgan taqdirda ham. Nazarimda, mintaqaning ayrim davlatlari xavfli vaziyatni mustaqil bartaraf etishga harakat qilsa, boshqalari ko'proq Rossiya yetakchiligidagi harbiy blokdan yordam kutadi”, - deydi qozog'istonlik siyosatshunos Do'sim Satpayev.

Turkmaniston neytral davlat maqomiga ega, O'zbekistonda kuzatilgan so'nggi o'zgarishlar ham rasmiy Toshkentning harbiy bloklarga aralashishini cheklaydi. Har ikki davlatda avtoritar boshqaruv va yopiq rejim hukmron, xavfsizlik bo'yicha qanday munosabatlar mavjudligi esa yanada mavhum.

O'zbekiston bergan ma'lumotda tomonlarning afg'on muammosiga munosabati yaqinligi, hamkorlik gaz eksporti, xalqaro transport yo'nalishlari kabi sohalarda rivojlanib borayotgani ta'kidlanadi.

Bir paytlar o'ta keskin bo'lgan Toshkent-Ashxobod aloqalari so'nggi yillarda oliy darajadagi tashriflar muntazamlashishi, iqtisodiy aloqalar kuchayishi, turli energetik loyihalarda hamkorlik bilan rivojlanib bordi.

Iliqlashuv tuzumlardagi o'zgarishlarga emas, iqtisodiy va siyosiy manfaatlarga bog'liq ko'riladi.

“Niyozov davri bilan solishtirganda, albatta, O'zbekiston bilan munosabatlar ancha iliqlashgan. Ziddiyatlar kuzatilmayapti. Albatta, muammolar ham bor, lekin bu muammolarga siyosiy tus berilmaydi, ularni hal etishga urinish bor. Ammo siyosiy darajadagi bu iliqlashishdan qat’i nazar qardosh xalq aloqalari, ularning bordi-keldisi muammoligicha qolmoqda”, - deydi muhojirlikda yashayotgan turkman muxolifatchisi Nurmuhammad Xanamov.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG