Breaking News

Rossiyada ishchi muhojirlar rus tili, tarixdan imtihon qilinishi mumkin


Matbuot xabarlariga ko’ra, shu yil oxiriga borib Rossiyadagi mehnat muhojirlaridan rus tili va Rossiya tarixidan imtihon topshirish so’raladi. Davlat rahbari Vladimir Putinning topshirig’i bu.

7-may kuni uchinchi bor prezidentlikka kirishgan Putin tashqi siyosiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan dastlabki qarorini ham imzoladi. Unda Mustaqil davlatlar hamdo’stligi bilan munosabatlarga muhim o’rin ajratilgan.

Lekin faollar so’zlariga ko’ra, aloqalarda biror ijobiy o’zgarish bo’lishi qiyin, ayniqsa, millionlab mehnat muhojirlari masalasida.

Prezident topshirg’iga ko’ra, hukumat noyabrgacha ishchi migrantlarni imtihondan o’tkazish rejasini tayyor qilishi kerak. Aksariyat o’zbekistonliklar uchun rus tili va bu yurt tarixidan test topshirish oson kechmasligi ta’kidlanmoqda.

Huquq faollarining aytishicha, hozircha imtihon qanday o’tishi, talab va shartlar noma’lum.

Rossiyada ishlayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyevning aytishicha, migrantlar rus tilini o’rganishdan manfaatdor, faqat buning uchun sharoit yaratilishi kerak.

“Mehnat muhojirlari og’ir sharoit, qiyinchiliklar bilan yuzlashadi. Endi tasavvur qiling, bir necha ming o’zbekistonlik Rossiyaga ishlagani keldi. Ularga qanday muhit yaratiladi, yotoq, yashash, ovqatlanish uchun… Bu qancha vaqt oladi, bir oy, ikki oy, olti oy?” - deydi Hamroyev.

Rossiya hukumati rejalagan qaror noqonuniy muhojirlar oqimini cheklashga qaratilgani ta’kidlanmoqda. Putin qasamyod ketidan darhol bundan tashabbusni olg’a surishi turli mulohazalar uyg’otgan. Prezidentning tashqi siyosatga doir qarorida ham Mustaqil davlatlar hamdo’stligi bilan aloqalarga muhim o’rin beriladi.

Faollar deydiki, bu qarorlar ishchilar hayotini yaxshilashi gumon va asosan, hukumatlar va tuzumlar manfaatini mustahkamlashni ko’zlaydi.

"Bu qarorning yana bir tomoni, o’zi istamagan odamni rus tilini yaxshi bilmadi, degan bahona bilan Rossiyadan chiqarib yuborish. O’zbekiston hukumati Putinning qaytishini juda xursandchilik bilan kutib olganiga guvoh bo’ldik. Shuning o’ziyoq, Putin, asosan, diktatorlarni yoqlashini anglatadi”, - deydi Hamroyev.

Rossiyada mehnat muhojirlarining asosiy qismi MDH fuqarolari. Ular safida o’zbekistonliklar eng ko’p. Ularning ishlash sharoiti, haq-huquqlari toptalishi bir necha yildan buyon davom etib kelayotgan domiy og’ir muammolardan.

Xususan, o’tgan oy Moskva bozoridagi yong’inda 10 dan ortiq o’zbekistonlik tiriklayin yonib ketgan edi.

Muhojirlar Rossiya uchun arzon ishchi kuchi, mintaqa, jumladan, O’zbekiston uchun real iqtisodiy tirgaklardan bo’lib kelayotganiga qaramasdan ular sharoitini yaxshilash uchun hukumatlar hech narsa qilmadi.

Muhojirlar uchun joriy qilinadigan imtihondan keyin vaziyat yaxshilanishiga ham ishonch kam.

“Markaziy osiyoliklar Rossiyaning asosiy arzon ishchi kuchiga aylanib bo’ldi. Bu qaror yangi byurokratik to’siqlar yaratishga, kimlarningdir yana o’zbeklar va tojiklardan pul yig’ishiga ham asos berishi mumkin. Rossiyada hozirgacha muhojirlar uchun qabul qilingan qonunlarning barchasi ular uchun muammo yaratgan bo’lsa bordir, lekin muammosini yechmadi. Lekin bizning o’qishga qarshiligimiz yo’q, albatta, o’qishimiz kerak. Faqat bu jarayonning amaliyoti keng jamoatchilik orqali muhokamadan o’tishi kerak”, - deydi Hamroyev.

Ma’lumotlarga ko’ra, mehnat muhojirlari o’tgan yili O’zbekistonga 4 milliard dollardan oshiq mablag’ jo’natgan. Bu ishsizlikka mahkum aksariyat aholi tirikchiligi uchun muhim. Faollarning aytishicha, O’zbekiston hukumati hech bo’lmaganda muhojirlarni imtihonga tayyorlashga hissa qo’shishi kerak.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG