Solijon Abdurahmonov: O'zgarishlardan hayratdaman


Jurnalist Solijon Abdurahmonov (chapda) huquq faoli Abdurahmon Tashanov bilan

Uzoq yillardan beri qamoqda saqlangan faollardan biri, jurnalist Solijon Abdurahmonov muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi. U o`ziga belgilangan 10 yillik qamoq jazosining 9 yilu 2 oyini o’tab bo’lgan edi. 4-oktabr kuni ozodlikka chiqqan jurnalist ayni paytda Toshkentda, u o’zi guvoh bo’layotgan o`zgarishlardan hayratda ekanligini, muddatidan avval ozodlikka chiqqanidan xursandligini aytmoqda.

So`nggi kunlarda avval “Jasliq” qamoqxonasidan huquq himoyachisi A’zam Farmonov, so`ng esa jurnalist Solijon Abdurahmonov Qarshidagi qamoqxonadan ozodlikka chiqarildi.

Uzoq yillik qamoq jazosini o`tagan bu faollarning birin-ketin ozodlikka chiqarilishi fuqarolik jamiyati vakillari, shu jumladan, AQSh tomonidan ham olqishlar bilan kutib olindi.

Ayniqsa, oxirgi paytda jamoatchilikni kutilmaganda hushyor torttirgan voqealar - yozuvchi Nurullo Otaxonov va jurnalist Bobomurod Abdullayevning hibs qilinishidan so’ng kuzatilayotgan bu olqishli yangilik hukumat islohotlar va`dasini unutmaganidan darak o’laroq qabul qilinmoqda.

Ayrim mulohazalarga ko‘ra, aynan shu hibslar bilan bog`liq jamoatchilikda uyg’ongan norozilik to’lqini qamoqdagi faollarning ozodlikka chiqishini tezlashtirgan.

Qamoqdan chiqarilgan faollardan biri, jurnalist Solijon Abdurahmonovning aytishicha, uning ozod etilishi kutilmaganda amalga oshgan.

"Chiqishim, juda tez, operativ bo’ldi. Odatda, boshda komissiya bo’ladi, keyin bu ishni sud ko’rib chiqadi. Komissiyadan o’tkazishgan edi, lekin bu hali suddan o’tadi degani emas edi. Ammo ertasiga sud bo’ldi, shuning bilan e’lon qilishdi ozod qilinganimni. Bu, albatta, juda quvonarli bo’ldi, lekin odatda suddan keyin ertasiga qo’yib yuborishar edi, hujjatlarni to’dirish, yozish uchun. Lekin men bilan birga yana bir mahkumni o’sha kunning o’zida soat kechki beshlarda ketasiz deb qolishdi. Shu bilan zudlik bilan chiqadigan bo’ldim. Qoraqalpog`istonga borish uchun biroz kechroq bo’lib qolgan edi, meni kutgani Abdurahmon Tashanov kelgan edi. U bilan maslahatlashib Toshkent orqali ketishga qaror qildik“, - deydi Solijon Abdurahmonov.

Mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov 2008-yili giyohvand moddalar savdosida ayblanib, 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. O`z tanqidiy maqolalari bilan tanilgan, bir qator xorij axborot vositalari, jumladan, "Amerika ovozi" bilan ham hamkorlik qilgan jurnalistning qamalishi uning kasbiy faoliyati, mahalliy hokimiyatdagi korrupsiyaga doir chiqishlari bilan bog‘liq ko‘rilgan edi.

Jurnalist o‘ziga belgilangan jazo muddatining 9 yilu 2 oyini qamoqxonada o`tadi, 4-oktabr kuni u Qarshidagi qamoqxonadan muddatidan avval shartli ravishda ozod qilindi.

"Men muddatidan avval shartli ravishda ozod qilishga ko’ra chiqdim. Chunki jazoning ma’lum muddati o’tganidan keyin, yaxshi xulqda yurganlarni muddatidan oldin ozod qilish tartibi bor, qonunda belgilangan. Menda bitta intizomiy jazo bor edi, ammo tarbiyaviy ishlarda, tadbirlarda yaxshi qatnashganim uchun o’sha jazoni olib tashlashganini e’lon qilishdi. Shuning uchun meni boyagi komissiyaga qo’yib, qolgan sakkiz oy muddatdan oldin shartli chiqarilsin, degan qaror bilan chiqarishdi”, - deydi 67 yoshli jurnalist.

Solijon Abdurahmonov o’zining muddatidan avval ozodlikka chiqqanini O’zbekistonda kuzatilayotgan o’zgarishlar bilan bog’laydi.

U ozodlikka chiqib, qisqa fursatda ko’rgan, o’zi guvoh bo’layotgan o’zgarishlardan hayratda ekanligini aytadi.

“Bu narsa, o’zgarishlar qamoqxonada ham bilinadi, odatda, televizor ko’rmaydigan mahbuslar ham prezidentning chiqishlarini qiziqish bilan kuzatib borishadigan bo`lishgan, qamoqxona xodimlarining munosbatlaridan ham o`zgarishlar bo’layotgani seziladi. Mana, ozodlikka chiqqach ham, so`nggi yilllardagi, yani 9 yil ichidagi mentalitetning qat’iy o’zgara boshlaganini ko’rayapman. Odamlarning bir-biriga munosabatida ham bu seziladi. Qolaversa, yana bir narsani aytmoqchi edim. Hozir eshitishimga qaraganda Human Rights Watch O’zbekistonda qayta faoliyat boshlayotgan emish, ayrim xorij axborot vositalari qaytayotgan emish, bu ham albatta quvonarli yangiliklardan”, - deydi Solijon Abdurahmonov.

Qamoqdagi boshqa siyosiy mahbuslar qatori Solijon Abdurahmonov va A’zam Farmonovlarning ham ozod etilishi uzoq yillardan buyon xalqaro tashkilotlar tomonidan talab qilib kelinayotgan edi. Qamoqda jazo muddati bir necha bor uzaytirilgan huquq himoyachisi A’zam Farmonov 11 yarim yillik mahkumlikdan so’ng ozodlikka chiqdi. U jazo muddatining aksariyat qismini “Jasliq” qamoqxonasida o’tadi.

Bu ikki siyosiy faolning ozod qilinishi huquq tashkilotlari, mahlliy faollar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.

AQShning O’zbekistondagi elchixonasi har ikki mahbusning ozod etilishi olqishlangan bayonot chiqardi, unda so`nggi paytda, aniqrog’i, O`zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan ozodlikka chiqarilgan faollar sanab o’tiladi, qamoqdagi boshqa faollar ham ozod etilishiga umid bildiriladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG