Breaking News

Rossiyaga qarshi sanksiyalar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga zarbami?


Arxiv surat: Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining Moskvadagi sammiti, 23-dekabr, 2014-yil
Arxiv surat: Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining Moskvadagi sammiti, 23-dekabr, 2014-yil

Ukrainadagi voqealar sabab Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi loyihasi sekinlashgan. Ittifoqning asosiy homiysi Rossiya xalqaro sanksiyalar bois iqtisodiy inqiroz bilan yuzlashmoqda. Bunday sharoitda ittifoqning istiqboli qanday? Vashingtonda shu mavzuda davra suhbati bo’lib o’tdi.

Vashingtondagi tadbirda fikr bildirgan tahlilchilar nazarida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi hozircha qog’ozda, xolos, aslida esa hali ham Bojxona Ittifoqi amal qilmoqda. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining to’liq ishga tushishiga esa Ukraina sharqidagi qonli voqealar halaqit bermoqda. Bu esa Rossiyani ittifoqni rivojlantirish uchun zarur moliyaviy resurslardan ayirmoqda, iqtisodiy maqsadlarni ko’zlagan tashkilotning siyosiylashish ehtimolini vujudga keltirmoqda, Ukraina mojarosida Rossiyaning ham ishtiroki bor deb o’ylagan ittifoqning boshqa a’zolari hamda tashkilotga qo’shilish niyatida bo’lgan davlatlar xavotiriga sabab bo’lmoqda.

Ukraina mojarosi, Rossiyaga qarshi sanksiyalar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qanday ta'sir qilmoqda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:52 0:00

Ammo eng muhimi, deydi Germaniyadagi Xalqaro va xavfsizlik masalalari instituti tahlilchisi Aleksandr Libman, Rossiya o’zidan keyingi muhim davlat Ukrainani qo’ldan boy berdi.

“Ukraina Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi uchun butunlay yo’qotildi deyavering. Albatta, bu bilan tashkilotning ishi to’xtab qolmaydi. Gap ittifoqning asosiy maqsadi nimadan iborat ekanida. Agar maqsad mafkuraviy bo’lsa, u holda Ukrainasiz ish bitmaydi. Agar tashkilot a’zo mamlakatlar orasida iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirmoqchi bo’lsa, u holda Ukrainaning yo’qligi bilinmaydi”, - deydi Libman.

Biroq Michigan davlat universitetidan siyosatshunos Marta Brill Olkot nazarida Ukraina ittifoqqa qo’shilishi mumkin hali.

“Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi Ukrainani butunlay yo’qotdi, deb bo’lmaydi. Balki bugunchalik xolosdir. Ukrainasiz ittifoq faoliyat yurita olmaydi. Agar Ukraina unga qo’shilmasa, kuchini yo’qotishi mumkin. Ittifoq tarqalib ketmas, ammo boshqalarni unga jalb etish oson bo’lmaydi”, - deydi Olkot.

Kreml tanqidchilariga ko’ra, Ukraina Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikka qiziqib, Bojxona Ittifoqiga qo’shilmagani hozirgi muammolarga, Qrimning boy berilishiga sabab bo’ldi. Ular nazarida Rossiya Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi orqali unga qo’shilgan davlatlar iqtisodiyoti va ularning boshqa mamlakatlar bilan iqtisodiy munosabatlarini nazorat etmoqchi.

“Rossiya barchaning Xitoy bilan savdosini nazorat qilmoqchi. Maydaroq mamlakatlarning barchasi Xitoy bilan savdo qiladi. Ittifoqqa qo’shilish niyatida yurgan Qirg’iziston qanday shartlar asosida tashkilotga kirishi juda muhim. Agar ular Qozog’istonga qo’yilgan shartlar bilan yuzlashsa, Qirg’izistonning Xitoy bilan savdosi barbod bo’ladi”, - deydi Marta Brill Olkot.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining asl maqsadi nima degan savolga haligacha bir javob yo’q. Uni yaratganlar iqtisodiy hamkorlikdan boshqa narsa emas, deyishadi.

“Ittifoq Mustaqil davlatlar hamdo’stligidan ham ko’proq iqtisodiy shaklga ega. Uning hujjatlarida siyosat yoki Yevrosiyo mafkurasi haqida biror gap yo’q”, - deydi Libman.

Tahlilchiga ko’ra, bunga ittifoqni tuzgan ayrim davlatlarning qarshiligi sabab bo’lgan. Tashkilot qoshida hatto parlamentlararo assambleya ham yo’q, deydi u.

Marta Olkot nazarida esa Rossiyada iqtisodiyotni siyosatdan ajratib bo’lmaydi. Iqtidosiy integratsiya va siyosiy munosabatlar uzviy bog’liq. Prezident Vladimir Putin mintaqadagi davlatlarning Rossiya bilan integratsiyalashishini istaydi va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi unga bu ishda yordam beradi. Iqtisodiyot Rossiyaga siyosatni yuritishda qo'l keladi, deydi ekspert.

“Ittifoq mutlaq iqtisodiy bo’lsa-da, oxir-oqibatda u orqali bu mamlakatlar iqtisodiyotini nazorat etish mumkin, demak ularning siyosiy hayotida ham ustun bo’lish imkoni bor”, - deydi Olkot.

Aleksandr Libmanning aytishicha, Rossiyani qamrab olgan iqtisodiy inqiroz Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo va a’zo bo’lmagan davlatlarga salbiy ta’sir qilishi tabiiy. Qozog’iston bundan mustasno, deydi u.

“Qozog’iston yalpi ichki mahsuloti Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlari yuborayotgan pulga bog’liq emas. Ammo O’zbekiston va Tojikiston hamda ittifoqqa a’zo bo’lishga umid qilayotgan Armanistondan Rossiyada ko’plab muhojirlar ishlaydi. Rasmiy manbalarga ko’ra, Rossiyada mehnat qilayotgan ikki million o’zbekistonlikning uch yuz minggi va bir million tojikistonlikning yuz minggi o’tgan yili inqiroz natijasida vataniga qaytib ketishga majbur bo’ldi”, - deydi Libman.

Tahlilchiga ko’ra, Rossiyada inqiroz kuchaygan taqdirda ham Qozog’istonning muammoni hal etish bobida choralari cheklangan bo’ladi, chunki Yevrosiyo ittifoqi komissiyasi mamlakatlarga bir tomonlama chora ko’rish imkonini bermaydi.

“1998-yilgi moliyaviy inqiroz paytida rublning bahosi tushganida Qozog’iston Rossiyadan importni cheklab qo’ygan edi. Hozir bunday qilolmaydi, chunki qarorlarni endi komissiya qabul qiladi. Rasmiy Ostona esa yangi tashkilot qoidalarini buzmoqchi emas, shu sabab rubl qadrsizlanishda davom etsa, Qozog’iston ham tanga qiymatini tushirishga majbur bo’ladi”, - deydi germaniyalik tahlilchi Aleksandr Libman.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining kelajagi Ukrainadagi voqealar rivoji va Rossiya iqtisodiyotining xalqaro sanksiyalarga chidamliligiga bog’liq. Tahlilchilar nazarida agar vaziyat yomonlashishda davom etsa, guruh tarqalib ketmasa-da, har holda uning tashkilotchilari umid qilganidek, jiddiy iqtisodiy tuzilmaga aylanmasligi mumkin.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG