Breaking News

Michigan shtati Flint shahrida 2016-yil boshida ichimlik suvi qo’rg’oshin bilan ifloslangani tufayli favqulodda holat e’lon qilingan edi. Endilikda rasmiylar suv iste’molga yaroqli deyishiga qaramasdan, aholi hamon xavotirda.

"Zaharlangan shahar" suvi hamon yaroqsiz
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:11 0:00

“Dushdan tezroq chiqib ketsam deb shoshaman”, - deydi flintlik Sinser Smit.

To’rt yoshli Sinser Smitning "Time" jurnali muqovasida chiqqan surati Flint shahri suv inqirozi timsoliga aylangan edi. Bolaning chandiqli yuzi tasviri bilan chiqqan maqola “Amerika shahrining zaharlanishi” deb nomlangan. Oradan shuncha vaqt o’tgan bo’lsa-da, Sinserning onasi Ariana Xok hamon bolalarini cho’miltirish uchun vodoprovod suvini ishlatmaydi, qadoqlangan suv tashiydi.

Flint shahri suv inqirozini bartaraf etish uchun 100 kilometr naridagi Detroit shahridan suv keltirish yo’lga qo’yilgan. Yaqinda Michigan shtati vodoprovod suvi iste’molga yaroqli ekanini e’lon qildi. Biroq jumraklarga suv tozalovchi maxsus filter o’rnatilishi shart. Chunki qo’rg’oshindan zarar ko’rgan quvurlarning hammasi ham almashtirilgani yo’q.

“Gubernator Snayder filterlangan suvni ichsak bo’ladi deyapti, lekin bu suv ham yaroqsiz”, - deydi Ariana Xok.

Flint hokimiyati aholiga qadoqlangan ichimlik suvini tekin tarqatishni yo’lga qo’ygan. Ariana har kuni uyiga suv tashiydi. Aholining katta qismi Flint suvi iste’molga yaroqli ekaniga ishonmaydi.

“Mutaxassis xulosasiga ham ishonmaydiganlar bor”, - deydi shahar sog’liqni saqlash departamentidan Sheril Tomson.

“Quvurlarimni almashtirdim, lekin suv o'sha-o'sha, toza emas”, - deydi flintlik Klades Biyel.

Homiladorlar va 21 yoshgacha bo’lganlar uchun maxsus sog’liq sug’urtasi joriy etilgan. Xarajatlar davlat byudjetidan. Hozirgacha suvdan zaharlanish oqibatlarini bartaraf etishning aniq yechimi topilgani yoq.

“Farzandlarimizning aqliy qobiliyati tushib ketishidan, e’tiborini jamlay olmaslik va miya hujayralariga zarar yetishidan xavotirdamiz. To’g’ri oziqlanish, mutaxassis maslahati, himoya yo’llarini o’rganish yordam berishi mumkin”, - deydi Jorj Vashington universitetidan doktor De-Nikola.

Flint shahri o’z aholisiga yordam ko’rsatishdan tongani yo’q. Oziq-ovqat tarqatilmoqda, quvurlar yangilanyapti. Milliy boyliklarni himoya qilish kengashi sudga da'vo qilishi ortidan ajratilgan 97 million dollarlik mablag' quvurlarni ta'mirlashga sarflanmoqda.

“Ajratilgan mablag’dan samarali foydalanish rejasini tuzyapmiz. Qiladigan ish ko’p, lekin boshlanishi yomon emas”, - deydi kengash a’zosi Dipml Chaudari.

“Shtat ham mas'uliyatni his qilishi, ommaviy ta’mirlash ishlarida bizga hamnafas bo’lishi, Federal hukumat ham mamlakat bo’ylab infrastrukturani yaxshilash haqida o’ylashi kerak”, - deydi Flint shahar kengashi a'zosi Erik Meys.

Aholi hamon toza ichimlik suvi uchun kurashda.

“Bunday et’iborsizlik xalq, ayniqsa, bolalar uchun adolatsizlik”, - deydi Ariana Xok.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG