Breaking News

BMT: Ukrainada Rossiya kuchlari urush jinoyatlarini amalga oshirayotgan bo'lishi mumkin


Bucha, Kiyev viloyati, Ukraina, 12-aprel, 2022

BMTning Ukrainadagi vaziyatni yaqindan o'rgangan missiyasi xulosasiga ko'ra, Rossiya harbiylari urush jinoyatlarini amalga oshirayotganini isbotlovchi dalillar talay. Xalqaro qonunlar tinimsiz buzilmoqda, deydi ekspertlar.

77 kun oldin boshlangan urushda yuzlab huquqbuzarlik hollari qayd etilgan. Missiya rahbari Matilda Bogner deydiki, yig'ilgan ma'lumotlar aslida dengizdan tomchi.

"Real holat biz ko'rgan va tasavvur qilgandan ham dahshatliroq", - deydi Bogner.

Hozirgacha urushda, norasmiy hisobni ham qo'shganda, 7000 dan oshiq odamning yostig'i qurigan. Bogner bu raqamni aslida kattaroq deb biladi.

"Bu faqat statistika emas", - deydi ekspert. "Har bir raqam ortida bir insonning yakson bo'lgan hayoti, puchga chiqqan orzulari turibdi".

Rossiya urushda dushman xalq emas, Ukraina harbiylari ekani, nishonga ularni olayotganini da'vo qiladi.

Xarkov yaqinidagi manzara, Ukraina, 5-may, 2022
Xarkov yaqinidagi manzara, Ukraina, 5-may, 2022

Bogner boshliq missiya may boshida 14 shahar va qishloqni ko'zdan kechirgan. Ular mart oxirigacha Rossiya nazorati ostida edi.

Guruh muloqot qilgan ukrainaliklarning aytishicha, Rossiya harbiylari begunoh odamlarni qirgan. 24 kungacha yerto'lada yashirinib o'tirgan insonlar bilan gaplashgan ekspertlar urush oqibatlarini oddiy odamlarning vayron bo'lgan xonadonlari, halok bo'lgan yaqinlari, portlatilgan maktab va boshqa inshootlarda ko'rgan.

“70 yoshdan oshgan otaxon uyida 138 kishini saqlagan. Ular orasida ikki oylik chaqaloq ham bo'lgan. Yotishga joy yo'qligidan uy egasi turib uxlagan, yiqilmaslik uchun o'zini temir ustunga bog'lagan", - deydi Bogner.

Missiya ilm dargohlari, kasalxonalar, turar joylar va ko'chalardagi vaziyatni vayrona va aziyatli deya tasvirlaydi.

Guruh hisobicha, ular tanishgan hududlarda kamida 50 ta cherkov, sinagoga va masjid yaroqsiz ahvolda.

Lukashivka degan qishloqdagi cherkov, Ukraina shimoli, 22-aprel, 2022
Lukashivka degan qishloqdagi cherkov, Ukraina shimoli, 22-aprel, 2022

Bogner ta'kidlashicha, oddiy aholi o'ldirilgani, qiynoqqa solingani, zo'rlangani va bedarak ketgani haqida tinimsiz axborot kelmoqda.

“Shunday holatlar ham borki, unda Rossiya harbiylar bolalarni, jumladan o'smirlarni Belarus orqali Rossiyaga yuborgan. Ular hozir u yerda hibsxonalarda", - deydi Bogner.

24-fevraldan beri, ya'ni Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri 204 mana shunday holat qayd etilgan.

"Bu bolalarni Rossiya zobitlari olib ketgani haqida aniq dalillar bor", - deydi Bogner.

Qiynoqlar, noinsoniy munosabat, tutqun qilish singari holatlari Ukraina qo'shinlari tomonidan ham sodir etilganini ko'rsatuvchi isbotlar yig'ilgan.

Missiya o'z hisobotini iyun oyida to'liq shaklda taqdim etishi kutilmoqda. Ukraina tomon ham qator jinoyatlarda gumon qilinadi, deya tushuntiradi Bogner, ammo to'plangan ma'lumotlar Rossiya qilmishlari bir necha karra ko'proq ekanini aks ettiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG