Breaking News

Tojikiston: Aleksandr Sodiqov tovon evaziga qo'yib yuborilgan, tergov davom etmoqda


Aleksandr Sodiqov, tojikistonlik tadqiqotchi va globalvoicesonline.com muharriri
Aleksandr Sodiqov, tojikistonlik tadqiqotchi va globalvoicesonline.com muharriri

O'tgan oy Tojikistonda josuslikda ayblanib hibsga olingan olim Aleksandr Sodiqov tovon evaziga qo'yib yuborilgan. "AziyaPlyus" axborot agentligiga bergan intervyusida Sodiqov uyda oilasi bilan ekanini aytadi.

"Tergov ishi professional va xolis ravishda olib borilayotganiga ishonchim komil. Shunday davom etadi degan umiddaman",- deydi u Dushanbeda asoslangan axborot vositasi bilan muloqotda.

Asli tojikistonlik va shu davlat fuqarosi bo'lmish Sodiqovning qayd etishicha, hibsda unga yaxshi muomalada bo'lishgan.

"SIZOda yaxshi ovqatlantirishadi, munosabat yaxshi, sog'likka qarashadi va yaqinlaringiz berib yuborgan narsalarni olib turasiz", - deydi Sodiqov.

Kanadaning Toronto universiteti doktoranti va Britaniyaning Ekseter (Exeter) universitetining ilmiy loyihasida ishlayotgan tadqiqotchi 16-iyun kuni Tog'li Badaxshon viloyatining Xorug' shahrida Tojikiston Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan hisbga olingan.

Sodiqov izlanish olib borayotganini aytsa, organlar uni xorijiy davlat uchun maxfiy ma'lumotlar to'playotganlikda, josuslikda gumon qiladi.

"Tergov natijasini kutamiz",- deydi ayblanuvchi.

Uning G'arbdagi hamkasblari va Markaziy Osiyo bo'yicha mutaxassislar dunyo bo'ylab, "Sodiqovni ozod eting" - #freealexandersodiqov - shiori ostida kampaniya olib borayotgan edi.

Sodiqov hozirda ulardan va jurnalistlardan "vahima ko'tarmaslikni va ish oxiriga yetguncha sabr qilishni" so'ramoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG