Breaking News

Suriya xorijdagi farzandlaridan yordam olmoqda


Suriya xorijdagi farzandlaridan yordam olmoqda
Suriya xorijdagi farzandlaridan yordam olmoqda

Siyosiy ta’qib va bosim tufayli Suriyani tark etgan fuqarolar vatandagi ahvoldan ko’zini uzmayapti. BMT hisobicha, o’tgan bir yil ichida mamlakatda qariyb 5500 odam halok bo’lgan.

Prezident Bashar al-Assad hukumatga qarshi bosh ko’targanlarni “terrorchilar” deb ataydi. Xorijdagi suriyaliklar yurtdoshlariga yordam qo’lini imkon qadar cho’zishga harakat qilyapti.

Hozirda AQShda yashayotgan Ammar Abdulhamid “Suriya inqilobni boshdan kechirmoqda va men ham unga hissa qo’shayapman”, deydi. U yerdagi do’stlari bilan muntazam aloqada. Ulardan axborot olib, internetdagi blogida joylashtiradi, boshqalar bilan ulashadi.

“Maqsadimiz - odamlar nima uchun namoyish qilayotganini xalqaro hamjamiyatga, Obama ma’muriyati va Kongressga tushuntirish”, - deydi u.

Ammar Abdulhamid Suriyada jurnalist edi. Prezident Bashar al-Assadni tanqid qilib maqolalar yozgani uchun bosimga uchrab, vatanni oilasi bilan tark etgan.

“Suriyada qolsam, hozir yo qamoqda, yo tobutda yotgan bo’lardim. Prezidentning bir qarindoshi o’rtaga tushib, “mamlakatdan daf bo’lgin” deb maslahat berdi”.

Suriya xorijdagi farzandlaridan yordam olmoqda
Suriya xorijdagi farzandlaridan yordam olmoqda
Xorijga kelib joylashgach, Suriyadagi ahvol haqida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish oilaviy tashabbusga aylandi. Abdulhamidning rafiqasi Yevropada, o’zi esa Vashingtonda Kongress va huquq tashkilotlarining eshigini qoqish bilan band.

“Bu sizga qandaydir islomiy, sotsialistik yoki kapitalistik inqilob emas. Odamlar qashshoqlikdan to’yib ketgani, qadr-qimmati yer bilan bitta bo’lgani, siyosat va muhim qarorlardan batamon chetlatilgani uchun bosh ko’tardi”, - deydi Abdulhamid.

Har kungi internet muloqotida u faollar bilan turli mavzularda suhbatlashadi. Mazhablararo adovatga yo’l qo’ymang, deb uqtiradi. Qo’rquv shundaki, Assad rejimi qulasa, sunniy musulmonlar, nasroniylar, druzlar va ismoiliylar bir-biriga qarshi qilich ko’tarishi mumkin.

Suriya xorijdagi farzandlaridan yordam olmoqda
Suriya xorijdagi farzandlaridan yordam olmoqda
“Muammolar, xatolar bor, albatta. Lekin qo’zg’olon yetakchilari maqsadga tinch yo’l bilan erishish uchun qo’ldan kelganini qilyapti”, - deydi suhbatdosh.

Sobiq jurnalist o’z blogida hokimiyat o’zgarishini targ’ib qiladi.

“Ammo Misr va Tunisdagi kabi harbiy to’ntarish Suriyaga kerak emas. Chunki bu – rejim sarqitlari yana hukumatda qoladi degani”, - deydi u.

“Yurakni ezadigani – internet chatxonalarida har kuni oila a’zolaringiz, faollar bilan gaplashasiz, dardlashasiz. Bugun ular siz bilan aloqada, lekin ertaga bedarak ketishi mumkin”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG