Breaking News

Tojikiston republikasi qurolli kuchlari tashkil etilganiga 20 yildan ortgan. Hozirda barcha shart-sharoitlarga ega bo’lsa-da, mamlakatda yoshlarni harbiy xizmatga jalb etish haligacha joylarda mahalliy idoralar mas'ullarining bosh og’rig’i bo’lib kelmoqda. Har yili bahor, kuz fasllarida o’tkaziladigan harbiy chaqiriqni kuzatuvchilar bu yil nisbatan yaxshi o’tganligini ta’kidlashadi.

Respublikada mavsumiy kuzgi harbiy chaqiriq nihoyasiga yetib, Mudofaa vazirligi noyabr oyi tugamasdanoq armiyani keragicha soldatlar bilan ta’minlagan.

Askarlikka har yili 18 dan 27 yoshgacha bo’lgan yigirma mingga yaqin yigit jalb etiladi. Respublikada bu yoshdagi yigitlar o’rtacha 500 mingdan ortiqroq bo’lsa-da, yoshlarni xizmatga jalb etish harbiy komissariyatlar uchun doimiy muammoga aylangandek. Ammo joriy yilda bu masala bir muncha silliq hal etildi.

Bundan ikki yil oldin ko’chalardan yoshlarni majburan tutib, uyidagilar xabarsiz holatda harbiyga jo’natib yuborish hollari uchrardi, hozir bu holatlar kamaygan. Yoshlarning harbiy xizmatdan bo’yin tovlashlari odatda xizmatga borib qaytganlarning vahimali xotiralari, quloqqa chalingan har tur tafsilotlar sabab bo’ladi.

O’g’lini harbiy xizmatdan kutib olgan yo’lovchi onaxonni uyiga eltib qo’ygan kirakash haydovchi eshitganlarini so’zlab berarkan, onaxonning gapiga ishongisi kelmaganini aytdi.

"Ikki yil xizmat davomida yigit qorni nonga to’ymaganligini, umri azoblarda o’tganligini onasiga aytibdi, menga so’zlab berdi, uyiga qaytib kelganiga hali ham ishonmasdan, kechalari qo’rqib alahsirab uyg’onib ketarmish. Bo’lishi mumkin emas, nahot hozir ham ahvol shunday bo’lsa, deb quloqlarimga ishonmadim. Yig’lab kelyapti-da, o’zini to’xtata olmaydi, hayron qoldim", - deydi kirakash haydovchi.

"Xizmatga borib qaytgan pahlavon do’stimni qishda ko’tarib, hovuzga tashlab yuborishibdi, oyoqlarini ko’rsatdi, haligacha ko’karib yotibdi", - deydi boshqa bir guvoh.

"Xo’rlik bu darajada bo’lmasligi kerak-da, bunga hech yo’l qo’yib bo’lmaydi. Nima bu, bular jarima batalyoni emasku, vatan xizmati uchun borgan. Millatidan qat’i nazar, Tojikiston hamma uchun yagona, vatan bitta bo’lgandan keyin... Bunaqada ko’ngli qolmaydimi, odamlarni, bolalarni vatanidan ko’ngli qoladi", - deydi soldat onasi bilan gaplashgan yo’lovchi.

Mahalliy kuzatuchilarning aytishlaricha, bunga harbiy qismlardagi “dedovshina” va nazoratning yo’qligi hamda mahalliychilik sabab bo’lmoqda.
Safarbarlik rejasi bajarilishi uchun ma’sul kishilar yoshlarni paydarpay tutib, harbiyga jo’natish hollari hozir ham uchraydi. Hisor nohiyasidan 21 yoshli bemor o’g’lini majburiy ravishda olib ketishgani haqida gapirgan Iqboloy Norqulova bolamni zo’rlab tutib ketishgan deydi.

"Uni o’zining mashinasidan zo’rlab tushirishib, olib ketishibdi, biz kechqurun xabardor bo’ldik. Mening farzandim bemor, salomat bo’lganida ham mayli edi, vatan uchun xizmat qilishi hech gap emasdi", - deb yig’lab yuboradi suhbat davomida Iqboloy.

Harbiy xizmatga majbur qilingan yigit shifokorlar xulosasiga ko’ra bemor topilgan bo’lsa-da, harbiy komissiya uni yana bir bor tibbiy tashxisdan o’tkazishni zarur deb bilgan.

Shu yil So'g’d viloyat harbiy komissariyati chaqiriqlarda shifokorlar tomonidan bemor deb topilgan besh yuzga yaqin yigitlar qaytadan tekshirilganda, soppa-sog’ ekanligi aniqlanganini rasman e’lon qildi.

Mehnatobod qishlog’idan Yo’ldosh ota aytadiki, hozir qishloqda harbiy xizmat yoshidagi yigitlar qolmagan, barchasi ixtiyoran armiyaga ketishgan, o’zini kasalikka soladiganlar ularning vatanlarida uchramaydi.

Bu yilgi harbiy chaqiriq oldingi yillardagiga nisbatan ancha silliq o’tgan bo’lsa-da, mahalliy idoralar tomonidan adolatsiz munosabatlar ko’zga tashlanib qoladi.

Huquqshunos Jahongir Nazarovga ko'ra, adolatsizlik yoshlar qalbida nafrat va ishonchsizlik uyg’otadi.

"Qonunga ko’ra, yigitning bemorligi ommaga e’lon qilinmasligi zarur, buning javobgarigi bor, kasalligini oshkor etmaslik shart," - deydi Jahongir.

Respublika Mudofaa vazirligi mas'ul xodimi Faridun Mahmadalizoda "Ozodlik" radiosiga bergan sharhida yuqoridagi holatlar bo’lganini tan olsa-da, bu ishda harbiylarning qo’li yo’qligini aytgan.

"Agar ularning bemorligi haqiqatdan tasdiqlansa, ularning nega davolanmaganligi tekshiriladi, haligacha xizmatga yaroqsizligi aniqlanadi, ana keyin chora ko’riladi", - deydi Faridun.

Shunday sabablar ko’rinar ekan, harbiydan bosh tortayotganlarni qayta tekshirish tabiiydek tuyulsa-da, hali o’smir yigitchalarning o’zi harbiy qismlardagi sharoitlar yomonligiga guvoh bo’lishganini aytadi. Lekin hozirda harbiy xizmatga ixtiyoriy ketayotganlar safi oshmoqda, bunga ommaviy targ’ibotning kuchayganligi, hukumat olib borayotgan samarali tadbirlar, armiyadagi ijobiy o’zgarishlar sabab bo’lmoqda, deydi kuzatuvchilar.

Dushanbelik onaxon Asalxon Radjabova kichik o’g’li Maqsudjon ixtiyoriy ravishda xizmatga borganligini, harbiy qismga o’zi borib kelganini, sharoitlari juda yaxshiligini ta’kidlaydi.

"O’g’lim harbiy xizmatga ixtiyoriy ketdi, onaman, harbiy qismiga borib, ko’rib keldim. Obu-ovqati, sharoitlariga gap yo’q, avvalgi azoblar ko’rinmaydi, o’z ko’zim bilan ko’rib, shohid bo’ldim. Farzandingizni to’yib-to’yib ko’rasiz, olib borganlaringizni yedirasiz, biron-bir cheklovlar yo’q, hammasi yaxshi. To’g’ri, avval noustav holatlar uchrardi, hozir hatto hojatxonalarigacha kuzatuv kameralari o’rnatishgan. Shu darajada nazorati bor, juda yaxshi hozir. Hatto namoz uchun alohida joylar qilib berishgan, men o’zim qoyil qolib keldim", -deydi Iqboloy.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG