Breaking News

Amerikaliklar Rossiyadan bola boqib ololmaydi, nega?


Amerikalik oila asrab olgan rus qizlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:54 0:00

Amerikalik oilalar 2013-yildan beri Rossiyadan bola boqib ololmaydi. Qo’shma Shtatlar huquqbuzarlikda gumon qilingan rossiyalik mansabdor shaxslarga sanksiya qo’ygach, Kreml shunday qaror qabul qilgan edi. Bu haligacha Vashington-Kreml orasidagi eng chigal masalalardan.

Amerikalik oilalar 20 yil mobaynida o’n minglab rossiyalik bolalarni o’z bag’riga olgan, ammo besh yil oldin Moskva bu amaliyotni taqiqlab qo’ydi. Chet eldan bola asrab olish o’zi murakkab jarayon, lekin yaxshi oilalarga tushganlar ko’p. Masalan, rossiyalik mana bu opa-singillar.

“Meni asrab olgan oiladan toabad minnatdorman”, - deydi Liliya.

U va opasi Polina bundan 16 yil oldin Smolenks shahridan Pensilvaniya shtatiga kelishdi. “World Links” degan tashkilotning maxsus dasturi bor. Yoshi kattaroq bolalarni yozda Amerikaga olib kelib, oilalarga joylashtiradi. Maqsad ularga doimiy uy-joy topish. Opa-singil shu tariqa AQShda qoldi.

Polina va Liliyani pensilvaniyalik oila asrab oldi. Boshida qiyin bo’ldi, deydi ular.

“Ingliz tilini bilmasdan maktabga qatnay boshladik. Sinfdagi bolalar bilan muloqot qila olmasdik. Ingliz tili kurslariga yozildik. Uyda har kuni inglizcha filmlar, musiqa. Onamiz faqat o’z xonamizda rus tilida gaplashishga ruxsat berardi. Biror so’zni bilmasak, borib lug’atdan qaragin, deb undagan”, - deydi Polina.

15 yil o’tib, qiyinchiliklarni tabassum bilan eslashadi.

“Kollejga kirish uchun o’qidik, qattiq mehnat qildik. Diplom bilan ish topdik. Uncha qiyin emas. Boshida biroz chidash kerak”.

Polina yuridik firmada ishlaydi. Liliya esa ularni AQShga olib kelgan tashkilotda ish topdi. Ukraina, Latviya, Litva va Qirg’izistondagi yetim bolalarni oilalar bilan bog’laydi. Bu ishni tushunadi.

“Oilalardan nima sababdan farzand boqib olayapsiz, deb so’rayman. Ko’plari muhabbatga to’la ekanliklarini, muhtoj bolalarga g’amxo’rlik qilish uchun yetarli sharoiti borligini aytadi”, - deydi Liliya.

Opa-singillar Rossiyadagi hayoti haqida gapirishni yoqtirmaydi. Ularning onasi hibsga olingach, qizlarni internatga jo’natishgan.

“Qo’rqinchli joy edi”, - deydi Polina.

“Bolalar uyida sharoitni yaxshilasa bo’ladi, lekin hamma biladiki, bola u yerda butun hayotini o’tkazmaydi. 18 yoshida chiqib ketadi. Dunyodagi har bir bolaga oilaviy muhit zarur”, - deydi Liliya.

Ana shunday g’amxo’r oilalarni topishda Liliyaning o’zi ham ko’maklashyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG