Qirg’iziston-Rossiya: harbiy baza va keng qamrovli aloqalar


Arxiv surat. Rossiya va Qirg'iziston prezidentlari

Bugun Qirg’izistonda konstitutsion tizatishlar bo'yicha referendum o'tkazildi. Xalq bu o'zgarishlarni qo'llab-quvvatlasa, bosh vazir vakolatlari kengayib, prezidentdan ham kuchliroq bo'lishi ko'zda tutilgan. Referendum tanqidchilariga ko'ra, prezidentlik muddati tugayotgan Almazbek Atambayev bosh vazirlik orqali hokimiyatda uzoqroq qolmoqchi.

Ayni paytda jamiyatda Atambayevning tashqi siyosatga doir tashabbuslari qizg’in muhokama qilinmoqda. O’tgan hafta o'tkazilgan matbuot anjumanida davlat rahbari Qirg'iziston kelajakda o’z kuchiga tayanishi lozimligini ta’kidlab, mamlakatdagi Rossiya harbiy bazasining ijara muddati avval kelishilgan 49 yil o’rniga 15 yil bilan cheklanganini eslatdi.

Ushbu qadam nimadan dalolat beradi? Qirg’iziston-Rossiya munosabatlarining bugungi ahvoli hamda istiqbollari xususida nima deyish munkin?

Bishkeklik siyosatshunos Japarqul Birimqulov referendum va Rossiya bilan aloqalar xususida "Amerika Ovozi"ga o'z qarashlarini bildirdi.

Mazkur referendumda Konstitutsiyaga 30 ga yaqin o’zgartirish kiritilishi ko’zda tutilgan bo’lib, barchasi bir paket, to’plam tarzida berilgan, ya'ni fuqaro ularni bir ovoz bilan qabul qilishi yoki rad etishi kerak.

“Menga ayrim tuzatishlar ma’qul, ba'zilariga esa qarshiman. Omma buning farqiga bormas, ammo sinchkov odam noqulay ahvolda qoladi. Shu bois referendumga bormayman deganlar ham yo’q emas”, - deydi Japar Birimqulov.

Tahlilchi Bishkek va Moskva munosabatlariga to’xtalar ekan, ikki o’lka o’rtasida tig’iz ittifoqdoshlik aloqalari mavjudligini ta’kidlaydi.

Qirg’iziston Rossiya yetakchilik qilayotgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo.

Hozirda Qirg’izistonda Rossiyaning to’rtta harbiy inshooti mavjud. Bu Bishkek yaqinidagi Qant shahrida joylashgan harbiy-havo bazasi, Issiq-Ko’l viloyatining Qorako’l shahri yaqinidagi suvosti kemalariga qarshi qurollarni sinash stansiyasi, Chaldovardagi aloqa maskani hamda Moylisuv shahridagi radioseysmik laboratoriya. Tashkiliy jihatdan ushbu obyektlar 2017-yildan e’tiboran yagona Rossiya harbiy bazasi tarkibida bo’lishi ko’zda tutilgan.

Ayni paytda rasmiylar Qantdagi harbiy-havo baza Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti doirasida faoliyat yuritishini ta’kidlaydi.

Mutaxassislarga ko’ra, sanab o’tilgan obyektlar Moskva va uning ittifoqchilari harbiy salohiyati hamda xavfsizligi uchun alohida ahamiyat kasb etadi.

Qirg’izistonda rus harbiy bazasi faoliyati muddatini qisqartirish masalasi to’rt yil oldin hal etilgan va tegishli qaror e’lon qilingan edi. Nega mamlakat rahbari o'sha qarorni yana bir bor urg’uladi?

“Nazarimda, Atambayev Moskva bilan hamkorlikning ayrim muammoli nuqtalariga ishora qilmoqda. Aytaylik, Qirg’iziston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish ortidan va’da qilingan imtiyoz va moddiy yordamni to’liq tarzda olmadi, Rossiya Qirg’izistonda yirik gidroelektrostansiyani qurish loyihasidan voz kechdi. Albatta, bu Bishkekni xursand qilmadi”, - deydi Birimqulov.

Siyosatshunos nazarida, zikr qilingan harbiy inshootlarning strategik ahamiyatini hisobga olganda, Moskva ularning yopilishiga osonlikcha imkon bermaydi. Bishkek o’zini ma'lum darajada mustaqil qilib ko'rsatayotgan bo'lsa, boshqa tarafdan o’ziga xos savdo ketayotgani ehtimoldan xoli emas.

Japarqul Birimqulov fikricha, Moskva ham Qirg’iziston bilan munosabatlarni qayta ko’rib chiqishi lozim.

"Ayrim rus mulozimlarining Qirg’izistonga boqimanda davlat sifatida qarashi ikki tomonlama aloqalarga foyda keltirmaydi", - deydi u.

O’sh Davlat universiteti professori Arap Anarbayev Qirg’iziston-Rossiya aloqalarining faol rivoji va porloq istiqbolidan shubha qilmaydi.

“Harbiy baza masalasiga kelsak, chet o’lkada harbiy baza ushlab turish o’tmishning qoldig’i deb hisoblayman. Nafaqat Rossiya bazasining muddati qisqartirilishi, balki uning to’liq yopilgani afzal. Bu Qirg’izistonning ko’p yo’nalishli tashqi siyosatiga mos tushadi va yurt mustaqilligini kuchaytiradi. Qirg’iz-rus munosabatlari esa harbiy bazasiz ham rivoj topaveradi”, - deydi professor.

XS
SM
MD
LG