Breaking News

Turkmaniston hamon mutlaq diktatura, deydi surgundagi muxolifat


Ashgabat
Ashgabat
Turkmanistonda yangi siyosiy partiyalar faoliyatiga ruxsat berilayotgani chetdan ijobiy baholansa-da, surgundagi muxolifat biror o’zgarish bo’lishiga ishonmaydi.

Turkmaniston Sanoatchilari va Tadbirkorlari Ittifoqi nomi ostida tashkil qilingan yangi partiya demokratiya uchun emas, mavjud diktatura manfaatlari uchun xizmat qiladi, deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan faollar.

Turkmaniston hukumati ham qo’shni O’zbekistondagi singari xalqaro jamaoatchilikni “ko’ppartiyaviylik o’yini” bilan chalg’itmoqda, deydi ular.

Mutlaq diktator deb atalgan Saparmurod Niyozov olti yil oldin vafot etgach hukumatga kelgan Qurbonguli Berdimuhammedov avvaligi erkinlik va oshkoralik va’da qildi, ammo tuzum avtoritar ko’rinishda qoldi.

Turkmaniston muxolifati Berdimuhammedovni Niyozov merosxo’ri sifatida ko’radi va prezidentning demokratik o`zgarishlar haqidagi bayonotlariga umuman ishonmaydi.

Yangi siyosiy partiya hech qanday yangilikdan dalolat bermaydi, deydi Nurmuhammad Xanamov, muxolifatdagi “Respublika”partiyasini yetakchisi, tazyiqlar tufayli mamlakatni tark etgan siyosatchi.

“Berdimuhammedovning o’zi aytayapti, “partiyani biz tuzamiz” deb. Mustaqil siyosiy partiya hukumat tomonidan emas, haqiqiy tashabbuschilar tomonidan tuzilishi kerak. Bu partiya tepadan hukumat nima desa, shuni qiladi”, - deydi u.

Nurmuhammad Xanamov deydiki, Berdimuhammedov bu qadamlari bilan xalqaro jamoatchilikka qandaydir demokratik o`zgarishlar boshlanayapti degan ishorani bermoqchi, lekin haqiqatda bu na erkinlik va na inson huquqlari ahvoli yaxshilanishi uchun xizmat qiladi.

“Turkmaniston boshqaruvda hozirgacha faqat bitta siyosiy partiyadan iborat bo`lib qolayotgan davlat. Berdimuhammedov bir partiyali davlat degan nomdan qutulishni istayotgandir ehtimol…”, - deydi u.

Turkmanistonda mustaqil tashkilot degan narsa yo’q. Hukumatni tanqid ostiga olganlar qamoqda yoki quvg`inda.

Muxolifatning so’nggi vakillari mamlakatni 2002-yilda Saparmurod Niyozovga uyushtirilgan suiqasd bahonasida kuchaygan tazyiqlardan so’ng tark etgan.

“Vaziyat xuddi O`zbekistondagi kabi qolmoqda, faqat nisbatan og'irroq”,- deya baholaydi Nurmuhammad Xanamov.

Turkmanistonga chetdan biror jurnalist kirishi amri mahol. Erkin fikr degan tushunchaning o’zi yemirib tashlandi, deydi muxolifatchi. O’nlab faollar daraksiz ketgan, izsiz yo’qolgan, deydi u.

Ta’kidlash joiz, Turkmaniston siyosiy jihatdan betaraf davlat. Lekin amaldagi rahbar xalqaro maydonda faol rol o’ynash, siyosiy muloqotni rivojlantirish tarafdori ekanini aytib keladi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG