Breaking News

AQSh: Rossiya-Ukraina mojarosini diplomatiya orqali hal qilishimiz kerak


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken, Melburn, Avstraliya, 9-fevral, 2022

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya-Ukraina mojarosini diplomatik yo'l bilan hal qilish kerak deya undamoqda. Ittifoqchilar Fransiya, Germaniya va Britaniya Vashington bilan yakdil va barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda urushning oldini olishga bel bog'lagan, deydi Amerika rasmiysi.

“Biz shu paytgacha ikki yo'nalishdan bordik. Biri - diplomatiya va biz bu harakatlarimiz samara berishini xohlaymiz, chunki eng ma'qul yo'l shu. Ikkinchisi esa Rossiya agressiyasiga javob berish uchun tayyor turish", - deydi Blinken Avstraliyaga safari davomida jurnalistlar bilan muloqotda.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Trass Moskvada Rossiya bosh diplomati Sergey Lavrov bilan gaplashib, agar federatsiya bosqinchilik qiladigan bo'sa, buning oqibatlari og'ir va keskin bo'ladi, deya ogohlantirmoqda.

“Rossiya oldida tanlash imkoniyat bor”, -deydi Trass. “Biz uni muloqot qilishga undaymiz, toki kelishmovchilik urushga aylanmasin, masala diplomatik yechim topsin".

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson bu hafta Polsha va Belgiyaga borib, NATO qo'mondonlari va rahbariyati bilan uchrashmoqda.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba deydiki, Yevropa say-harakatlari samara berishi kerak.

“Vaziyat tang, ammo nazorat ostida", - deydi Kuleba. "Diplomatiya ziddiyat darajasini pasaytirmoqda".

Vatikandan Rim papasi Fransisk ham urush bo'lmasin, deya chaqirmoqda.

“Tinchlik uchun jiddiy dialogni to'xtatmay, Normandiya formatida ham gaplashish kerak", - deydi papa, Rossiya, Fransiya, Germaniya va Ukraina orasidagi muloqotga ishora qilib.

"Urush ahmoqlikdir, buni unutmang".

Ukraina va Fransiya rahbarlari, Kiyev, 8-fevral, 2022
Ukraina va Fransiya rahbarlari, Kiyev, 8-fevral, 2022

Bu hafta Moskva va Kiyevda bo'lib, prezidentlar bilan suhbat qurgan Fransiya rahbari Emmanuel Makron fikricha, mojaroga barham berishga bir necha oy ketadi.

“Ayni damdagi ziddiyat darajasini past baholamang, bu misli ko'rilmagan ko'lamdagi nizo”, - dedi Makron Kiyevda so'zlar ekan.

"Bu inqirozni biz bir necha soatlik munozara orqali hal eta olmaymiz".

Kreml diplomatik uchrashuvlar va siyosiy muhokamalardan mamnun, lekin Prezident Vladimir Putin va uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ularni muvaffaqiyatli deyishga shoshmayapti.

Peskovga ko'ra, Rossiya bilan gaplashayotgan tomonlar federatsiya manfaatlari, xususan unga xavfsizlik kafolatlari zarurligini yetarlicha hisobga olmayapti.

NATO esa buni inkor etadi. 30 a'zolik harbiy alyans Rossiyaga biror jihatdan tahdid solmasligini ta'kidlaydi. Biroq, deydi Bosh kotib Yens Stoltenberg, tashkilotga kim qachon qabul qilinishi - NATOning ishi. Kremlning Ukraina yoki biror boshqa davlatni kiritmaslikni talab qilishga haqqi yo'q.

(AP, AFP axborot agentliklariga tayanildi)

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG