Tramp farmoni chet eldan bola asrab olishni qiyinlashtirdi

  • Amerika Ovozi

Bolalar uyi, Ukraina

Gavayi sudi olti davlat fuqarolarining Amerikaga kelib-ketishiga doir ayrim cheklovlarni bekor qildi. Prezident Donald Tramp Oq uyga kelishi bilan immigratsiyani cheklashga doir farmon imzolagan edi. Uning ayrim bandlari kuchga kirgani amerikalik ota-onalarga chet eldan bola asrab olishni qiyinlashtirmoqda.

Bolaning xonasi tayyor, uni kutishmoqda.

“Lekin vaziyat noaniq. Bolalar qachon kelishini bilmaymiz”, - deydi Kishel Koulman. U Lyuteran cherkovi qoshida ijtimoiy xizmatlar uchun mas’ul. Tashkilot qochoq bolalarni Amerikadagi oilalar bilan bog’laydi.

“Millionlab muhtoj bolalarga imkoniyat berish kerak. Ota-ona qo’ynida, sog’lom, to’qchilikda o’sib ulg’aysin”, - deydi Ayren Stivenson, bola asrab olish uchun barcha hujjatlarga ega amerikalik. Somalidan bir qizni boqib olish uchun xonani ham tayyorlab qo’ydi.

“Qochqinlar - bor-butidan ayrilgan insonlar. Shunday ahvolda qolgani uchun ham Amerikaga qochqin bo’lib kelishadi. Hayot osoyishta bo’lsa, kelishmagan bo’lardi”, - deydi u.

Ayren Stivensonga o’xshagan amerikaliklar Tramp ma’muriyati joriy etgan yangi cheklovlar qochqinlarga ham tegishli ekani sabab mavhum bir ahvolda.

“Bu masalada qariyb 100 kishi bilan maslahatlashdik. Nima bo’layotganini hech kim bilmaydi”, - deydi Jo Ralbovskiy, yana bir amerikalik.

Bir sababi shuki, Tramp imzolagan farmonda Amerikadan boshpana olgan qochqinlarning yaqin qarindoshlari deganda, kim nazarda tutilishi aniq emas.

“Hukumatning xatti-harakatlarini tushunishga harakat qilayotgan fuqarolarmiz. Qaysi idoraga murojaat qilmaylik, yuqoridan aniqroq ko’rsatma kutayapmiz, deyishadi”, - deydi Karissa Ralbovskiy.

AQSh Davlat departamenti ham, Qochqinlar idorasi ham “Amerika Ovozi”ga izoh berishdan bosh tortdi. Bolalarini kutayotgan ota-onalar uchun bular hammasi keraksiz byurokratiya, qog’ozbozlik.

“Qizimning xonasi tayyor. Derazalarga hozircha jalyuzi osilgan. Qaysi rangda parda olishni uning o’zi bilan gaplashmoqchiman”, - deydi Ayren Stivenson.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG