Yarim milliondan ortiq Rohinja qochoqlari hanuz yordamga muhtoj

  • Amerika Ovozi

Rohinja musulmonlarining ommaviy qochqinlikka yuz tutganiga yarim yil bo'lyapti. 650 mingdan ortiq qochoq hanuz bevatan.

So'nggi to'rt oy ichida 650 mingdan ziyod rohinjalik musulmon Myanma harbiylari zo'ravonligidan qochib uy-joyini tashlab ketdi.

Ularni boshpana va oziq-ovqat bilan ta'minlash oson kechmayapti: uzoq navbat kutishlar hanuz mavjud. Katta oilalar to'yib ovqat yemaydi.

"Bizga 10-12 kg guruch berishadi, lekin bu yetmaydi. Har oy shuncha miqdorda berishadi. Hech qachon bundan ko'p guruch olmaganman", - deydi Fotima Nur ismli ona.

Jahon Oziq-ovqat dasturi 185 ming oilaga 20 ming tonnadan ortiq guruch yetkazib berdi. Bu yetarli emasligini rasmiylar tan oladi.

"Biz oilalarga, oilaning hajmiga alohida e'tibor qaratyapmiz. Sakkiz kishidan ko'plarga ikki barobar beramiz. Odamlarning shikoyatlariga e'tibor qaratishimiz kerak", - deydi dastur rasmiysi Shelli Takral.

"Chegara bilmas shifokorlar" o'tkazgan so'rovga ko'ra, Myanmadagi zo'ravonliklarda kamida 6700 rohinjalik o'ldirilgan. Noyabr oyida 40 dan ortiq qishloq vayron qilingan. Bunday qishloqlar soni jami 354 taga yetdi.

Yuz bergan vahshiyliklar haqida dalillar yetarli. Bunga shak-shubha qiladiganlar kam.

"Akalari, opalari, ota-onalari ko'z oldilarida o'ldirilgan, zo'rlangan. Buni esdan chiqarish oson emas. Shu bois ular normal hayotga tez qayta olishmaydi", - deydi ko'ngilli yordamchilardan biri.

Dekabr oyidagi holatga ko'ra, lagerlarda jon saqlayotganlar soni 860 mingga yaqinlashgan. Muhamid Amir kabi qochoqlar yaqin orada uylariga qaytish niyatida emas.

"Huquqlarimiz tiklanmasa, Myanmaga osonlikcha qaytmaymiz. Agar borsak, bizni so'yishadi, o'ldirishadi, otishadi. Shuning uchun qaytmaymiz", - deydi u.

Myanma hukumati ro'y bergan zo'ravonliklarni inkor etib keladi. Musulmon qochqinlarning qachon o'z uylariga qaytishi hali ma'lum emas. Qochoqlar lagerlaridagi gumanitar inqiroz 2018-yil ham davom etishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG