YXHT O'zbekistonga: Hibsdagi jurnalistlarni ozod eting


YXHTning matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Arlem Dezir

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) qamoqdagi o`zbek jurnalistlari ozod etilishini talab qilmoqda. Matbuot ochiqligi bo‘yicha Toshkentda o‘tgan mintaqaviy konferensiyada qamoqdagi jurnalistlar masalasi ko’tarilgan. Bu haqda mintaqaviy konferensiya tashkilotchisi YXHTning matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Arlem Dezir bayonot qilgan.

Qamoqdagi o‘zbek jurnalistlari Dilmurod Sayid, Yusuf Ro‘zimurod, Bobomurod Abdullayevni ozod etilishi masalasi Arlem Dezirning o‘zbek rasmiylari bilan o‘tkazgan ikki tomonlama muzokarasida ham muhokama qilingan.

«Markaziy Osiyoda ochiq jurnalistika» deb nomlangan va Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro konferensiya YXHT tomonidan tashkil qilingan. So‘nggi 15 yil ichida O‘zbekiston tomonidan ilk bor qabul qilingan bu anjumanda mintaqa matbuoti vakillari, xalqaro tashkilot vakillaridan iborat 100 ga yaqin delegat qatnashgan.

Markaziy Osiyodagi so‘z erkinligi muhokama qilingan bu anjumanda o‘zbek rasmiylari ham ishtirok etishgan, ammo qamoqdagi jurnalistlarga oid masala izohsiz qoldirilgan.

Bu masalani YXHTning matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Arlem Dezir ko‘targan.
Dezir konferensiyadagi chiqishida ham, o‘zbek rasmiylari bilan o‘tkazgan ikki tomonlama muzokaralarida ham bu masalaga diqqat qaratganini aytadi.

«Men Dilmurod Sayid, Yusuf Ro‘zimurodov, Bobomurod Abdullayev va qamoqda qolayotgan boshqa jurnalistlarni ozod etishga chaqiraman. Buning imkoniyati bor va bu muqarrar amalga oshirilishi kerak», - degan Harlem Dezir o‘zbek rasmiylari bilan o‘tgan muzokarada.

Arlem Dezir matbuot erkinligi, qamoqdagi o‘zbek jurnalistlari masalasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi raisi o‘rinbosari Sarvar Otamurodov, Axborot texnoloigiyalari va kommunikasiya vaziri Sherzod Shermatov, Oliy Majlisning Axborot texnologiyalari Qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev bilan gaplashgan.

Toshkentdagi konferensiyada Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan qamoqqa olingan jurnalist Bobomurod Abdullayev masalasi rasmiylar tomonidan izohsiz qoldirilgan, rasmiylar Abdullayev qonunni buzganligi uchun hibsda saqlanayotganini aytish bilan cheklanishgan.

27-sentabr kuni MXX tomonidan hibsga olingan jurnalist Bobomurod Abdullayev taqdiri, salomatligi hozirgacha mavhum; faqat uning davlatga qarshi fitna tayyorlash, hukumatni ag‘darishga urinishda ayblanayotgani ma’lum qilingan.

Abdullayevga davlat tomonidan belgilangan advokat bilan jamoatchilik vakillari, hatto Bobomurodning yaqin qarindoshlari ham uchrasha olmayapti.

Yaqinda Bobomurod Abdullayevning onasi Gavharjon Madaminova Prezident Shavkat Mirziyoyevga ochiq murojaat bilan chiqdi. Ona bu murojaatda o‘g‘lining ozod etilishida prezidentdan ko‘mak so‘raydi, hamon qamoqdagi o‘g‘li bilan uchrashish imkoniyatidan mahrum qolayotganini aytadi.

Bobomurod Abdullayev ochiq jamiyat qurish maqsadida ekanligini e’lon qilgan yangi hokimiyat davrida qamoqqa olingan birinchi jurnalist. Uning qamoqqa olinishi prezident Mirziyoyevga ishonch bildirayotgan xalqaro tashkilot vakillarini ham, mahalliy jurnalistlarni ham hushyor torttirdi.

Inson huquqlari, so‘z erkinligi bilan shug‘ullanuvchi bir nechta xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston hukumatiga jurnalistni zudlik bilan ozod qilish haqidagi murojaat bilan chiqishdi. Hukumat bu murojaatlarni izohsiz, e’tiborsiz qoldirmoqda.

«Markaziy Osiyoda ochiq jurnalistika» konferensiyasi ishtirokchisi, mustaqil jurnalist Alkesey Voloseyevichga ko‘ra, u anjumandan aynan shu savollarga javob olishni, hukumat rasmiylarining jurnalistlar xavfsizligiga oid munosabati ochiqlanishini istagan.

“Afsuski, jurnalistlarni qayta tayyorlash Markazi rahbari Gulnora Bobojonovaning “Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida keng miqyosli islohotlar o‘tkazilyapti”, deb boshlangan nutqidanoq hafsalam pir bo‘ldi, jurnalistlarni bugun qiynab turgan muammolar haqida munozara bo'lmasligini tushundim. Bobomurod Abdullayev masalasi dolzarb edi, buni men ham, jurnalist Segrey Naumov ham, shuningdek, Chegara bilmas muxbirlar vakili Johaan Bir ham ko‘tardi, ammo rasmiylar biror izoh berishmadi, O‘zbekiston tomonidan asosiy spiker bo‘lgan Bobojonova ham jo‘yali javob berolmadi, ayniqsa, Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti vakili Johaan Birning qamoqda Bobomurod Abdullayevning huquqlari buzilayotgani haqidagi savoliga hech qanday javob bo‘lmadi”, - deydi Aleksey Voloseyevich.

«Markaziy Osiyoda ochiq jurnalistika» konferensiyasi ikki kun davom etdi. Unda so‘z erkinligi ta’qib ostida bo‘lgan boshqa davlatlar, jumladan, Turkmanistondan ham mustaqil jurnalistlar ishtirok etgan.

Xorijda faoliyat yuritayotgan "Turkmaniston muqobil yangiliklari" nashri muharriri Rustam Myatiyev Turkmanistondagi bugungi vaziyat marhum Saparmurod Niyozov davridagidan mutlaqo farq qilmasligi, mamlakatda hokimiyat almashishi hali matbuot erkinlashishining kafolati emasligi haqida gapirgan.

Toshkentda ikki kun davom etgan xalqaro konferensiya yakunida jurnalistlarning YXHT a’zo davlatlariga qaratilgan bayonoti qabul qilingan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG