Breaking News

Tramp, Putin gaplashdi, Ostonada Suriya bo'yicha muzokaralar


AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan telefonda gaplashdi. O'tgan oy AQSh Suriyada harbiy aerodromni raketalar yordamida nishonga olganidan beri ikki prezident o'rtasidagi ilk muloqot.

Tramp va Putin Suriya, Ukraina, Shimoliy Koreya mavzulari xususida fikr almashgan, bu borada hamkorlik zaruratini urg'ulagan.

Qo'shma Shtatlar Suriya Prezidenti Bashar Assadni Idlibda kimyoviy qurol qo'llaganlikda ayblab, uni hokimiyatdan ketishga da'vat etarkan, Rossiya nazarida, kimyoviy hujum Assadga qarshi oldindan rejalangan provokatsiya bo'lgan.

Tramp prezidentlikka kelganidan beri Putin bilan uchinchi bor telefon orqali muloqot qilmoqda. Bungacha ular o'tgan oy Sankt-Peterburgdagi metro xurujidan keyin va undan oldin esa yanvar oyida Trampning inauguratsiyasidan bir hafta o'tgach gaplashishgan edi.

Saylovda g'alaba qilsa, Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashga va'da bergan Tramp Putin bilan davlat rahbari sifatida hali ko'rishgani yo'q.

AQSh Federal qidiruv byurosi va Kongressdagi bir nechta qo'mita Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashgani haqidagi da'volarni tergov qilarkan, seshanba kuni Sochida Germaniya kansleri Angela Merkel bilan uchrashgan Putinning aytishicha, Rossiyaning bunga aloqasi yo'q, AQShdagi ayrim siyosiy doiralar bu kabi soxta da'volardan o'z manfaatlarini olga' surishda foydalanmoqda.

Germaniyada ham shu yili saylovlar. Rossiya tanqidchilari Kreml saylov natijalariga ta'sir qilishi mumkin, deya ogohlantirmoqda. Merkel bundan qo'rqmasligini aytdi.

Tomonlar Suriya va Ukraina mavzulari xususida gaplashgan. So'nggi bor Putin va Merkel 2016-yil oktabrida ko'rishgan edi.

Chorshanba kuni Putin bilan uchrashish uchun Sochiga Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an ham boradi. Suriya mojarosi hamda ikki davlat o'rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik hama iqtisodiy masalalar muhokama etilishi kutilmoqda.

Rossiya Turkiyaga S-400 raketaga qarshi havo mudofaasi sistemasini sotishi mumkin. So'nggi bor ikki rahbar 10-mart kuni Moskvada ko'rishgan edi.

3-4 may kunlari Ostonada Suriya bo'yicha muzokaralarning navbatdagi davrasi bo'lib o'tadi. Suriya qurolli muxolifati unda ishtirok etishini tasdiqlagan. Rossiya, Turkiya, Eron va BMT vakillari hamda Suriya hukumati delegatsiyasi ham jarayonda qatnashadi.

Rossiya Suriyada taranglikni yumshatish uchun to'rtta hududga betaraf mamlakatlardan tinchlikparvar qo'shinlarni kiritishni taklif qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG