Tojikiston: mustaqillikdan 26 yil o'tib hayot qanday?


Tojikiston bo'lab mustaqillik tantanalari

Tojikiston o’z mustaqilligining 26 yilligini oldingi yillardagiga qaraganda ancha ko’tarinki ruhda nishonlamoqda. Lekin bugungi respublikada aholi hali ham qashshoq, mehnatga yaroqli kishilarning aksari muhojirotda, vatanda ro’zg’or tebratish uchun maosh yetarli emas. Vatan Manzaralari blogida ham o'qing.

Ziyoli Husayn deydiki, mamlakat aholisi mehnat muhojirlaridan kelayotgan pul hisobiga tirikchilik o’tkazmoqda va bu kelajakni belgilay olmaydi.Tojik ijodkori Farzona Murodiy esa mamlakatda bo’layotgan qurilishlar misolida respublikadagi o’zgarishlar yaqqol ko’zga tashlanayotganini, sho’rolar davridagidan farq kattaligini ta’kidlab o’tadi.

"Sho’rolar davrida necha yil orasida birgina to’rt qavatli uy qurilsa, tojik xalqi sho’rolar bizga uy qurib berdi deb to’y qilardi. Lekin hozir allaqachon har oy shaharlarda o’nlab ko’p qavatli uylar qurilmoqda, obodonchilik juda katta, o’zgarishlar ham ulkan, - deydi Farzona.

O’qituvchi Qo'chqor Otayev o’z navbatida qurilishlar sifati sustligi, bunda ekologiyaga e’tiborning yo’qligi, mehnat muhojiroti, korrupsiya avj olganini nolish bilan tilga olar ekan, bu ham mustaqillik sharofati deb kinoya qiladi.

"Shunday joylar borki, qurilayotgan zavodlar umuman nazoratda emas, atrof-muhitga zarar yetkazmoqda, odamalar salomatligiga xavf tug’dirmoda, aholini to’qson to’qqiz foizgacha zaharlab, kasalmand qilmoqda. Yurtda bemor ko’paysa, iqtisodga zarar emasmi?" - deydi kuyinib o’qituvchi.

Uning aytishicha, burungi zamonlarda bu kabi ishlab chiqarish korxonalari turar-joy maskanlaridan yiroqda qurilgan, hozir esa, istalgan joyda, xohlagancha qurishmoqda. U istiqloldan so’ng maorif tizimi ishdan chiqqanligini, maktablarga e’tibor yuzakiligini tanqid qilarkan, pul bilan hamma ham o’qiyvermaydi deydi. Yoshlarning Amerika, Yevropa davlatlari, Yaponiya va Xitoyda tahsil olayotganini shunchaki siyosat deb baholaydi.

"Qaysi odamlarning farzandlari, qanaqa yo’l bulan pul topib u yerlarda o’qimoqda, u yerlarda o’qishgani bilan nima qilishadi, o’ylab ko’ring? Korrupsiya esa yil sayin tomir otmoqda, sababi - yakka hokimlik, mustaqillik," - deb kinoyali kuladi o’qituvchi.

Unga ko'ra, xalq uchun harakat qilib kuyinadigan rahbarlar kamayib ketgan.

Ziyolilarning fikricha, mustaqillik yillarida minbarlarda turib el g’am-tashvishi haqida gapiradiganu, aslida o’z nafsini o’ylaydiganlar ko’paygan.

"Faqat ishlayveringlar, menatni qattiq qilinglar degan shiorni baland ko’tarib olishgan, xalq shunaqa holatga kelganki, bechoralar inday olishmaydi",- deb ochiq aytadi mahalliy ziyoli.

Istiqlol bilan hamnafas tug’ilgan yosh mutaxassis Munisa Nosirova mustaqillik yillarida voyaga yetgan, u yaqindagina oily ma’lumotli bo’ldi.

"Faxr qilamanki, istiqlolning 26 yilligi oldidan a’lo bahodagi oily m’lumot diplomiga ega bo’ldim. Biz - yoshlar davlatimizdan g’oyat minnatdormizki, joriy yilni yoshlarga bag’ishladi, bizlarga katta imkoniyatlar berdi, tojik yoshlari jahonning istalgan mamlakatlarida o’qishlari, ishlashlari mumkin. Osmonimiz tinch va musaffo, biz uchun eng muhimi ham mana shu", - deydi Munisa.

Tojik olimasi, iqtisod fanlari nomzodi Malika Saidmurodova istiqlol sabab respublika iqtisodiyoti qisqa fursatlarda yuksalganini urg’ulaydi.

"Ta’kidlash zarurki, respublika rahbariyatining tashqi va ichki siyosatda olib borayotgan oqilona siyosati sabab, mamlakatga chet el sarmoyalari jalb etilib, ulkan o’zgarishlar bo’lmoqda. Mamlakat siyosatining uch ustuvor yo’nalishi - oziq-ovqat ta’minoti xavfsizligi, kommunikatsion qamaldan chiqish va energetik mustaqillikka erishishdek strategik harakatlar asta-sekin o’z natijalarini bermoqda. Chet el sarmoyalari hisobidan shimol va janubiy qo’shnilar tomon zamonaviy avtomobil yo’llari, yangi temir yo’llar, yuksak to’glar bag’rida tunnellar, katta va kichik GESlar qurilmoqda, kelajagimiz porloq", - deydi tojik olimasi.

Filologiya fanlari nomzodi Bahriddin Alizoda Tojikistonda aholi qashshoqligi o’tgan yillarda keskin kamaytirilishiga erishilganini mamnuniyat bilan tilga olarkan, bu sohada hali ishlar davom etayotir deydi.

"Mustaqillikning ilk yillarida aholimizning 83 foizi qashshoq edi, bu ko’rsatkich hozir o’ttiz foizga tushdi, shuning o’zi bizning yutug’imiz. Yaqin yillarda bu ko’rsatkichni yanaham kamaytirishimiz lozim, bunga salohiyatimiz etarli deb o’ylayman, - deydi Alizoda.

Oliy toifali o’qituvchi Abdurashid Bugutov mustaqillik yillarida xalq boy, o’rtahol va kambag’allar toifasiga bo’linib qoldi, ammo mehnat qilgan kam bo’lmaydi, yoshlarning o’zi hunarmand bo’lib qolgan deb aytadi.

"Mustaqillikda kim qanday uddalasa, ana o’shanday yashamoqda, halol mehnat qiladimi, boshqami, ishi yo’q. Kimdir bechoraholga aylanib, qashshoqligi yashash, turmush tarzidan aniq bilinib qolyapti. Aholi uch pog’onaga bo’linib ketgan, boy, o’rthol va kambag’allar. Lekin harakat qilganlar quruq qolmaydi, o’rta hol bo’ladi, undan pasti miskinlar. Mustaqillikning mana shu tomonlari salbiy ko’rinish bo’ladi. Sistema mustaqil bo’lgani bilan tenglik yo’q, bugungi ahvolga uch yarim baho bera olaman", - deydi oliy toifadagi o’qituvchi.

Shu bilan birga u agar mehnat qilsalar, hech kim kambag’al bo’lib qolmaydi, mustaqillikning xalqga ozodlik bergani, kim nimani istasa, o’shanga erisha olish imkoniyatining borligi oily ne’mat hisoblanadi, odamlar yashashning qadriga yetadigan bo’ldi, deydi.

Ayrim mahalliy ziyolilar respublika tobora tashqi qarzlar botqog’iga botib bormoda va bu mamlakat mustaqilligiga raxna soladi desa-da, ko’pchilik Tojikiston dunyo hamjamiyati bilan hamkorlikda, albatta, yuksalishiga ishonch bildiradi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG