Tahlil: Tolibon zaif va bu murosa uchun imkoniyat

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonda o'tgan yili tinch aholi orasida talafotlar soni oshib, 3500 odamni tashkil etgan. Tolibon bilan kurash davom etar ekan, BMTning bildirishicha, yana 8 ming odam jarohatlangan. Ammo yangi tahlilga qaraganda, toliblar bugun har qachongidan tarqoq va bu murosa izlash uchun qulay imkon bo'lishi mumkin.

Kolbul va boshqa shaharlarda qonli hujumlar hanuz odatiy hol.

"Afg'onistonda tinch fuqaro hamon qo'rqinchli ko'lamda nobud bo'lmoqda, biroq buning oldini olsa bo'ladi", - deydi BMT vakili Tadamichi Yamamoto.

Yangi tahlil mualliflaridan, professor Teo Farrel so'zlariga ko'ra, Tolibon rahbariyati bugun nihoyatda zaif va bu nodir imkoniyatdir.

"Toliblarning yangi rahbari Oxunzoda Haybatullani juda zaif deb bilishadi", - deydi olim. "Jangarilar orasida o'tkazgan so'rovdan bildikki, u nomiga rahbar. Bu harakatning sardori yo'q bugun deya xulosa qilish mumkin", - deydi u.

Jangarilar va Kobul o'rtasida norasmiy muzokaralar bo'lib o'tgan. Tolibonning sharti shuki, muloqot rasman davom etishi uchun NATOning 13 ming askari Afg'onistondan ketishi kerak.

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani dekabrda qilgan chiqishida Pokistonni o'z hududida toliblarga qarshi dadil chora ko'rmayotganlikda aybladi. Natijada Afg'oniston jabr ko'rmoqda.

"Tolibon Pokistonda panoh topgan, hukumat bunga indamaydi. Toliblar sardorlaridan biri Mulla Rahmatulla yaqinda aytganidek, agar Pokistonda qarorgohi bo'lmasa, jangarilar bir oyga ham chidamas edi", - deydi G'ani.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG