Breaking News

Xorijiy yordam Markaziy Osiyo davlatlari harbiy salohiyatini qanchalik oshirdi?


O'zbekiston askarlari
Markaziy Osiyo davlatlari bugun harbiy jihatdan qanchalik qudratli? Chet eldan qancha yordam olmoqda? Yangi tadqiqot natijalariga ko’ra, besh respublikaning har birida imkoniyatlar cheklangan. Armiya va xavfsizlik kuchlarini rivojlantirayotgan rahbarlarning asosiy maqsadi rejim mudofaasi va ichki tahdidning oldini olishdir, deydi tahlilnoma muallifi Dmitriy Gorenburg (Dmitry Gorenburg), Garvard universiteti olimi.

Ochiq jamiyat jamg'armasi chop etgan bu hisobotni mana bu yerda ingliz tilida o'qishingiz mumkin.
Markaziy Osiyo respublikalariga xorijdan harbiy yordam-Tahlil-Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:31 0:00
Yuklab oling
Dmitry Gorenburg - US military assistance to Central Asia - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:30 0:00
Yuklab oling

Mustaqillik yillarida mintaqadagi har bir mamlakat o’z qurolli kuchlari va xavfsizlik tizimini oyoqqa turg’azdi. Harbiy sohaga ajratilgan mablag’ O’zbekiston va Qozog’istonda millionlab dollardan milliardga o’tdi. Masalan, 2004-yilda O’zbekistonda harbiy byudjet 54 million dollarni tashkil etgan bo’lsa, 2010-yilga kelib, 1 milliard 420 million dollarga chiqqan. Qozog’istonda 2004-yilda 357 million sarflangan bo’lsa, xarajatlar 2010-yilda 1 milliard 120 millionga yetgan. Qirg’izistonda 96, Tojikistonda 84, Turkmanistonda esa 261 million dollar. Bu rasmiy ma’lumotlar. Asl raqamlar boshqacha bo’lishi mumkin, deydi ekspertlar.

Markaziy Osiyoda bugun qay davlat harbiy jihatdan eng qudratlisi?

“Nisbatan olib qarasak, Qozog’iston”,- deya javob qiladi Dmitriy Gorenburg. “Bu davlat qurolli kuchlari va xavfsizlik tizimi eng zamonaviy jihozlarga ega, ta’lim va malaka darajasi nisbatan yuqori”.

2012-yilda esa Ostona harbiy soha uchun 2 milliard 270 million dollar ajratgan. O’zbekiston, mintaqadagi eng yirik davlatda, o’sha yilgi sarf-xarajatlar aniq emas, lekin hajm jihatdan respublika armiyasi eng kattasi deya taxmin qilinadi. Biroq, izlanishlar shuni ko’rsatadiki, salohiyat nuqtai-nazaridan ular sal orqada.

Markaziy Osiyo xorijdan texnik yordam va qurol-aslaha sotib oladi. Rossiya bu borada birinchi o’rinda. Yevropa Ittifoqi va Qo’shma Shtatlar muhim rol o’ynaydi. Xitoy eng yirik iqtisodiy hamkor bo’lsa-da, harbiy oldi-beri u qadar faol emas. Rossiya ko’mak berib, qurol sotib, Qirg’iziston va Tojikistonda o’z harbiy bazalarini saqlab qolmoqda, deydi Gorenburg. Mintaqa davlatlari uchun qulay tomoni – Rossiyadan kelayotgan qurol-texnikani tushunish va ishlatish osonroq. O’zbekiston, Qirg’iziston va Tojikiston G’arb ko’magiga umid bog’lasa, Qozog’iston asosan xarid qilishga o’tgan. Masalan, Yevropa Ittifoqidan katta miqdorda harbiy samolyot va vertolyotlar sotib oladi. O’zbekistonga AQSh yaqinda bir necha broneavtomobil berishga qaror qildi. Afg’onistonda qo’llanilgan, MRAP rusumidagi minalarga chidamli mashinalar. Oldinroq kichik dronlar, shuningdek, tunda ko’radigan durbinlar va zirxli kiyimlar bergan edi. O’zbekiston harbiy vertolyotlar so’ragan, lekin keyinchalik iltimosini qaytib olgan.

Gorenburgning qayd etishicha, Amerika berayotgan harbiy yordam odatda bo’rttirib ko’rsatiladi. Rasmiylar ham bu xulosaga qo’shiladi. Axborot vositalari, ayrim tahlilchilar, Rossiya manbalari mubolag’a va uydirmalarga usta, deya noliydi mutasaddilar. Aslida, ko’mak ko’lami u qadar katta emas va AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Afg’onistonni tark etgach, u yanayam ozaysa, ajab emas.

Turkiya, Hindiston va Isroil ham Markaziy Osiyoda harbiy xaridor va hamkorlarga ega. Qurol-aslaha va boshqa uskunalar uzatib, ular bu muhim mintaqada o’ziga xos rol o’ynashga urinmoqda, deydi olim.

Gorenburg tahlilicha, Markaziy Osiyoga xorijiy harbiy yordam salbiy ta’sir ko’rsatdi yoki ko’rsatmoqda deyishga dalil yo’q. Lekin ijobiy oqibatlarini sarhisob qilish ham qiyin. Progress deb atashga arzigulik o’zgarish balki chet el yordami bilan harbiylarning uquvi va malakasi oshganidir, deydi u. Qizig’i shuki, aynan shu javobni Amerika rasmiylaridan, xususan Mudofaa vazirligidan ham eshitasiz. Kongressga berilgan hisobotlarda Pentagon Markaziy Osiyo davlatlariga chegara xavfsizligi, qoradori savdosi va terrorizmga qarshi kurashda e’tiborni ko’proq treningga qaratayotgani aytiladi.

Qonunchilarning istagi shuki, Amerika bu respublikalarning harbiy salohiyatini rivojlantirishda diqqatni demokratik prinsiplar, inson huquqlari va mas’uliyatga qaratmog’i lozim. Demokratik tuzumda qurolli kuchlarni noharbiy rahbarlar boshqaradi. Xavfsizlik sektori xalq saylagan vakillar - parlament nazoratida. Kelasi yillarda Amerika kamroq moliya ajratadi, lekin borini ham ko’proq o’quv dasturlariga sarflash ko’zlangan.

2013-yilda AQSh Davlat departamenti byudjetida Markaziy Osiyoga ajratilgan umumiy yordam miqdori 118,3 million dollarni tashkil etgan. Tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash uchun shu mablag’dan 30,3 millioni ajratilgan. Uning eng ko’p qismi, deyarli 10 million dollari Tojikistonga ketgan. Qirg’izistonga 9,2; Qozog’istonga 5,8; O’zbekistonga 3,4 va Turkmanistonga 2,1 million dollar.

Mudofaa vazirligi mintaqada Davlat departamentidan ko’proq mablag’ sarflaydi. Buning asosiy sababi – xarajatlarning Afg’oniston bilan bog’liqligi. 2012-yilning birinchi choragida, masalan, Pentagonning O’zbekistondagi sarfiyati qariyb 12 millon dollarni tashkil etgan. Uning katta qismi Afg’onistonga no-harbiy yuk tashiladigan Shimoliy Ta’minot Tizimi va qoradori savdosiga qarshi kurash uchun ketgan.

Harbiy yordam ko’rsatishdan asosiy maqsad albatta ko’proq ta’sir kuchiga ega bo’lish, shuningdek, tinchlikni saqlashga hissa qo’shish. Mintaqa barqarorligidan g’arbu-sharq birdek manfaatdor, deydi mutassadilar.

Mintaqa rahbarlari o’z hokimiyatlarini mustahkamlash uchun tahdid darajasini ataylab oshirib ko’rsatishi hech kimga sir emas, deydi Gorenburg. Afg’onistondagi urushda ularning hamkorligi zarur bo’lgani uchun, AQSh O’zbekiston singari davlatlarga qo’yilgan cheklovlarni vaqtincha olib tashladi.

Lekin bu yordam bilan tub muammolar, ya’ni har qanday jamiyatni jar yoqasiga yetaklaydigan yulg’ichlik va korrupsiya, sistematik qonunbuzarliklar, ichki nizolar, ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlikka qarshi konkret qadamlar qo’yilmadi.

Tadqiqotchi Dmitriy Gorenburg fikricha, xorij aynan ichki xavfsizlik tizimlari malakasini oshirish, ularni isloh qilishga e’tibor qaratsa, foyda berishi mumkin. Chunki beqarorlikka yetaklovchi sabablar asosan ichki ekani ayon. O’tgan davr mobaynida AQSh respublikalarning maxsus kuchlarini treningdan o’tkazgani ma’lum.

Chunki, deya tushuntiradi ekspert, biror joyda mojaro chiqsa, maxsus kuchlar safarbar etiladi, ularni zarur tayyorgarlikdan o’tkazish maqsadga muvofiq. Lekin ichki ishlar tizimiga ham ko’proq ahamiyat berish kerak, chunki ular aholi bilan doimiy aloqada.

Shu bois ham, deydi Gorenburg, barcha respublikalar va ularning harbiy hamkorlari o’z strategiyalarini qayta ko’rib chiqishi kerak. Harbiy sohani isloh qilish izchil rejalar va eng muhimi, siyosiy iroda talab qiladi, ya’ni xalq manfaatini ko’zlovchi dasturlar.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi"ning yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for nearly 20 years on TV, radio and online. For the last year, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented over 800 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and The Atlantic. Imamova also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at the Uzbek state broadcaster in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG