Breaking News

Amerika, Rossiya orasida bola asrab olishga doir yangi bitim


Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Vashingtonda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan, 13 iyul 2011
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Vashingtonda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan, 13 iyul 2011

AQShga safar qilayotgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Davlat kotibasi Xillari Klinton bola asrab olishga doir bitimga imzo chekdi.

Lavrovning aytishicha, bu shartnoma bir necha muhim bandga aniqlik kiritib o’tadi. Jumladan, bolani qaramog’iga olayotgan ota-onaning ruhiy salomatligi tekshiruvdan o’tishi shart. Shuningdek, rasmiylashtirish jarayoni faqat maxsus agentlik tomonidan amalga oshiriladi.

!--IMAGE-->

Qo’shma Shtatlarda rus bolalar kaltaklanib, zo’rlangani aniqlangach bunday shartlar bilan chiqildi, deydi Rossiya rasmiylari.

Rasmiy hisob-kitoblarga qaraganda, Amerika oilalari Rossiyadan eng ko’p bola boqib oladi.

Bitimga ko’ra, Rossiya bolalari yangi oila qaramog’iga o’tgandan keyin ham ikki davlat fuqarosi bo’lib qoladi. Balog’atga yetgandan so’ng birini tanlashi mumkin bo’ladi.

Hujjatni Rossiya Dumasi tasdiqlashi kerak, lekin AQSh Kongressidan bu talab qilinmaydi.

Obama bilan uchrashuv, raketa tizimi, Liviya

Lavrov bugun Oq Uyda prezident Barak Obama bilan uchrashgan. Kun tartibidagi asosiy mavzu – AQSh Yevropada qurishni rejalagan raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi.

Rossiya nazarida raketa sistemasi ikki davlat asabini o’ynayotgan bosh masala.

Qo’shma Shtatlar Yevropada o’rnatiladigan mudofaa tizimi Rossiyaga ta’sir qilmaydi deb keladi. Qurilma Eron va Shimoliy Koreya kabi g’anim davlatlar hujumidan himoya rolini o’taydi xolos, deydi Amerika rasmiylari.

“Amerika va Rossiya hamkor davlatlar va hech kim hech kimga hujum qilmoqchi emas”, - deydi Sergey Lavrov. “Lekin chegarang yaqinida qurol o’rnatilsa, chora ko’rishga majbursan”.

Prezident Jorj Bush olg’a surgan bu loyihaga ko’ra, radar va raketani urib tushiradigan yirik sistema Polsha va Chexiyada, ya’ni Rossiya chegarasi yaqinida joylashishi kerak edi.

Obama unga anchayin tuzatish kiritib ulgurgan, xususan, dengiz va quruqlikda kichikroq harbiy kemalarni ishga solamiz, degan.

Bu o’zgarishlarga qaramay Kreml hali ham qarshi.

Qurol-aslaha nazorati uyushmasi rahbari Deril Kimball fikricha, Rossiya xavotiri o’rinsiz.

“2020 yilga qadar Yevropada mudofaa tizimi o’rnatildi deylik. Bu tizim Rossiyaning 10-15 raketasini urib tushirar balki. Lekin yuzlab atom raketalari, qudratli quroli bor Rossiya uchun bu nima degan gap?” - deb so’raydi ekspert.

Tomonlar Moskvaning Jahon Savdo Tashkilotiga qo’shilish niyatini va Liviya bilan mojaroda Rossiya vositachiligini ham muhokama qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG