Breaking News

Kurort zonalari viza cheklovlari sabab ishchi yollashga qiynalmoqda


Kolorado shtati

Milagros Sotelo qish mavsumida Ober Gatlinburg tog’-chang’i kurortida ish boshlash uchun Janubiy Amerikadan Tennessi shtatiga borishni orziqib kutayotgan edi. 22 yoshli talaba o’tgan ikki yil ushbu kurortning ijara do’konida ishlagan. Bu gal ham AQShdagi do’stlari bilan bog’lanish, ingliz tilidan bilimini yaxshilash istagida edi. Sotelo Peruda yashaydi.

Ammo 22-iyunda Prezident Donald Tramp xorijiy ishchi vizalarini, jumladan, yozgi ta’tilda Janubiy Amerikadan AQShga keladigan talabalarga beriladigan J-1 viza turini farmon bilan vaqtincha taqiqladi. Sotelo endi boshqa joydan ish qidirishga majbur.

Pandemiya paytida qanday ish olib borish haqida bosh qotirayotgan tog’-chang’i kurortlari uchun Tramp farmoni yana bir muammo yaratmoqda: kanat yo’lini boshqarish, ofitsiantlik qilish va mehmonxonalarni tozalash uchun yetarlicha vaqtinchalik ishchi topish kerak.

Tramp o'z qarorini xorijliklar amerikaliklardan ish o’rinlarini tortib olishi bilan izohlagan.

“Amerikaliklar chet ellik ishchilar bilan, jumladan, vaqtincha ishlash uchun AQShga kiradigan millionlab muhojirlar bilan, iqtisodiyotimizning har bir sektorida raqobatlashadi”, - deyiladi 2020-yil oxirigacha amal qiluvchi farmon matnida.

Perulik Milagros Soteloga ko’ra, ish joylari hammaga yetarli, ayniqsa chang’i kurort zonalarida. Soha mutaxassislari ham shuni ta’kidlamoqda. Ularning aytishicha, Trampning buyrug’i bilan ham mavsumuy ish o’rinlarini mahalliy darajada to’ldirish qiyin.

“Chunki aksar amerikaliklar hatto COVID davrida ham doimiy ish xohlaydi, vaqtinchalik emas”, - deydi Tog’-chang’i zonalari uyushmasi vakili Deyv Berd.

Unga ko’ra, J-1 vizasini olgan 7000-8000 kishi har yili qish mavsumida AQShdagi 470 chang’i kurortlarida ishlaydi. Yana bir taqiqlangan viza turi – H-2B orqali AQShdagi dam olish maskanlariga yana 1000-2000 ishchi keladi. Chet ellik ishchilar shu tariqa chag’i kurortlaridagi xizmatchilarning 5-10 foizini tashkil etadi.

Uyushma tahliliga ko’ra, AQShdagi tog’-chang’i kurortlarining 200 dan oshig’i 2019-2020 yillarda ish o’rinlarini to’ldira olmagan. Dam olish maskanlarining 27 foizida ishchilar yetishmovchiligi kuzatilgan.

Mavsumiy ishlarda tibbiy sug’urta va pensiya fondlari taklif etilmagani sababli, deydi Berd, amerikaliklarni bunday ishlarga jalb qilish qiyin.

Tennessi shtatidagi Ober Gatlinburg tog’-chang’i zonasi sentabr-oktabr oylarini Braziliya, Peru va Dominikan respublikasidan talabalarni yollashga sarflaydi. Bu yili odatda chet ellik ishchilarga ajratiladigan 150 o’rinni to’ldirish qiyin bo’lishi mumkin.

Tog’-chang’i zonalari uyushmasi ma’lumotiga ko’ra, o’tgan qish mavsumida Tennessi, Pensilvaniya, G’arbiy Virjiniya, Virjiniya va Shimoliy Karolinani o’z ichiga olgan hududdagi kurortlarda o’rtacha 85 ish o’rni bo’sh qolgan. Buning sababi – ular olis maskanlarda joylashgani.

“Ko’p yillardan beri shunday, lekin hozir masala dolzarblashdi”, - deydi Ober Gatlinburg kadrlar bo’limi xodimi Jerri Haski.

Tramp qarori kuchda qolsa, deydi u, odatda 500 ishchiga ega ushbu kurort ish soatlarini qisqartirishi va restoranlarini yopishi mumkin.

Haski J-1 vizasi orqali xorijiy ishchilarni 1990-yillarda, amerikaliklar xodimlarni topish qiyinlashgan bir paytda, boshlagan. Kurortda avvaliga 10-15 xorijlik ishlar edi, ular soni har mavsumda ko’payib boraverdi.

“Bu madaniy almashinuv nuqtai nazardan ham yaxshi. Ular Amerikada nima bo’layotganini ko’rishni istaydi. Hozir esa ular kela olmayapti, biz taklif ham qila olmayapmiz”, - deydi Haski.

Tog’-chang’i zonalari uyushmasi va kurortlar rahbariyati Tramp farmonini bekor qilishga qaratilgan sud ishlarini yaqindan kuzatmoqda. Poytaxt Vashington va Kaliforniya shtatidagi sudlar shikoyat arizalarini ko’rib chiqyapti. Vashington sudi J-1 va H-2B vizalariga qo’yilgan cheklovni kuchda qoldirdi. Kaliforniya sudi hali qarorini e’lon qilmagan.

“Bu albatta birinchi to’siq. Mamlakatlar karantinni ham bekor qilishi, so’ng ishchilar virusga qaramasdan bu yerga kelishini kutamiz. Bir qancha to’siqlardan o’tishga to’g’ri keladi”, - deydi Haski.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG