Breaking News

Amerikaliklarning Xitoy haqidagi fikri salbiy


AQSh Prezidenti Barak Obama Xitoy rahbari Si Zinpin bilan Pekinda. 12-noyabr 2014-yil
AQSh Prezidenti Barak Obama Xitoy rahbari Si Zinpin bilan Pekinda. 12-noyabr 2014-yil

Shu oyda Xitoy Prezidenti Si Zinpin ilk bor AQShga tashrif buyuradi. O’tkazilgan so’rovlar aksariyat amerikaliklarning Xitoy haqidagi fikri salbiy ekanini ko’rsatgan. AQShning Xitoyga qarzi, ish joylarining bu mamlakatga ko’chirilishi hamda Pekindan boshqariladigan kiber xurujlarni amerikaliklar asosiy muammolar sirasida tilga olgan.

“Pyu” (Pew) tadqiqotlar markazining 1003 odam orasida o’tkazgan so’rovida aniqlanishicha, Xitoyda iqtisodiy o’sish sur’atlari pasayganiga qaramay, aksariyat amerikaliklar bu mamlakatni iqtisodiy tahdid deb ko’radi. So’ralganlarning 89 foiziga ko’ra, AQShning Xitoy oldidagi 1,27 trillion dollarlik qarzi jiddiy muammo.

Shuningdek, amerikaliklar AQShda ish joylari kamayayotgani Xitoy uchun foydali, degan fikrda. So’ralganlarning 52 foizi ikki mamlakat orasidagi savdo-sotiq Xitoy hisobiga ekanini jiddiy muammo, degan.

Chikago universitetidan xitoyshunos olim Deyli Yan so’rov natijalari amerikaliklarning Xitoy haqdagi fikri salbiy ekanini yana bir bor namoyish qildi, deydi.

“Hayratlanarli joyi yo’q. So’rov natijalari odatdagidek, bir-ikkita yangi mavzuni aytmasa, masalan kiber xurujlarni. Umuman olganda, 1989-yildan buyon, ya’ni mana deyarli 30 yildirki, amerikaliklarning Xitoy haqidagi fikri salbiy”, - deydi u.

Ayni vaqtda Xitoy haqida ijobiy fikrda bo’lganlar soni 35 foizdan 38 foizgacha ko’paygan. Hozirda AQShda ishsizlik darajasi nisbatan past bo’lsa-da, zavod va fabrikalarning Amerikadan ishchi kuchi arzon Xitoyga ko’chirilganini ko’plar yaxshi eslaydi, deydi Yan.

“Ular barcha ish joylari Xitoyga ko’chirilgan, deydi. Ammo gap shundaki, hozirda Xitoyda hamma narsa qimmatlashgani bois ish joylari boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarga ko’chirilmoqda”, - deydi tadqiqotchi.

Qarzga kelsak, Xitoy AQShga ishonadi, shu sababli qarzga pul berishdan cho’chimaydi, deydi Yan. Aksariyat xitoyliklar Amerikani imkoniyatlar diyori deb biladi.

“Pyu” o’tkazgan so’rov natijasida aniqlanishicha, amerikaliklarning Xitoy haqidagi fikri asosida, ko’pincha, iqtisodiy masalalar tursa-da, tahdidlar haqidagi tasavvurlar so’nggi uch yilda o’zgargan.

Osiyo-Tinch okeani mintaqasini yorituvchi “Diplomat” jurnali muharriri Ankit Panda fikricha, so’ralganlarning bor-yo’g’i uchdan ikki qismi kontinental Xitoy va Tayvan o’rtasidagi ziddiyatlarni jiddiy deya talqin qilgani hayratlanarli.

“Xitoy armiyasi Tayvanga birlamchi jang maydoni deb qaraydi. Yaqin kelajakda Xitoy aynan Tayvan bo’g’ozi uchun urush olib boradi, deb o’ylayman. Amerikaliklar esa bunga befarq”, - deydi jurnalist.

Tayvan ahli, ayniqsa, siyosatchilari uchun bu nihoyatda jiddiy masala, deydi Panda.

“Pyu” tadqiqoti aprel va may oylarida o’tkazilgan edi. Undan so’ng AQSh federal hukumatining millionlab xodimlariga oid shaxsiy ma’lumotlar kiber hujumga uchradi, xakerlar xitoyliklar bo’lgani aniqlandi. Bu hodisa amerikaliklarning Xitoy haqidagi fikriga qanday ta’sir qilgani so’rov natijalarida aks etmagan. Biroq undan oldin so’ralganlarning 54 foizi Xitoy kiber xurujlarini jiddiy muammo, deya talqin qilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG