Breaking News

Ekspertlar: Ikki trillion dollarlik yordam firibgarlikka ham yo’l ochadi


AQSh Kongressida koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga ta’sirini yumshatish uchun yaqinda 2,2 trillion dollarlik yordam paketi tasdiqlandi va Prezident Donald Tramp unga qo’l qo’ydi. Hukumat endi bu pulni tezroq millionlab bizneslar va fuqarolar qo’liga tutqazish harakatida.

Rekord darajadagi favqulodda ko’mak iqtisodiyotni barqarorlashtirish va ishidan ayrilgan millionlab odamlar uchun zarur deya olqishlanmoqda. Ammo tahlilchilar fikricha, mablag’ hajmi va uni taqsimlash tezligi misli ko’rilmagan firibgarlikka ham zamin yaratadi.

“20 milliard dollardan 60 milliard dollargacha pul boy berilsa ham ajablanmayman”, - deydi moliyaviy ekspert Berri Siklay.

“Xarajatlar sezilarli darajada oshganda, ko’plab odamlar bunday dasturdan foydalanib qolishga harakat qiladi”, - deya qo’shadi AQSh hukumatining audit idorasi vakili Govard Arp.

Biroq ekspertlarning qayd etishicha, hozirgacha Amerikada 4000 odamning hayotiga zomin bo’lgan virusga qarshi kurash ketayotgan, oilalar va bizneslarga shoshilinch yordam uzatilayotgan bir paytda, milliardlab dollar mablag’ firibgarlikka boy berilishi jiddiy ziyon emas.

“Bunday vaziyatda mukammallik yaxshilikning dushmani bo’la olmaydi”, - deydi Arp.

Hukumatning audit idorasi, Kongressga hisobot beruvchi organ, moliyaviy yordam taqsimlanishini nazorat qilishda muhim rol o’ynaydi.

2008-yilgi inqiroz

2008-yildagi moliyaviy inqiroz paytida Kongress kompaniyalar uchun 700 milliard dollar va iqtisodiyotni rag’batlantirish uchun 787 milliard dollar, jami 1,4 milliard dollar ajratgan edi.

Bu galgi ko’mak hajmi undan-da katta. Aksariyat amerikaliklarga 1200 dollar miqdorida to’g’ridan-to’g’ri to’lovlardan tashqari kichik bizneslar uchun 367 milliard dollarlik kredit dasturi, yirik korxonalar va mahalliy hukumatlar uchun esa 500 milliard dollarlik ko’mak fondi tashkil etilmoqda.

Kongressdagi muxolifatchi demokratlar avvaliga korporatsiyalarga madad ko’rsatishga qarshi chiqdi. Oq uy ssuda va sarmoyalarni tekshiruvchi bosh inspektor tayinlanishiga rozi bo’lgandan keyin demokratlar ko’ndi. Qonunga ko’ra, agar Tramp ma’muriyati muayyan ma’lumotni berishdan yoki hamkorlik qilishdan bosh tortsa, inspektor bu haqda Kongressni xabardor qiladi.

2008-yilgi ko’mak paketi natijasida AQShda firibgarlik, uy kreditini to’lay olmagan odamlarni aldab mol-mulkini tortib olish, pora olish holatlari avj olgan edi. O’shanda qamalgan 300 dan ortiq shaxslar orasida mahalliy rasmiylar va 76 nafar bankir, jumladan, kompaniya rahbarlari va moliyachilar ham bo’lgan.

O’sha paytdagi bosh inspektor olib borgan tekshiruvlar natijasida ayblanuvchilardan 11 milliard dollar qaytarib olingan.

Bu galgi jinoyatchilar va jinoyat turlari ham xilma-xil bo’lishi turgan gap, deydi ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG