Breaking News

Suriyalik yosh qochqinlar haqida hujjatli filmlar


Suriyalik bolalar
Suriyalik bolalar

Yangi to'rt hujjatli filmda qochqinlikning mashaqqatlari suriyalik bolalar hayoti orqali ko'rsatib berildi. Bolalarni olti oy kuzatgan ijodkorlar ushbu filmlar orqali dunyo yetakchilariga yana bir bor o'z va'dalarini eslatib qo'ymoqchi: suriyalik bolalar yordamga muhtoj.

Asmaning yoshi 15 da. Filmlardan biri uning tilidan hikoya qilnadi.

"8-sinfgacha o'qidim. Ximsdagi uyimizdan uch soatlik yo'l bo'lgan Palmirada edim. Shundan keyin oilam meni unashtirib qo'ydi. Ularni qo'rquvdan xalos qilish uchun rozi bo'ldim", - deydi u.

Asmaning ota-onasi turmush qurmagani uchun qiziga jangarilar hujum qilishidan qo'rqdi. Nikoh to'yi kuni uning yoshi 12 da edi.

"Turmush qurishim bilan 4 oy ichida homilador bo'ldim. Farzandim bo'ladi, deb juda quvondim, lekin to'lg'oqdan qo'rqdim", - deydi u.

Asma hozir Turkiyada yashayapti. Ikkinchi farzandiga homiladorligi bois o'qimayapti, hayoti og'ir. Uning hikoyasi asosida film olindi. Bunday g'oyaLondonda 2016-yil "Suriyani qo'llash" konferensiyasida qilingan 11 milliard dollarlik va'dadan tug'ildi.

"Jahon liderlari har bir suriyalik bolani maktabga qaytaramiz deyishdi. Biz maktabdan ayrilgan bolalarning hayoti qanday ekanini ko'rsatishni istadik. Buni bolalarning o'zlari aytib berishidan ko'ra yaxshiroq ko'rsatish mumkinmi?" - deydi Fiona Duggan.

Bolalik zavqlari ham bor. Ammo qochqinlikning mashaqqatlari har lahza namoyon.

Mustafo chiqindiga tashlangan plastik idishlarni sotib oilasiga yordam beradi.

"Kechqurun soat 10 da uydan chiqib ketaman, chunki odamlar meni kunduzi ko'rishidan uyalaman", - deydi u.

Filmlarda urush butun bir avlodni parokanda qilgani aks etgan.

"Urush bizga azob bo'ldi. Ayniqsa, yosh ukalarimga. Ularning o'qiy olmasligini ko'rib ezilaman", - deydi 16 yoshli Rojin.

Bassamning hikoyasi ayriliq bilan boshlanadi.

"Otam ketganida 12 yoshda edim. U dengiz orqali Yevropaga ketdi. Ketganda onam, singlim va men yig'ladik. Uning hayotidan qattiq qo'rqdim", - deydi u.

Oxiri xayrli bo'ldi: Assam va uning oilasiga Avstriyadan boshpana berildi.

"Maktabga qaytganimda juda xursand bo'ldim. Chunki uch yil bormagan edim", - deydi Assam.

Suriyalik yana ikki million bola maktabga bormayotgani aytiladi. Bu esa butun bir avlod ta'limsiz o'syapti, deganidir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG