Ekspertlar: AQSh elchixonasi xodimlarining qisqarishi rossiyaliklarga zarar

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp (o'ngda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan Germaniyada o'tgan "Katta yigirmalik" sammitida, 7-iyul, 2017-yil.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatdagi AQSh elchixonasi va vakolatxonalaridagi diplomat va xodimlar sonini 755 taga qisqartirishni buyurdi. Bu o'tgan hafta AQSh Kongressi Kremlga qarshi yangi jazo choralarini ma'qullashi ortidan kuzatildi. Ayrim ekspertlar Putinning bu darajada keskin choraga qo'l urganidan ajablanmoqda. AQSh ayni paytda Moskva noroziligini jiddiy qabul qilayotgani yo'q.

Rossiya rasmiylari AQSh diplomatlariga Moskva chetidagi dam olish rezidensiyasidan foydalanishni ham taqiqlab qo'ydi. Putin AQSh Kongressi qaroriga qarshi shunday yo'l bilan javob qaytarmoqda

"Choralar qattiq. Tramp kelishi bilan paydo bo'lgan ruhlanishning behuda ekanidan achchiqlanish belgisi bu", - deydi rossiyalik tahlilchi Nikolay Petrov.

Boshqa bir rossiyalik ekspert Gleb Pavlovskiy fikricha, AQSh bilan Sovuq urush davridagidek munozaraga kirishish Putinning vatandagi obro'sini faqat oshirishga xizmat qiladi.

"Amerika sanksiyalari Amerikaga qarshi va Putinni yoqlovchi ommaviy reaksiyaga sabab bo'lmoqda. Agar Putin xohlasa, saylov kampaniyasini faqat shu Amerika sanksiyalari asosiga qura oladi", - deydi u.

AQSh elchixonasi xodimlari qisqarsa ham, muhim ishlar va missiya davom etadi, ammo ko'proq mahalliy rossiyalik ishchilar va fuqarolar zarar ko'rishi mumkin.

"Mening qarashim shuki, yuzlab rossiyaliklar ishini boy beradi. Viza berish ishlari muhim, lekin bundan muhimroq vazifalar bor. Demak, AQShga sayohat qilishni xohlagan rossiyaliklar ko'proq kutishlariga to'g'ri keladi, chunki konsullik bo'limida xodimlar soni qisqaradi", - deydi sobiq elchi, Brukings instituti tadqiqotchisi Stiven Payfer.

Kongress ma'qullagan yangi sanksiyalar kuchga kirishi uchun Prezident Donald Tramp qonunni imzolashi kerak. Tramp hozircha jim, ammo Oq uy rasmiylari qonun imzolanishini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG