Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 8-kun


Rossiya Ukrainada harbiy inshootlar va shaharlarni o’qqa tutishda davom etmoqda. Shu kunga qadar yuzlab tinch aholi va askar nobud bo’lgan. AQSh va G’arb davlatlari Rossiyani harbiy jinoyatlarda ayblamoqda.

Xalqaro hayot - 3-mart, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:45 0:00

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya kompaniyalariga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qildi. Bu gal mudofaa sanoatiga aloqador 22 ta kompaniya qora ro’yxatga tushgan. Rossiyaga harbiy tayyorgarliklarda yordam bergan Belarusga ham jazo choralari qo’llanmoqda.

AQSh rasmiylariga ko’ra, 60 kilometrga cho’zilgan rus harbiy kolonnasi Kiyev yonida turibdi, oziq-ovqat, yoqilg’i kamomadi, ukrainaliklarning qattiq qarshiligi bilan yuzlashmoqda.

“Adolatsiz va zaruratsiz urushda qatnashish uchun frontga yuborilgan rus askarlariga gapim shuki, rahbarlaringiz sizga yolg’on gapirishmoqda, urush jinoyatlariga qo’l urmang, qurollaringizni tashlab, Ukrainadan keting”, - deydi AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild.

Pentagon Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yadroviy kuchlarga tayyorgarlikni buyurishini qoraladi.

“Bunday provokatsion ritorika va tegishli arsenallarimizdagi eng muhim qurollarga ta'sir qiluvchi yadro siyosatidagi ehtimoliy o'zgarishlarni qabul qilib bo’lmaydi. Qo’shma Shtatlar bunday qadamlar qo’ygani yo’q”, - dedi AQSh Mudofaa vazirligi rasmiysi Jon Kirbi.

Uning aytishicha, AQSh bunday yadroviy harakatga berilmasligini namoyish etish uchun va amaliyot noto’g’ri talqin qilinmasligi uchun shu haftaga rejalangan qit’alararo ballistik raketa sinovini bekor qilishga qaror qildi.

“Biz bu bilan mas’uliyatli yadroviy davlat ekanimizni ko’rsatishni istadik”, - dedi Kirbi.

Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazida xalqaro xavfsizlik bo’yicha mutaxassis Patritsiya Lyuisning taxmin qilishicha, Putinning ruhiy holatiga zarar yetgan bo’lishi mumkin.

"Hozir nima qilishimiz kerak? Nazarimda, Rossiya xalqiga yadro qurolini qo’llash niyatimiz yo’qligini, Rossiya hujumiga javoban an’anaviy qurollar bilan javob berishimizni bildirishimiz kerak. Prezident Putin hozir yomon ahvolda, hozirgi vaziyatdan chiqa olmaydi. Bo’layotgan voqealar haqida o’z xalqiga yolg’on gapirdi. Endi faqat g’alaba e’lon qilishga majbur”, - deydi ekspert.

Kreml Ukrainada halok bo’lgan rus askarlari sonini ilk bor e’lon qilib, ularning o’limini fojia deb atadi, tarixga qahramon sifatida kirishlarini bildirdi.

Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya Ukrainada harbiy holat e’lon qilishi yoki erkaklarga Rossiyani tark etishni ta’qiqlashi haqidagi taxminlarni rad etdi.

Rossiya Ukrainadagi harakatlarini maxsus amaliyot deb atarkan, undan maqsad Ukrainani bosib olish emas, balki mamlakat harbiy salohiyatini parchalab, natsizmni targ’ib qilayotgan millatchilarni qo’lga olish ekanini ta’kidlaydi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, uning askarlari rus hujumlarini qaytarmoqda.

"Erkinligimizdan boshqa yo’qotadigan narsamiz yo’q”, - dedi u.

Zelenskiyga ko’ra, Rossiya tezkor g’alabaga erisha olmagach, endi shaharlarda aholini o’qqa tutishga kirishgan.

Ukrainada vaziyat yomonlashsa, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qo’shimcha sanksiyalar kiritishi haqida bildirmoqda. Rossiyaning qarshi choralariga tayyor turish maqsadida tashkilot energiya ta’minotini diversifikatsiya qilishga harakat qilmoqchi.

"Kremlni qo’shnilariga qarshi urush qilish salohiyatidan ayirmoqchimiz. Rossiya gazidan, neftidan va ko’miridan mustaqil bo’lishimiz kerak”, - dedi Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Leyen.

Ukraina va Rossiya rasmiylari o’rtasida muzokaralarning ikkinchi davrasi na kecha oqshom, na bugun tongda o’tkazildi. Rossiya tomoniga ko’ra, Kiyev vaqtni cho’zyapti.

"Yechim topiladi. Bunga shubham yo’q. Shartlarimiz ma’lum. Gomeldagi muzokaralar paytida ularni muhokama qilganmiz. Bugun ham muloqot bo’lishi kerak edi, biroq Ukraina delegatsiyasi ayrim sabablarga ko’ra uni kechiktirishga qaror qildi. Balki Vashingtondan ko’rsatmalar kutishayotgandir. Bu mamlakat umuman mustaqil emas. Shunga qaramasdan muzokaralar bo’lishi kerak”, - dedi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Putinning bugun Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon suhbatida aytishicha, muzokaralarda Ukrainani betaraf mamlakatga aylantirish talabi qo’yilmoqda.

Peshindan keyin Ukraina delegatsiyasi vertolyotlarda muzokara joyiga yetib bordi. Belarusda, Sovet Ittifoqini tarqatish haqidagi mashhur bitim imzolangan Belovej Pushchasida, bugun Rossiya va Ukraina rasmiylari muloqot qildi.

Ukraina zudlik bilan harbiy harakatlarni to’xtatishni, sulh imzolashni va gumanitar korridor ochishni so’ramoqda.

NATO Ukrainadagi urushga aralashmasligini ta’kidlar ekan, Sharqiy Yevropadagi a’zo davlatlarni qo’shin va qurol bilan kuchaytirishdan maqsad ularni himoya qilish ekanini bildirmoqda.

Finlyandiya parlamentida NATOga qo’shilish xususida munozara boshlangan, Kosovo esa alyansga a’zolik uchun arizasining tezroq ko’rilishini so’ramoqda.

Ukraina va Rossiya bir-birini informatsion urushda ham ayblarkan, Moskvada ikki liberal matbuot organi faoliyatiga zarba berildi. Xususan “Exo Moskvi” radiostansiyasi boshqaruvchilari kengashi stansiya va uning veb sahifasini tarqatishga va yopishga qaror qildi.

“Exo Moskvi” Kremlning Ukrainadagi urushini qoralab, asosan tanqidchilar, jumladan ukrainalik arboblarni efirga chiqarayotgan edi.

Yana bir muxolif organ – “Dojd” telekanali efirdan olingan, veb sahifasi Rossiyada bloklangan.

Yevropa ham ingliz tilida xorijga axborot uzatayotgan rus matbuot agentliklari faoliyatini cheklamoqda.

Rossiya Ukrainaga hujum qilganidan beri mamlakatdan bir milliondan ortiq odam qochgan. Ular qo’shni Ruminiya, Slovakiya, Polsha, Moldova, Vengriyaga o’tib ketishga harakat qilyapti.

Mintaqa mamlakatlari va ko’ngillilar ularni joylashtirishga urinyapti.

Polshaning Ukraina bilan chegarada joylashgan Korchova shahrida odamlar tranzit lageriga aylantirilgan savdo markazlarida vaqtincha yashamoqda. Ko’ngillilar ularga oziq-ovqat va kiyim-kechak yetkazmoqda.

Odamlar avval ushbu lagerga, so’ng bu yerdan Yevropaning boshqa mamlakatlariga yo’l olmoqda.

5000 ga yaqin ukrainalik Germaniyaga borgan. Ichki ishlar vazirligiga ko’ra, ularga bu mamlakatda uch yilga qolishga ruxsat beriladi. BMT hisobiga ko’ra, mojaro oqibatida ukrainalik migrantlar soni 5 milliondan oshishi mumkin.

AQShning Rossiyada va Rossiya bilan ish qilayotgan kompaniyalari hukumati sanksiyalariga qo’shilishda davom etmoqda. “Netflix” onlayn striming kanali, “H&M” va “Mango” kiyim-kechak kompaniyalari, kompyuter dasturlari ishlab chiqaruvchi “Oracle” va boshqalar Rossiyada faoliyatini qisqartirgan yoki to’xtatgan.

Fransiya Rossiyaga qarashli ikkinchi yuk kemasini hibsga olgan. Panama bayrog’i ostida suzayotgan tankerning Rossiyaga aloqador ekani aytilmoqda. 26-fevral kuni Fransiya La-Mansh bo’g’ozida avtomobil tashuvchi kemani to’xtatgan edi. Uning Rossiya razvedkasi sobiq rahbarining o’g’liga qarashli ekani aytilmoqda.

Angliyaning “Chelsi” futbol jamoasi egasi, rossiyalik milliarder va Chukotka sobiq gubernatori Roman Abramovich klubni sotishga majbur bo’lib qolganini ma’lum qildi. Uning klub veb sahifasida bergan bayonotiga ko’ra, klubning sotilishidan tushgan pul Ukrainaga qarshi urush qurbonlari uchun ta’sis etilgan jamg’armaga yo’llanadi.

Britaniya sanksiyalari sabab Abramovich Yevropadagi aktivlaridan qutulishga harakat qilyapti. Britaniya qonunchilari “Everton” klubiga bosim qo’yib, unga sarmoya qilgan yana bir rossiyalik milliarder Alisher Usmonov bilan aloqani uzishni talab qilmoqda

“Forbs” jurnaliga ko’ra, Germaniya Usmonovning Gamburgda turgan 150 metrlik yaxtasini olib qo’ygan, Tadbirkorning onasi xotirasiga “Dilbar” deb nomlangan yaxtaning qiymati 600 million dollar ekani aytilmoqda. Biroq “Shpigel” jurnali Gamburg rasmiylariga ishora qilib bu xabarni inkor etdi.

Qurilishiga 4 yil ketgan yaxta Usmonovga 2016-yilda topshirilgan. U dunyoda eng o‘g’ir yaxta bo’lib, ekipaji 96 kishidan iborat, vertolyot qo’nishi uchun ikkita maydonchasi, 25 metrlik hovuzi bor.

Rossiya ham javob choralarini ko’rmoqda. “Roskosmos” fazo agentligi rahbari Dmitriy Rogozinning aytishicha, Rossiya AQShga raketalar uchun RD-180 dvigatellarini sotishni to’xtatgan. Unga ko’ra, Rossiya 1990-yillardan beri Qo’shma Shtatlarga 122 ta shunday dvigatel yetkazgan va shulardan 98 tasi AQShning “Atlas” raketa tizimi apparatlarini uchirish uchun ishlatilgan.

Rogozin AQSh bungacha xarid qilgan dvigatellarga texnik xizmat ko’rsatilmasligini ham ma’lum qildi. Rossiya Yevropa bilan ham fazo hamkorligini to’xtatgan.

Germaniya Iqtisodiyot vaziri Robert Xabekning aytishicha, Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar natijasida yoqilg’i narxi ko’tarilib, Germaniyaning o’ziga zarar bo’lmoqda.

"Men gaplashgan AQSh va Germaniya kompaniyalarining hammasi sanksiyalarni qo’llab-quvvatlamoqda. To’g’ri, sanksiyalar ularga og’ir kelmoqda, ishchilar va xodimlarga ta’sir qilyapti, ko’plab kompaniyalarda vaziyat og’ir, biroq hech biri bu siyosat xato ekanini, sanksiyalarni to’xtatish kerakligini aytmadi”, - dedi vazir.

Unga ko’ra, elektr quvvatiga narx 130 foizga, gazga 100 foizga, ko’mirga 200 foizga, neftga 35 foizga oshgan.

"Shuni afsus bilan aytishim kerakki, Germaniya Rossiya energetikasiga tobe. Biz gazning 55 foizini, ko’mirning 50 foizini, neftning 35 foizini Rossiyadan import qilamiz. Hukumatimiz bunday tobelikdan qutulib, strategik suverenitetga erishishga harakat qiladi”, - dedi Xabek.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG