Breaking News

Rossiya-Ukraina ziddiyatini diplomatlar hal qiladimi yoki harbiylar?


Rossiya va Britaniya tashqi ishlar vazirlarining matbuot anjumani
Rossiya va Britaniya tashqi ishlar vazirlarining matbuot anjumani

Ukraina-Rossiya ziddiyatlari Yevropada markaziy mavzulardan bo’lib turibdi. Xalqaro sahnada diplomatik harakatlar bilan birga poligonlarda harbiy mashqlar ham o’tkazilmoqda.

Xalqaro hayot - 10-fevral, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:41 0:00

Bugun Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Polshada bo’lib, bu mamlakat Tashqi ishlar vaziri Mateush Moravetskiy bilan Ukraina-Rossiya ziddiyatlarini muhokama qildi.

AQSh shu hafta bu mamlakatdagi salkam 4000 askariga qo’shimcha ravishda 1500 dan ortiq maxsus kuchlarini yuborgan. Amerika rasmiylariga ko’ra, Polshadagi maxsus kuchlar Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlagan taqdirda AQSh fuqarolarini Ukrainadan evakuatsiya qilish bilan shug’ullanadi.

Polsha britan harbiylariga ham mezbonlik qilmoqda.

Jonson bugun Bryusselda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan ham ko’rishgan. Uning matbuot anjumanida aytishicha, Kreml hujum haqida hozircha bir qarorga kelgani yo’q.

Stoltenberg Rossiyani diplomatiya yo’lidan borishga chaqirdi, aks holda jiddiy iqtisodiy sanksiyalar bilan yuzlashishi, NATO Sharqiy Yevropada harbiy salohiyatini oshirishi haqida ogohlantirdi.

Bugun, shuningdek, Moskvada Rossiya va Britaniya tashqi ishlar vazirlari uchrashgan. Sergey Lavrovning aytishicha, G’arb va Britaniya Rossiyani agressiyada ayblayaptiyu, biroq Rossiya emas, asosan, qarshi taraf do’q-po’pisalardan nariga o’tmayapti.

Britaniya rasmiylariga ko’ra, hukumat parlament muhokamasi uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalar paketini tayyorlamoqda. Tashqi ishlar vazirasi Liz Trassning aytishicha, Ukrainaga hujum Rossiyaga qimmatga tushadi va agar Rossiya hujum qilish niyati yo’qligini samimiy ko’rsatmoqchi bo’lsa, minglab qo’shinlarini chegaradan olishi kerak.

Lavrovga ko’ra, Britaniyaning Sharqiy Yevropa mamlakatlarida joylashgan minglab askarlaridan farqli o’laroq, Rossiya harbiylari o’z hududida joylashgan.

Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uollesning razvedka ma’lumotlariga ishora qilib aytishicha, Rossiya Ukrainaga qarshi hujum boshlashga bahona topish maqsadida soxta amaliyot tayyorlamoqda.

Bu o’rtada Rossiya va Belarus qo’shma harbiy mashqlarning faol bosqichiga kirishdi.

Amaliyotga tanklar, zirhli texnika, zenitli raketa majmualari, ko’p raketali tizimlar, qiruvchi va bombardimonchi samolyotlar jalb etilmoqda. 10 kunlik mashg’ulotlar 5 ta harbiy poligon va 4 ta aerodromda - deyarli butun Belarus bo’ylab hamda Polsha, Litva va Ukraina chegaralariga yaqin hududlarda o’tkaziladi.

Harbiylar tashqi hujumni qaytarish, terrorizmga qarshi kurash va ikki mamlakat manfaatlarini himoya qilishni mashq qilishi aytilmoqda.

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning aytishicha, uning mamlakati mashg’ulotlarda qatnashayotgan rus harbiy texnikasining hammasini sotib olmoqchi, biroq keyinchalik Belarus qurolli kuchlari bosh shtabi va Kreml bu gaplarni inkor etdi.

Rossiya Qora dengizda ham mashg’ulotlar o’tkazmoqchi. Shu hafta hududga O’rta dengizdan oltita harbiy kema safarbar etilgan. Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaga ko’ra, uning mamlakati bunga tegishli munosabat bildiradi.

Bu o’rtada ukrain askarlari mamlakat bo’ylab quruqlikda NATO andozalari asosidagi mashg’ulotlarda qatnashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG