Rossiya: Suriya uzra maxsus hududga AQSh kuchlari kiritilmaydi

  • Amerika Ovozi

Turkiyaning "Inchirlik" aerodromidan samoga ko'tarilayotgan AQSh harbiy samolyoti

Rossiya, Turkiya va Eron orasidagi kelishuvga ko'ra, bu haftadan binoan Suriya uzra maxsus muhofaza zonasi barpo etiladi. Amerika havo kuchlariga ruxsat yo'q.

Kreml vakili Aleskandr Lavrentyev Qozog'istonda o'tayotgan Suriya tinchlik muzokaralarida so'zlar ekan, bu borada ma'lum qildi.

Bu masala yuzasidan hech qanday savolga o'rin yo'q, dedi u, AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya harbiy samolyotlari faoliyati cheklanganganini bayon qilar ekan.

Maqsad, deydi tomonlar, olti yillik urushga barham berish. Gap Suriyada terrorist deb hisoblanmagan guruhlar qo'lidagi to'rt hududda janglarni to'xtatish haqida ketmoqa, deydi rasmiylar.

Rossiya muzokarachisi Aleksandr Lavrentyev, Eron Tashqi ishlar vaziri muovini Husayn Jabiriy Ansariy, Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Kairat Abdurahmonov va BMT Maxsus vakili Staffan de Mistura, Ostona, 4-may, 2017
Rossiya muzokarachisi Aleksandr Lavrentyev, Eron Tashqi ishlar vaziri muovini Husayn Jabiriy Ansariy, Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Kairat Abdurahmonov va BMT Maxsus vakili Staffan de Mistura, Ostona, 4-may, 2017

Lekin bu kelishuv aynan nimadan iborat ekani tushuntirilmaydi. Uch tomon Suriyadagi urush turli taraflarning yonini oladi, ularga yordam berib keladi.

Rossiya Suriya hukumati tomonda. Eron ham Prezident Bashar al-Assadni quvvatlaydi, lekin shu bilan birga shia jangarilarni ham moylab keladi. Turkiya esa Assadga qarshi, u ketishi kerak deb hisoblaydi, shuningdek, mamlakat shimolida o'z homiyligidagi kuchlarga ega. Anqara Suriya muxolifati tomonda. Uning nazarida, yangi hukumat tuzilishi kerak va unga oppozitsiya ham kirishi shart.

Uch davlat kelishuvini na Assad va na isyonchi kuchlar imzolagan. Janglar davom etmoqda.

Suriya muxolifati Eron tinchlik muzokaralarida qatnashayotganidan norozi va davrani tark etgan.

Bu orada Assad Suriya havo kuchlariga mamlakatning bir necha nuqtasida yangi amaliyotlar boshlashni buyurgan.

Turkiya va Rossiya rahbarlari Sochida muloqot qildi, 3-may, 2017
Turkiya va Rossiya rahbarlari Sochida muloqot qildi, 3-may, 2017


Lekin 3-may kuni Sochida Prezident Vladimir Putin bilan uchrashgan Prezident Rajab Toyyib Erdog'an deydiki, uning asosiy e'tibori terroristlarni yo'q qilishda. Assad hamon muammo, deya tan oladi u, lekin tinchlikka eng katta tahdid terror to'dalaridan kelmoqda.

Putin bu gaplarni olqishlab, maxsus muhofaza hududlari tuzish eng ma'qul yo'l, degan.

Lekin tahlilchilar deydiki, Moskva va Anqara orasidagi kelishmovchiliklar chuqur va til topishish juda qiyin.

AQSh va arab davlatlarining asosiy talabi shuki, Assad hokimiyatni topshirishi kerak. Ostonada kechgan muzokaralarni Amerika tomonidan Davlat kotibi muovini Stuart Jouns kuzatdi.

Prezident Donald Tramp Suriyada maxsus himoya zonalarini tuzishni quvvatlaydi. Putin bilan yaqinda bu borada telefonda gaplashgan. Lekin hozircha Eron, Turkiya va Rossiya tashkil etayotgan maxsus zonalarda AQShga o'rin yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG