Breaking News

Moskva Kobulga: Tolibon bilan hamkorlik tinchlikka yetaklaydi


Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Nikolay Patrushev
Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Nikolay Patrushev

Afg'oniston va Rossiyaning xavfsizlik bo'yicha yetakchi rasmiylari Moskvada muloqot qilgan. Kremlning Kobulga maslahati shuki, Tolibon bilan murosa qilmoq zarur, aks holda Afg'onistonda tinchlik bo'lmaydi.

Kobul Rossiyaning Tolibon bilan aloqada ekanidan norozi. Afg'on hukumati nazarida Kreml bu mamlakat ichki ishlariga bosh suqib, vaziyatdan o'z ta'sirini oshirish uchun foydalanmoqda. Rossiya jangarilarni, turli qurolli guruhlarni zimdan moliyalayotgan bo'lishi mumkin, deydi afg'on rasmiylari. Qabilaviy rahbarlar ruslardan madad so'rab keladi.

Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Nikolay Patrushev Afg'oniston rahbarining Davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchisi Hanif Atmar bilan gaplashar ekan, Moskvaning ezgu maqsadi notinch mamlakatga barqarorlik kelishi uchun hissa qo'shish, degan Patrushev.

“Biz Tolibon bilan muloqot qilib, uni Afg'oniston hukumati bilan muzokara qilishga ko'ndirishga harakat qilayapmiz", - degan Kreml rasmiysi Kobul vakiliga.

Bu gapni Hanif Atmarning matbuot kotibi Tavob G'orzang tasdiqladi.

Kobul Moskvadan bu borada eshitganidan mamnun. Ikki davlat qoradori savdosiga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olgan.

Hanif Atmar, Afg'oniston rahbarining Davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchisi
Hanif Atmar, Afg'oniston rahbarining Davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchisi

Rossiya pozitsiyasi shuki, Afg'onistondagi ekstremist kuchlar, terror guruhlari Markaziy Osiyo chegaralariga yaqinlashib, xavf solmoqda. Tojikiston bilan chegarada Rossiya kuchlari xizmat qiladi. Markaziy Osiyo tinchligiga tahdid Rossiya manfaatlariga tahdiddir, deya bildiradi Kreml.

Afg'oniston hukumati esa mamlakatda terrorizm xavfi bir necha karra kamayganini da'vo qiladi. "Islomiy davlat"ni AQSh havo kuchlari nishonga olib, yer tishlatgan, hozirda juda oz sonda qolgan, deydi rasmiylar. Xavfsizlik organlari "Islomiy davlat"ga qarshi operatsiyalarni davom ettirmoqda.

Biroq o'tgan kunlar mobaynida Tolibon qator xurujlarni amalga oshirdi.

Xost viloyatida bir askar o'ldirilgan, 13 kishi yaralangan.

Nangarhor viloyatida ham bir kishi Tolibon tomonidan yo'q qilingan, bir necha kishi jarohatlangan. Bu hududda afg'on va amerikalik zobitlar olib borgan amaliyotlarda 40 jangari ushlangan. Hammasi "Islomiy davlat" odamlari, deydi harbiylar.

Qunduz va Bag'londa terrorchilar yonilg'i tankerlariga o't qo'ygan, natijada minglab aholining hayoti xavf ostida qolgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG