Breaking News

Tojikiston: Xalqni chet eldagi mehnat muhojirlari boqmoqda


Tojikiston rasmiylariga ko’ra, mamlakatdan tashqarida bir millonga yaqin fuqaro mehnat qilmoqda. Mustaqil manbalar esa ular sonini 2 millondan ortiq deb hisoblaydi.
Tojikiston: Xalqni bugun chet eldagi mehnat muhojirlari boqmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:30 0:00

Faqat o’tgan yilning o’zida bu muhojirlardan 3 milliard dollardan ortiq mablag’ kelib tushgan. Uning 90 foizdan ortig’i Rossiyadan jo’natilgan.

Bola-chaqasini uyda qoldirib, Moskva viloyatida turmush o’rtog’i bilan 9 oy ishlab yaqinda uyiga qaytgan Madina ismli yosh ona mehnat muhojirligining og’ir yukini bo’yniga olish sababini vatandagi ishsizlikdan ko’radi.

“Tojikistonda ish bo’lmasa, yeyish bo’lmasa, qo’limizda pul qolmay qarzga pul olib ketdik. Rossiyadayam bir joyga joylashish uchun “shapka” - pul berish kerak”, - deydi u.

Uning aytishicha, fuqarolarga yordam ko’rsatishi kerak bo’lgan rasmiy va norasmiy tashkilotlarning aksariyati korrupsiyalashgan, ostonasini bosgan zahoti pul so’rashadi.

Tojikistonda mehnat va migrasiya masalalari bilan shug’ullanuvch vazirlik xodimlaridan biri muhojirlarni Rossiyadan boshqa davlatlarga jo’natish va bu masalada Rossiyaga tobelikdan qutulish kerak deb hisoblaydi.

“Mehnat muhojirlarimizning aqalli 20 foizini boshqa davlatlarga jalb qila olsak, Rossiyaga iqtisodiy va siyosiy tobelikning oldi olingan bo’lardi. Muhojirlarimiz yangi mehnat bozorlariga chiqa olardilar, sharoitlari ham yaxshilangan bo’lardi”, - deydi rasmiy.

Mas’ul xodimning aytishicha, bu yo’lda ko’p harakatlar qilinayotgan bo’lsada, kamchiliklar yetarli.

Ziyoli Bekmurod Ziyo fikricha, tojikistonliklar Rossiyada eng past tabaqa ishchi kuchi hisoblanadi, ular muammosi yechimini respublikaning o’zida izlash kerak.

“Muhojirlarni o’z vatanimizda tayyorlamasak, har mushkulliklar va siyosiy bosimlarga ro’para bo’laveramiz. Rossiya shaharlarida elchixona va konsulliklar faoliyatini kuchaytirishimiz zarur. Birinchi galda mehnat muhojirlarining huquqiy himoyasiga e’tibor qaratish kerak”, - deydi u.

Madinaning aytishicha, mamlakatning o’zida hunarmandlar tayyorlanmas ekan, chetdan ish topish, hunar o’rganish Tojikiston yoshlari uchun muammo bo’lib qolaveradi:

“O’rta maktabni bitirayotgan yoshlarni kasbu-koru hunarga o’rgatish kerak. Bu yerda o’qitishmaydimi, u yerda albatta qiynalishadi. Hukumatki bu yerda ish bilan ta’minlolmaydimi, davlat programmasida o’qitishni yo’lga qo’yish kerak”.

Madina Moskvada bir xonada 20 menhat muhojiri navbat bilan uxlab, navbat bilan ishga borishini, shunga majburligini aytarkan, hijratda ham vatandoshlar orasida ahillik yo’qligidan kuyinadi.

“Den i noch qilib qo’ygan, kechasi uxlaganlar kunduzi ishga ketsa, kechasi ishlaydiganlar kunduzi kelib uxlaydi. Uyga qarab bo’lmaydi, lekin pulini har oy vaqtida naqd sanab oladi. O’zimizni yurtimizdan borganlar vaqtida pulni bersang ber, bo’lmasa kochaga chiqib ket deb aytadi”, - deydi u.

Mehnat muhojirlarining aytishicha, rus politsiyasi va migratsiya xizmati o’ta korrupsiyalashgan, muhojirlarni odam o’rnida ko’rishmaydi, ularni “chyorniy, negr” deb atashadi.

“Bolalarni ushlashsa, chetga olib borib oyog’igacha yechintirishadi, botinkasiyam qolmaydi. Xotinini uyiga jo’natgan bir erkakni ushlab olib, qora negr, chyorniy deb shu ahvolda urishganki, bechora lablari yorilib ketgan. Zo’rg’a oyog’ini sudrab kelib, kallasini ko’tarolmay bir hafta yotdi, nima bilan urgan desa gapirolmaydi. Kim rus puliga 300 bera oladimi, 500 bera oladimi yig’ib, u odamni jo’natib yubordik. Shu militsiya xodimlari ham odamku, insofi bormi ularni?!...”.

Muhojirlarning aytishicha, ularning 90 foizdan ortig’i hanuzgacha hukumat vakillari yoki idoralariga emas, o’z kuchlari va layoqatlariga tayanib ish ko’rishadi.
XS
SM
MD
LG