Huquq faollari Xitoy hukumatini zulmda qoralab, Pekinni 1989-yilning 4-iyunida sodir etgan jinoyatlari uchun javob berishga chaqirmoqda.

Bu kabi talablar o'zini demokratik deb hisoblaydigan Gonkongda ham yangramoqda. Bu hudud ahli Pekindagi markaziy rahbariyatni uning boshqaruvini yakkahokimlik tomon o'zgartirishga urinayotganlikda ayblaydi. Uzoq davr Britaniya hukmi ostida yashagan Gonkong 1997-yilda Xitoyga qaytarilgan.

28 yil oldin esa Pekinning Tiananmen maydonida hukumatga qarshi keng ko'lamli chiqishlar kuch bilan bostirilgan. Yuzlab namoyishchilar, demokratiya tarafdorlari, o'qqa tutilgan. Minglab odamlar o'ldirilgani da'vo qilinadi.

Hukumat bu voqeani fojia deb eslasa-da, qancha odam halok bo'lgani haqida lom-mim demaydi va mavzuni muhokama qilish man etilgan.

Bu kun Xitoyning o'zida rasman xotirlanmaydi lekin o'sha ayanchli damlar ko'plab xitoylarning yodida.

Gonkongda xotira marosimlari
Gonkongda xotira marosimlari

1989-yildan keyin tug'ilganlar Tiananmen maydonidagi qonli kun haqida bilmasligi tabiiy, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan xitoylar. Chunki bu haqda ular hech yerda o'qimaydi yoki tanishish uchun imkoniyati cheklangan.

Xorijga chiqqanida yoki ingliz tilini bilsa, internetdan bilishi mumkin.

Erkin yashashga o'rgangan Gonkong aholisi Tiananmenni har dam yodga oladi va qurbonlarni unutmaslik kerak, deb keladi.

1-iyulda Gonkong Xitoyga qaytarilganiga 20 yil to'ladi. Shu bois va Tiananmen fojiasining 28 yilligi munosabati bilan har kuni turli tadbirlar o'tmoqda. Minglab odamlar qatnashmoqda.

Tiananmen maydoni, Pekin, 4-iyun, 2017
Tiananmen maydoni, Pekin, 4-iyun, 2017

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti Pekinni Tiananmen qatliomini tan olib, jamoatchilikka bu borada erkin gapirishga ruxsat berishga undamoqda. Odamlar qamoqdagi yuzlab faollar taqdiri haqida ham gapira olsin, deyiladi HRW bayonotida.

“Prezident Shi Zinpin oshkoralik haqida xalqaro sahnalardan turib bong urganida, o'zi boshliq hukumat Tiananmen qatliomini yopib, sukut saqlab, bu haqda og'iz ochganlarni ta'qib olib, adolatsiz va razil siyosat yuritib keladi", - deydi Sofi Richardson, HRW Xitoy bo'limi rahbari.

"Zulmga asoslangan siyosat o'zgarmas ekan, Pekinga ishonch va hurmat past".

Bugungi Tiananmen maydoni
Bugungi Tiananmen maydoni

Tiananmen maydonida namoyish qilganlar so'z va matbuot erkinligi, shuningdek, korrupsiyaga qarshi choralar talab qilgan.

Bunga javoban esa hukumat ularga qarshi harby kuch safarbar etgan. 1989-yilning 3-4 iyun kunlari Pekin ko'chalarida norasida odamlarning qoni oqqan va ularni hukumat to'kkan, deya eslaydi guvohlar.

Hukumat haqiqatni yopishga qanchalik urinmasin, bu voqea haqida har kuni yangidan yangi ma'lumotlar sizib chiqadi va odamlar bu mavzuni muhokama qilishdan to'xtamaydi. Muhimi, deydi xitoylar, bu haqda butun olam biladi va unutmasligi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG