Breaking News

Musulmon mamlakatlarida Ramazon oyiga tayyorgarlik


Xalqaro hayot - 23-aprel, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:12 0:00

Misrda Ramazonga tayyorgarlik

Misr poytaxti Qohirada musulmonlar Ramazonga hozirlik ko’rish maqsadida shahar bozorlariga chiqqan. Aksariyat odam koronavirus Ramazonni ko’ngildagidek o’tkazishga imkon bermasligidan xavotirda.

Qohira, Misr
Qohira, Misr

Diniy vaqf vazirligi masjidlarda ommaviy iftorlarni man qildi.

Mamlakatda masjidlar yopilgan, tunda komendant soati amal qilmoqda.

Misrda salkam 100 million aholining deyarli 90 foizi musulmonlar.

Mamlakatda 3659 odam koronavirus yuqtirgan, o’lganlar 276 ta, sog’ayganlar 935 ta.

Ramazondan oldin Pokistonda narx-navo oshgan

Pokistonda koronavirus sabab bozorlarda oziq-ovqat qimmatlagan edi. Ramazon oyi boshlanishidan oldin narxlar yanada ko’tarilgan.

Karachi shahri tevaragida joylashgan yirik “Sabzi Mandi” meva va sabzavot bozorida odam gavjum. 13 yil oldin Karachi markazidan shahar chetiga ko’chirilgan bozorda odatda bir kunda 6,2 million dollarga savdo qilinadi.

Karachida masjid dezinfeksiyalanmoqda
Karachida masjid dezinfeksiyalanmoqda

Bu yerda banan sotuvchi Said Rasulning aytishicha, yangi koronavirus savdoni ancha tushirib yuborgan.

“Ancha zarar ko’ryapmiz, oldingidan ikki baravar kam mahsulot sotilyapti”, - deydi u.

Said Rasul ta’minot zanjirida uzilish bo’lgani uchun ta’minotchilar banan narxini oshirganini aytadi.

“Xom bananni yetkazish qimmatga tushyapti, men ham narxni oshirishga majburman, ammo bundan savdo zarar ko’ryapti”, - deydi u.

Pokistonda un, loviya, shakar, guruch va boshqa mahsulotlar narxi ham ko’tarilgan.

“Karantin qancha davom etishidan bexabar xalq buzilmaydigan mahsulotlarni keragidan ortiq g’amlab olgan”, - deydi sarmoya kompaniyasi tahlilchisi Samiulla Tariq.

Natijada hosil bo’lgan kamomad, deydi u, narxlarni ham oshirib yubordi.

Unga ko’ra, odamlarning qo’lida pul oz qolgan.

Mamlakatdagi xayriya tashkilotlari va ko’ngillilar Ramazondan oldin muhtojlarga oziq-ovqat tarqatyapti.

Mana bu masjidda yuzlab mahsulotlar qutilarga qadoqlangan.

“Qutilardagi oziq-ovqat miqdori oilada odam soniga qarab taqsimlangan”, - deydi ko’ngillilardan biri.

Pokistonda 212 milliondan ziyod aholi bo’lib, 96 foizini musulmonlar tashkil etadi.

Mamlakatda 10811 odam koronavirus yuqtirgan, o’lganlar 228 ta, sog’ayganlar 2337 ta.

Karantin Afg'onistonda qashshoq aholi turmushini yanada og'irlashtirdi

Pokistonga qo’shni Afg’onistonda ham aholi Ramazonga hozirlanmoqda. Mamlakatda COVID-19 kasalligiga salkam 1226 odam uchragan bo’lsa, 40 kishi hayotdan ko’z yumgan (sog'ayganlar 177 ta). Koronavirusni aniqlash uchun test tizimlari kam bo’lgani uchun kasallanganlar aslida ancha ko’proq ekani taxmin qilinmoqda.

Kobul, Afg'oniston
Kobul, Afg'oniston

Afg’onistonning aksariyat yirik shaharlari va jumladan poytaxt Kobulda karantin joriy etilgan, musulmonlarga masjidga chiqmasdan uyda ibodat qilish tayinlangan.

Afg’on Diniy ulamo kengashi a’zosi Azizulla Moflehning aytishicha, holsiz va bemorlarga og’izni erta ochishga ruxsat berilgan.

Yirik miqdordagi xalqaro yordamga qaramay, Afg’oniston dunyoning qashshoq mamlakatlaridan biri bo’lib qolmoqda.

Aholining yarmidan ko’pi qashshoqlik darajasidan past kun kechiradi, yaqinda may boshlarigacha uzaytirilgan karantin odamlar turmushini yanada qiyinlashtirdi.

Ba’zi xayriya tashkilotlari Kobulda karantin boshidan ishsiz qolgan odamlarga qopda un tarqatmoqda.

Afg’oniston aholisi 32 milliondan ziyod bo’lib, 99 foizidan ko’pi musulmonlar.

Ramazon arafasida G'arbiy Sohilda karantin yumshatilgan

Falastinda G’arbiy Sohilning Baytlahm shahri Ramazon oyi arafasida rangli chiroqlar bilan bezalgan. Koronavirusga qaramay, aholi bozorga otlangan.

Baytlahm, Falastin
Baytlahm, Falastin

Bosh vazir Muhammad Shtaye uyda o’tirish haqidagi choralarni yumshatishga ko’rsatma berdi. Unga ko’ra, korxonalar yarim quvvatda ishlashi mumkin.

“Farmatsevtika va oziq-ovqat korxonalari xavfsizlik choralariga amal qilish sharti bilan ochiladi”, - dedi u.

Bosh vazirga ko’ra, koronavirus qayd etilmagan rayonlarda kichik bizneslar ish boshlashi mumkin, restoranlar buyurtmaga ishlaydi.

Iordan daryosining g’arbiy sohilida 5-martdan beri karantin amal qilmoqda, odamlarga faqat oziq-ovqat xarid qilish va tibbiy yordam uchungina ko’chaga chiqish ruxsat berilgan. Shaharlaro qatnov to’xtatilgan.

Falastinda 480 odam koronavirus yuqtirgan bo’lsa, 4 kishi o’lgan (sog'ayganlar 82 ta). Kasallanganlarning aksariyati COVID-19 dan kattaroq zarar ko’rgan qo’shni Isroilda ishlab kelgani ma’lum.

Bosh vazir Isroilda ishlovchi falastinliklarning ishga chiqishini man qilgan, qoidabuzarlarga yirik jarima belgilangan.

Bosniyada Ramazondan oldin masjidlar dezinfeksiya qilindi

Yevropaning Bosniya va Gersegovina davlatida Ramazon oyidan oldin masjidlar dezinfeksiya qilindi.

Sarayevo, Bosniya
Sarayevo, Bosniya

Poytaxt Sarayevoda himoya vositalarini kiygan xizmatchilar Kobaniya masjidi ichi va tashqarisiga dezinfeksiyalovchi modda sepgan.

Shunga qaramay, bosniyalik musulmonlarga masjidga chiqmaslik buyurilgan. Besh kishidan ortiq odam to’planmasligi haqidagi ijtimoiy cheklov qoidasi bo’shashtirilmaguncha yoki butunlay bekor etilmaguncha masjidda faqat diniy rahbarlar va jamoatning oz sonli a’zolariga namoz o’qish ruxsat berilgan, xolos.

Yugoslaviyadan ajralib chiqqan bu mamlakatda 3,5 milliondan ziyod odam yashaydi, sunniy musulmonlar 38 fozini, shialar esa 13 fozini tashkil etadi.

Bosniyada 1413 odam koronavirusga uchragan, 54 kishi olgan, 485 ta bemor tuzalgan.

Indoneziyada Ramazon Hayitiga safarga chiqish taqiqlandi

Dunyodagi eng yirik musulmon mamlakati bo’lgan Indoneziyada Prezident Joko Vidodo aholiga Ramazon Hayitini nishonlash uchun boshqa shahar yoki orolga mehmonga borishni taqiqlovchi farmon imzoladi.

Jakarta, Indoneziya
Jakarta, Indoneziya

Sog’liqni saqlash mutasaddilarining ogohlantirishicha, qattiq choralar ko’rilmas ekan, Ramazondan so’ng bir milliondan ziyod odam koronavirus yuqtirishi mumkin.

Iydul-Fitrni nishonlash uchun ona shaharga yoki boshqa shahardagi qarindoshlarnikiga borish salkam 270 million aholi yashovchi Indoneziyada “mudik” deb nomlanadi.

Prezident Vidodo bungacha faqat davlat xizmatchilari, harbiylar, politsiyachilar va hukumat xodimlari, jami salkam 6 million odamga bu an’anaga rioya qilishni taqiqlagan edi. Biroq hukumat o’tkazgan so’rovda qatnashgan odamlarning 24 foizi bu yili ham “mudik”ka amal qilishini aytganidan so’ng prezident umummamlakat taqiq joriy etishga majbur bo’ldi.

O’tgan yili 33 millionga yaqin indoneziyalik hayitda ota-onasi va qarindoshlaridan xabar olgan.

Indoneziyada 7775 odam koronavirusga chalingan, o’lganlar - 647 ta, sog'ayganlar - 960 ta.

Iroqda Ramazondan oldin komendant soati qisqartirildi

Iroq hukumati Ramazon oyi arafasida 24 soatlik komendant soatini yumshatishga qaror qildi. Yangi qoidaga ko’ra, 21-apreldan 11-maygacha kech soat 7 dan sahar 6 gacha ko’chaga chiqish taqiqlanadi. Juma va shanba kunlari 24 soatlik cheklov amal qiladi.

Iroqda uchdan ortiq odamning to’planishi man qilingan, restoran va kafelarga buyurtma bilan ishlash ruxsat berilgan, xolos. Maktablar, universitetlar, sport majmualari, savdo markazlari va diniy dargohlar Ramazon oyida ham yopiq bo’ladi.

Bag'dod, Iroq
Bag'dod, Iroq

Xalqaro va viloyatlararo ichki qatnovlar bekor qilingan.

Komendant soatining yumshatilishiga sabab aholiga oziq-ovqat xarid qilishga imkon berish.

“Yong’oq, ziravorlar, bolalarimga ba’zi narsalar olish uchun bozorga keldim”, - deydi bag’dodliklardan biri.

Uning aytishicha, do’konlarda narx-navo oshgan.

Choy sotuvchi Muhammad Ali ismli odamning aytishicha, savdogarlar karantin paytidagi zararni qoplash uchun narxlarni oshirishga majbur bo’lgan.

"Karantin va to’liq komendant soati paytida hamma do’konlar yopiq edi”, - deya tushuntiradi u.

Hukumat Ramazon paytida cheklovlarni bir oz yumshatgan.

Iroqda 1631 kishi COVID-19 kasalligiga duchor bo’lgan bo’lsa, 83 kishi o’lgan, 1146 bemor sog'ayib ketgan.

Yaqin Sharqdagi bu mamlakatda 38 milliondan aholining 40 foizini sunniy, salkam 60 fozini shia musulmonlar tashkil etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG