Senatdagi respublikachilar Tramp ishini yanada qiyinlashtirishi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQSh Senatidagi respublikachilar joriy hafta jiddiy zarbalarga duch keldi. Bu esa Prezident Trampning o'z rejalalarini amalga oshirishini yanada qiyinlashtiradi. Alabama shtatidan Senatga nomzodlikni partiya yetakchilariga keskin qarshiligi bilan tanilgan shaxs qo'lga kiritdi. Bundan avvalroq esa respublikachilar Obama davridagi sog'liqni saqlash qonunini bekor qilishga urinib, yana bir bor muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Senatdagi ko'pchilik yetakchisi Mitch Makkonel uchun hafta og'ir kechdi. Dastlab, respublikachilar Obamaning sog'liqqa oid qonunini bekor qilishni uddalay olmadi.

So'ng Makkonelning yaqin ittifoqdoshi, tashqi siyosat bo'yicha faol respublikachi senator Bob Korker kelasi yil nafaqaga chiqishini e'lon qildi.

Bir necha soat o'tib esa uning yana bir izdoshi, alabamalik senator Lyuter Streynj nomzodlik o'rnini ultra-konservativ partiyadosh raqibi Roy Murga boy berdi.

"Amerikani yana buyuk qilamiz. Lekin oldin Amerikani yaxshi qilishimiz kerak. Xudoning nazaridagi yurtmiz", - deydi Mur.

Alabama Oliy sudining sobiq raisi, dindorligi bilan tanilgan Mur agar dekabr oyidagi saylovda g'olib chiqsa, respublikachilar uchun boshog'riq bo'lishi mumkin.

"U o'zining tashqaridan ekanini yashirib o'tirmaydi. O'z maqsadi yo'lida partiya yetakchilariga ham qarshi chiqishdan toymaydi. Senatdagi ko'pchilik yetakchisi Makkonel uchun bu muammo bo'lishi mumkin", - deydi tahlilchi Molli Reynolds.

Murning g'alabasi respublikachilar uchun ogohlantirish bo'ldi.

"Obamacare" kabi muhim masalalarda huquqiy g'alabani qo'lga kirita olmasangiz, amaldagi qonunchilarning qayta saylanishi juda qiyin bo'ladi", - deydi respublikachi strateg Jon Fiyeri.

"Obamacare"ni bekor qila olmagan respublikachilar endi soliq islohotiga yuzlandi.

"Soliq tizimimizni qayta ko'rib chiqish uchun noyob imkoniyat bu. O'sish va ish joylari uchun imkoniyat yaratib, iqtisodiyotni rivojlantiramiz", - dedi senator Mitch Makkonel.

Ammo demokratlar qarshiligi kuchli.

"Amerika xalqiga bu ma'qul emas", - deydi senator Chak Shumer.

Senatda respublikachilar birligi yana bir bor imtihondan o'tadi.

"Ularda 52 ta a'zo bor. Partiyalar bo'lingan masalada har bir senator siz tomonda bo'lishi kerak", - deydi tahlilchi Molli Reynolds.

Soliq islohoti kelasi yilgi Kongress saylovlari oldidan Tramp va'da qilgan eng muhim masalalardan birini amalga oshirish uchun so'nggi imkoniyat bo'lishi mumkin.

"Respublikachilarning asosiy saylovchilari hozir Tramp tarafdorlari. Ular partiyaning Tramp yo'liga to'g'anoq bo'layotganini sezsa, darhol hujumga o'tishadi", - deydi Fiyeri.

"Obamacare"ni bekor qila olmagani uchun Senatdagi respublikachilar Trampdan malomatga qoldi. Soliq islohoti ham o'tmasa, yana shunday bo'lishi ehtimoli yuqori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG