Breaking News

Falastin Gaaga sudidan Isroil harbiy jinoyatlarini taftish qilishni so'rashi mumkin


Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod Malkiy
Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod Malkiy
Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod Malkiyning aytishicha, agar Isroil Sharqiy Quddusda uylar qurishni davom ettirgudek bo’lsa, muxtoriyat masalani Xalqaro jinoiy sudga oshirishga majbur bo’ladi.

O’tgan yil noyabr oyida Falastin BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi-davlat maqomini olganidan so’ng muxtoriyatga ayrim xalqaro tashkilot va bitimlarga qo’shilish uchun eshiklar ochildi, jumladan Gaagada joylashgan Xalqaro jinoiy sudga. Bundan g’azablangan Isroil qurilishni kengaytirishga do’q-po’pisa qilgan.

BMT Xavfsizlik Kengashining oylik majlisida ishtirok etgan Falastin tashqi ishlar vazirining aytishicha, yahudiy davlati o’z qaroridan qaytmasa muxtoriyat unga berilgan huquqdan foydalanishga majbur bo’ladi.

“Isroilning bosib olingan yerlarda uylar qurishi xalqaro qonunchilikka zid. Bir dona uy bo’ladimi, butun mahallami, barchasi noqonuniy”, - dedi Riyod Malkiy.

Falastin Sharqiy Quddusni bo’lajak davlatining poytaxti deb ko’radi. Ishg’ol qilingan yerlarda Isroil bunyodkorlik ishlarini davom ettirsa, Falastin xalqaro suddan Isroilning harbiy jinoyatlarini taftish qilishni so’rashi mumkin.

“Bundan boshqa choramiz qolmaydi. Isroil pozitsiyamizni juda yaxshi biladi. Ular o’z rejalarini tatbiq etishga kirishsa, biz jim qarab turolmaymiz”, - deydi Falastin tashqi ishlar vaziri.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Sharqiy Quddus va G’arbiy Sohildagi yahudiy posyolkasining o’rtasida ham 3000 mingta uy qurilishi haqida oy boshida so’zlagan. Falastin shunday bo’lsa, Sharqiy Quddusga yo’l to’silib, bo’lajak davlat chegaralari mavhum bo’lib qoladi, deydi.

AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays Isroilning bu loyihasiga qarshimiz deb, undan voz kechishni so’ramoqda. Qurilish tinchlik jarayoniga g’ov, deydi Rays.

Amerika elchisi Falastinning BMTda maqomi oshirilganidan noroziligini yashirmadi.

"Bosh Assambleya qarori Falastinni na mustaqil deya tan oldi na unga davlat maqomini berdi. Davlatchilik tomon yagona yo’l – bevosita muzokaralar", - dedi Syuzan Rays.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG