Myanma yana AQSh sanksiyalariga yo'liqishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Minglab rohinja musulmonlari Myanma, sobiq Birmadan bosh olib ketmoqda. Qo’shni Bangladeshda boshpana topganlar bir millionga yaqinlashgan. AQSh Kongressi Myanma hukumatiga bosim o’tkazish, xususan sanksiya qo’yish masalasini muhokama qilmoqda.

Myanmadan kelayotgan xabarlar dahshatli. Minglar o’ldirilgan, zo’rlangan, uylariga o’t qo’yilgan. AQSh qonunchilari xabardor.

“Agar azob-uqubat ro’y berayotgan joylarga xalqaro kuzatuvchilarni kiritishmasa, Amerika nega bu hukumatga yordamni davom ettirishi kerak?”, - deydi demokrat senator Dik Durbin.

U Myanmadagi voqealarni qoralovchi rezolyutsiya loyihasi bilan chiqdi.

“Rezolyutsiya ovozdan o’tishini kutib o’tirmaymiz. Bizga natija kerak. Au San Su Chi hukumatiga tinimsiz murojaat qilayapmiz”, - deydi Durbin.

Respublikachilar sardori Mitch Makkonel fikricha, bosim AQSh xohlagan natijani bermasligi mumkin.

“Bunday rezolyutsiya tarafdori emasman. Chunki Birmaning harbiy diktaturadan demokratiya tomon qadam qo’yishini istasak, umidimiz Au San Su Chidan”, - deydi Makkonel.

Kongress shunday yo’l tutmoqchiki, Myanmaning demokratik institutlariga ziyon yetmasin. Ammo qurolli kuchlari sanksiyaga uchrashi mumkin.

“Kongressmen va senatorlar bilan bu mavzuda muloqot qilayapmiz”, deydi Simon Bileness, rohinjaliklar huquqini himoya qilayotgan tashkilot rahbari. Myanma qo’mondonlari va ularning bizneslariga sanksiya qo’yish lozim, deydi u.

Obama prezidentligi davrida Myanmada qazib chiqarilgan qimmatbaho toshlar savdosiga taqiq bekor qilingan edi. Uni qayta tiklasa bo’ladi. Armiyani moliyadan ayirish kerak, deydi AQSh musulmon yetakchilari.

“Qo’shma Shtatlar Myanma qurolli kuchlariga yordam dasturlarini butunlay to’xtatsin. Ular bilan savdo-sotiq, mahsulotlarini reklama qilmaylik”, - deydi Amerika-Islom kengashidan Amina Safiy.

Vashingtonda siyosiy mojarolar tinmaydi. Uzoq bir o’lkadagi krizisga jiddiy e’tibor berilarmikan?

Kongressmen Kris Smit fikricha, Prezident Tramp ham, Davlat kotibi Tillerson ham Myanmadagi vaziyatdan xabardor va albatta chora ko’riladi.

Senator Dik Durbin deydiki, Birmada musulmon aholi ta’qib qilinayotgani shubhasiz. Qo’shma Shtatlar bunga jim qarab tura olmaydi.

BMT allaqachon etnik qirg’in haqida ogohlantirgan. Tramp ma’muriyati ham bu xulosaga qo’shilishi va Birma harbiylariga qarshi sanksiya qo’yishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG