Breaking News

Rossiya-Ukraina urushi. 5-may voqealari


Yevgeniy Prigojin va "Vagner" jangchilari
Yevgeniy Prigojin va "Vagner" jangchilari

Rossiya prezidentining matbuot kotibi AQShni Kremlga dron hujumiga aloqadorlikda ayblashi ketidan Oq uy bu ishga qo’l urmaganini da’vo qilarkan voqea tergov qilinayotganini bildirdi.

Xalqaro hayot - 5-may, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:12 0:00

"Bir narsani aniq aytamanki, janob Peskovning yolg’onlariga qaramay Qo’shma Shtatlarning bu hodisaga umuman aloqasi yo’q. Bizga qarshi ayblov yolg’ondan boshqasi emas”, - dedi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.

Kremlga hujum bugun Rossiya Xavfsizlik kengashi majlisida muhokama etilgan. Rossiya uni javobsiz qoldirmasligini ta’kidladi.

Ukraina dron hujumiga aloqadorligini inkor etmoqda.

"Biz Putin yoki Kremlga hujum qilganimiz yo’q. Biz o’z hududimida jang qilyapmiz, o’z qishloq-shaharlarimizni himoya qilyapmiz. Bizda buning uchun qurol yetarli emas”, - dedi kuni kecha Gaagaga borgan Prezident Vladimir Zelenskiy.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi barcha taraflarni vaziyatni eskalatsiya qilishdan o’zini tiyishga chaqirdi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Xitoyning vositachilik harakatlariga baho berarkan Qo’shma Shtatlar bu boradagi har qanday harakatlarni olqishlashini aytdi, biroq…

“Buning uchun avval ushbu mojaroda tajovuzkor va qurbon borligini tan olish kerak. Xitoy bu tamoyilni qabul qilganmi, yo’q, aniq emas. Prezident Si hech bo’lmaganda Prezident Zelenskiy bilan gaplashdi”, - dedi Blinken.

Ba’zilar Ukraina ko’pdan beri kutilgan qarshi hujumni boshlaganini, ukrain qo’shinlari odatdagidan ko’proq o’q-dori qo’llay boshlaganini bildirmoqda.

Baxmutda jang qilayotgan “Vagner guruhi” rahbari Yevgeniy Prigojin esa aksincha snaryadlar kamligidan, Mudofaa vazirligi o’q-dori ta’minoti bilan yordam bermayotganidan nolib, 10-may kuni uning qo’shinlari Baxmutni tark etishi haqida ogohlantirdi.

"10-mayda pozitsiyamizni Mudofaa vazirligi qismlariga topshiramiz. O’q-dori yetishmas ekan, jangchilarimiz ma’nosiz o’lishi muqarrar”, - dedi u.

Prigojin o’tgan yildan beri mudofaa vaziri va qurolli kuchlar bosh shtabi rahbarini layoqatsizlikda, vagnerchilarni ataylab o’q-dori bilan ta’minlamayotganlikda, o’ziga nisbatan shaxsiy xusumatda ayblab keladi.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu hafta boshida askarlar yetarlicha qurol bilan ta’minlanganini aytdi, biroq vagnerchilar va ularning e’tirozlarini e’tiborsiz qoldirdi.

Shoygu bugun janubiy harbiy okrugda qo’shinlar tayyorgarligi bilan tanishdi, Ukrainaga safarbar etilishi kutilayotgan tanklar va boshqa harbiy texnikani ko’zdan kechirib, askarlarda kamchilik bo’lmasligini tayinladi.

Ukraina mudofaa vazirining o’rinbosari Xanna Malyarning aytishicha, Rossiya 9-mayda nishonlanadigan G’alaba kunigacha Baxmutni to’liq ishg’ol etishga ahd qilgan va shu sabab frontning boshqa qismlaridan vagnerchilarni Baxmutga yo’llamoqda.

“Biz nafaqat mudofaani kuchaytiryapmiz, balki faol hujumkor harakatlarga ham o’tganmiz”, - dedi rasmiy.

Rossiya Mudofaa vazirligi so’zlovchisi Igor Konashenkovning bugun aytishicha, Baxmutda hujumkor harakatlar davom etmoqda, ukrain qo’shinlari uchun o’q-dori va zaxirachilarni yetkazishda xizmat qilgan ko’prik portlatilgan.

Bu o’rtada rus ijtimoiy tarmoqlaridan ma’lum bo’lishicha, Rossiya mudofaa vazirining o’tgan oy lavozimidan ozod etilgan o’rinbosari general-polkovnik Mixail Mizinsev “Vagner” qo’mondonining o’rinbosari etib tayinlandi.

Mizinsev vazirlikda logistika, armiya ta’minoti masalalari bilan shug’ullangan, G’arbda “Suriya va Mariupol qassobi” laqabini olgan. Ba’zilar uning “Vagner”ga qo’shilishi bilan guruhning o’q-dori ta’minoti bilan bog’liq muammolari hal etilishini taxmin qilmoqda.

Bugun Kiyevda Ukraina tarafida xalqaro legion safida jang qilgan bir amerikalik dafn etildi. Kristofer Kempbel Ukrainaga ko’ngilli bo’lib borgan va o’z vasiyatnomasida halok bo’lsa, ukrain jangchilari bilan birga dafn etilishini tayinlagan.

Bundan bir kun oldin Ukraina poytaxtida shahar uzra uchgan dron urib tushirildi. Ma’lum bo’lishicha, Turkiyada ishlangan “Bayroqdor” jangovar droni Ukrainainiki bo’lgan. Rasmiy bayonotda aytilishicha, texnik muammolar sabab dron boshqaruvi izdan chiqishi ketidan uni urib tushirishga qaror qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG