Breaking News

Olimpiada Braziliyada iqtisodiy va siyosiy vaziyat og'ir paytda o'tmoqda


Olimpiada va qashshoqlik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00

Rio-de-Janeyro shahridan Olimpiya o'yinlari aks etgan go'zal suratlar kelmoqda. Ammo bu manzara ortida iqtisodiy va siyosiy inqirozga yuz tutgan Braziliya turibdi. Oddiy aholi, ayniqsa, Rio atrofidagi kulbalarda yashovchi qashshoqlar eng ko'p aziyat chekmoqda.

Huberta Sousa hayotining aksar qismini Kopakabana plyajida ijaraga kursi berish bilan o'tkazgan. 2010-yil oktabrda u o'zi tug'ilib o'sgan Kantagalo mahallasida bar ochishga qaror qildi.

"Har doim o'z ishim bo'lishini xohlaganman. Chunki dangasaman, tepamda xo'jayin turishini yoqtirmayman. Xohlagan paytim ishlashni, birovga emas, o'zim uchun pul topishni istayman", - deydi u.

"Qirol" laqabiga ega bu yigit nihoyat "Qirolning qal'asi" degan qahvaxona ochishga qaror qildi.

2010-yil Braziliya tarixida o'ziga xos palla edi. Iqtisodiyot gurkirab o'sib, ko'plab braziliyaliklar qashshoqlikdan o'rta qatlamga chiqib olgan edi. 2003-yildan 2013-yilgacha o'rtacha daromad 87 foizga o'sdi. Ammo bu uzoqqa cho'zilmadi.

"Yaxshi paytlarda o'rta qatlam odamlari qashshoqlar yashaydigan mahallalarga kelib turardi. Ammo 2014-yildan boshlab bu o'zgardi. Odamlar pulimiz yo'q, deb ayta boshladi", - deydi bar egasi Sousa.

Braziliya iqtisodiyoti to'siqqa urildi. Ayrimlar bunda davlat qarzi oshib, xarajatlari kamayganini ayblaydi. Boshqalar esa sababni xarajatlar, iste'mol va sarmoyaning ozayishiga bog'laydi.

Iqtisodchi Rodrigo Magalhayesning aytishicha, eng ko'p aziyat chekkanlar o'rta qatlamga endi qo'shligan braziliyaliklar bo'ldi.

"Turg'unlik boshlangach, bu odamlarnng umidi uzildi. Chunki ular oxirgi 10 yilda vaziyat yaxshilanayotganini ko'rgan edi. Birdaniga hammasi quladi", - deydi u.

Maktab va kasalxona kabi davlatga qarashli tashkilotlar ham jiddiy zarar ko'rdi. Riodagi maktablardan biriga hatto "Qiyinchilik endi boshlandi", deb yozib qo'yishdi.

Fabiola Kamargo kabi ko'plab o'qituvchilar ish tashlashda qatnashmoqda. O'quvchilar esa maktablarda namoyish o'tkazmoqda.

"2014-yildan beri maoshimizni oshirishgani yo'q. Biz namoyish qilayotganimizning sababi shundaki, barchamiz ta'lim tizimi yaxshilanishini xohlaymiz. Federal hukumat va Rio shahri ta'limga sarmoya kiritishni istamayotganga o'xshaydi", - deydi u.

Shaharlarda ishsizlik sakkiz foizga yaqinlashgan. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti bu yil yana ikki foizga qisqarishi kutilyapti. Iqtisodchilar vaziyat tez orada yaxshilanishidan umid qilayotgani yo'q. Kantagalo mahallasidan go'zal okeanni tomosha qilish mumkin, ammo ular oldida porloq kelajak ko'rinmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG