Samoda eng ko'p vaqt o'tkazgan fazogir ayol

  • Amerika Ovozi

Amerikaning samoga eng ko’p chiqib kelgan fazogiri ayol kishi bo’lib, Peggi Uitson ismli bu xonim shu kunlarda yana kosmosda bo’lib qaytdi. Peggi Uitson ilk bor 2002-yilda fazoni zabt etgan. Shundan beri qadami tinmadi.

Xalqaro fazo stansiyasidagi sharoitni u xuddi uyi xususida gapirgandek tasvirlaydi.

“Soyuz” raketasi kattaroq bo’lsa kerak deb umid qilgan edim, lekin tor ekan, eskilariga o’xshab ketadi”.

O’tgan yilning oxiridan beri orbitada edi. Yerga qaytar ekan, Xalqaro fazo markazini tezda sog’inib qolishini yashirmaydi. U yer ishxona va uydek, axir.

To’qqiz yarim oy mobaynida u qator rekordlar qo’ydi. Har bir daqiqa g’animat, deydi Peggi.

“Stansiyadagi har bir kunimiz bebaho. Markazimiz tinimsiz ishlab turishi kerak. Orbitada inson bor, u o’z ishini bemalol eplayapti. O’tgan 17 yil ichida bunday holatga guvoh bo’lmaganimizni hisobga olsak, inson juda ilg’or, degan bo’lardim”.

Koinotda eng ko’p yurgan ayol – Peggi Uitson.

Xalqaro fazo stansiyasini boshqargan birinchi ayol – Peggi Uitson.

Uni eng ko’p boshqargan fazogir – Peggi Uitson.

Kosmonavt faxrga to’la.

“Boshim osmonda, albatta. Maza qilib ishlayman. Minnatdorman ishimdan, ko’nglim to’q. Markazdan bajarayotgan ishlarimiz ulkan yutuqlarga yetaklamoq da. Har kuni shu yerdan turib, sayyoramiz bilan aloqada bu yerni boshqarish sharaf men uchun. Har bir harakatimiz aslida mo’jiza”, - deydi fazogir.

Peggi Uitson hayotining 665 kunini samoda o’tkazgan amerikalik.

Biror fazogir hozirgacha samoda buncha ko’p bo’lmagan.

“Oilamni, yaqinlarimni sog’indim. Insoniyat bilan yuzma-yuz ko’rishish naqadar baxtli bir holat ekanini bilaman. Yerga qaytaman. Normal hayot. Normal sharoit. Normal ovqat. To’g’risi, yegulik degan narsani o’zim tayyorlashni yaxshi ko’raman”.

Peggi 57 yoshida har qanday yoshdagi insondan sog’lomroq.

“Insoniyat koinotni, borliqni kashf etishni davom ettirar ekan, cheksiz sirlar hali oldinda. Biz bilganimiz okeandan bir tomchi. Yoshlar ularni nafaqat yerda balki koinotda ham katta ishlar kutayotganini unutmasligi kerak. Kelajak deganda buni ham hisobga oling”.

Peggi Uitson hali yana parvoz qiladi. Balki kelajakda rossiyalik fazogir Gennadiy Padalkaning rekordini buzar. Padalka orbitada 879 kun o’tkazgan kosmonavtdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG