Breaking News

Sharqiy yevropalik immigrantlar bilan ishlash nega qiyin?


Qo’shma Shtatlarda yashayotgan immigtantlarning ikki millionga yaqini Sharqiy Yevropa davlatlaridan. Oregon shtatining Portlend shahri - ular eng katta sonda yashaydigan hududlardan biri. Portlend shahar politsiyasiga ko’ra, muhojirlar bilan ishlash oson emas.

Oregon shtatining Portlend shahridagi immigrantlarning 50 mingga yaqini Sharqiy Yevropadan. Adi Ramik shahar politsiyasida ishlaydi.

“Bu jamoa oilaviy zo’ravonlik singari jinoyatlar bilan tanilgan. Ular bu borada xabar berishni istamaydi”, - deydi Portland shahar politsiya ofitseri.

Sababi ular huquq-tartibot xodimlariga ishonmaydi. Kamdan kam odam politsiya chaqiradi.

“Sharqiy yevropaliklar uncha-buncha odamni o’ziga yaqinlashtirmaydi, kirishimli xalq emas. Politsiya sifatida borganimda, huquq-tartibot organlari faoliyati buzilgan sistemani ko’rgani, politsiyaga ishonmasligi yaqqol seziladi. Bu degani ham ishim, ham ularning jamiyatidan bo’lmaganim uchun yaqinlashish, ishlash qiyin”, - deydi Portlend shahri politsiya ofitseri Bryan Parman.

Politsiya boshqarmasi bilan bu immigrantlar aloqasini yaxshilash maqsadida 2011-yilda Slavyanlar kengashiga asos solingan.

“Ishimiz odatda jinoyatni fosh qilishdir. Jinoyat bilan kurashish faqatgina hibsga olish emas, jinoyatga undovchi sabablarini ham o’rganish aslida. Jamoatchi faollar, dindorlar, ota-onalar bilan uchrashib biror kor hol bo’lmasdan muammoni hal qilish yo’llari borligini uqtiramiz”, - deydi politsiya ofitseri Natasha Xonsper.

Slavyanlar jamoasi bunday takliflarga avval e’tibor bermagan. Asli ukrainalik huquqshunos Yuriy Boyechko kengashga raislik qiladi.

“Politsiya sharqiy yevropaliklar bilan ishlashni bilmasdi. Ularning niyati Amerikaga, shu jamiyatga moslashishga ko’maklashish ekaniga ishonganman”, - deydi Boyechko.

Portlend shahar politsiyasi etnik jamoalar bilan ishlash uchun jamoat markazlari va madaniyat uylarida kurslar tashkil qilgan. Muhimi, Slavyanlar kengashi a’zolari ehtiyojiga mos xizmatlar yuzasidan politsiya bilan bog’lanish imkoni bor.

“Shahrimizda bunday xizmatlar ko’rsatadigan tashkilotlar talay. Tushunishimcha, ko’pchilikning bundan xabari yo’q, ayniqsa yangi kelganlar bu xizmatlardan foydalanish uchun kimga, qayerga murojaat qilishini bilmaydi”, - deydi Parman.

Slavyanlar kengashi shu tariqa huquq-tartibot organlari va immigrantlar o’rtasida ko’prikka aylanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG