Breaking News

Tramp: Jurnalist o'ldirilgan bo'lsa, Saudiya Arabistoni qattiq jazolanadi


AQSh Prezidenti Donland Tramp Oq uyda

AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, agar saudiyaliklar jurnalist Jamol Xoshuqjini Turkiyadagi konsullikda o'ldirgani aniqlansa, Saudiya Arabistonini "qattiq jazo" kutmoqda.

"Biz buning tagiga yetamiz va jazo qattiq bo'ladi", - dedi prezident "CBS" telekanaliga bergan intervyusida.

Qirollik bilan biznes aloqalari haqida maqtanishni xush ko'ruvchi Tramp Saudiya Arabistoniga qurol sotishni to'xtatish jazo choralaridan biri bo'lmasligini ta'kidladi. Chunki ish o'rinlariga zarar yetkazishni xohlamayman, dedi u.

Saudiyalik jurnalist Jamol Xoshuqjining g'oyib bo'lishiga qarshi o'tkazilgan namoyish, Istanbul, Turkiya, 9-oktabr, 2018-yil.
Saudiyalik jurnalist Jamol Xoshuqjining g'oyib bo'lishiga qarshi o'tkazilgan namoyish, Istanbul, Turkiya, 9-oktabr, 2018-yil.

Matbuotda tarqalgan ma'lumotga ko'ra, Xoshuqji o'zining o'ldirilganini qo'lidagi "Apple" soatiga yozib olgan bo'lishi mumkin.

U uylanishi uchun kerak bo'ladigan hujjatni olish maqsadida konsullikka kirganda soatning ovoz yozish funksiyasini yoqib qo'ygan, deyiladi xabarlarda. Soat esa "iCloud" fayllarni saqlash xizmatiga va tashqarida qaylig'ining qo'lida qolgan telefoniga ulangan bo'lgan. Qaylig'i jurnalistning chiqishini uzoq kutgan, ammo u qaytib chiqmagan.

Turkiya matbuotining yozishicha, soat nafaqat Xoshuqjining so'roq qilinishi va qiynoqqa tutilishini, balki o'ldirilishini ham yozib olgan.

AQShda doimiy yashash huquqiga ega jurnalist "Vashington Post" nashri uchun Saudiya Arabistonini tanqid qiluvchi maqolalar yozib kelgan.

Konsullik tashqarisidagi videokamerada jurnalistning binoga kirib ketayotgani aks etgan surat, Istanbul, Turkiya, 2-oktabr, 2018-yil.
Konsullik tashqarisidagi videokamerada jurnalistning binoga kirib ketayotgani aks etgan surat, Istanbul, Turkiya, 2-oktabr, 2018-yil.

"Vashington Post" nashriga ko'ra, Turkiya hukumati jurnalistning o'ldirilganini isbotlovchi videoyozuvlar borligi haqida AQSh rasmiylarini xabardor qilgan.

Saudiya Arabistoni Xoshuqjining konsullikni tark etganini va uning g'oyib bo'lishiga hech qanday aloqasi yo'qligini aytmoqda.

Jurnalist Saudiya konsulligi ichida o'ldirilgani haqidagi gaplar "yolg'on va asossiz da'volar", dedi mamlakat Ichki ishlar vaziri shahzoda Abdul Aziz bin Saud.

Xoshuqji konsullikka kirib ketgan kuni maxsus reys orqali Saudiya Arabistonidan 15 odam uchib kelgan. Ular konsullik binosida bir necha soat vaqt o'tkazib, so'ng Saudiya Arabistoniga qayta uchib ketgani aytilmoqda.

Turkiya hukumati bu odamlarning shaxsini aniqlashga urinmoqda.

Turkiyaning rasmiy Onado'li axborot agentligi va "Sabah" gazetasi tarqatgan ma'lumotga ko'ra, 15 kishilik guruhning aniqlangan bir a'zosi Saloh Muhammad al-Tubayqiy bo'lib, u Saudiya Ichki ishlar vazirligida Sud tibbiy-ekspertiza bo'limi rahbari bo'lib ishlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG