Britaniya: Terrorga ortiq toqat qilmaymiz

  • Amerika Ovozi

Britaniya rahbari Tereza Mey, London, 4-iyun, 2017

Britaniyada o'tgan uch oy davomida uch terror xuruji sodir etildi. So'nggi hujum London ko'prigi va uning yaqinida yuz berib, kamida yetti kishi halok bo'lgan. Bu, deydi Bosh vazira Tereza Mey, islomiy ekstremizmdek yovuz mafkura mahsulidir.

"Jamiyatdagi mutaassib kuchlarni yo'q qilish uchun qattiqroq harakat qilishimiz zarur", - deydi Mey.

"Yetar endi shuncha chidaganimiz. Hamma narsaning chegarasi bor".

3-iyun kuni kechqurun ro'y bergan xurujni uch kishi amalga oshirgan, deya bildirmoqda London politsiyasi. Ular o'ldirilgan. 48 kishi jarohatlangan.

Katta yuk mashinasi London ko'prigida kuchli tezlik bilan odamlarni yoppasiga bosib ketgan. Keyin esa ko'prik yonidagi bozorga kirib to'xtagan. Ichidan tushgan uch erkak bir necha odamni pichoqlagan. Voqea kech soat 10 larda yuz bergan.

Politsiya hujumchilarni otishga ulgurgan. Sakkiz daqiqalik ayanchali fojia.

Terror hujumi ekani aniq, deydi rasmiylar. Yuk mashinasi mahalliy kompaniyadan yollangan.

London meri Sodiq Xon hujumni qoralab, hech kimning bunday qabih ishlar qilishi uchun asos yo'q, deya qayd etmoqda. Terrorchilar, deydi u, inson emas.

Xavfsizlik xodimlari, London, 4-iyun, 2017
Xavfsizlik xodimlari, London, 4-iyun, 2017

Mart oyida Vestminster ko'prigida, ikki hafta oldin esa Manchester shahridagi terror xurujlarida o'nlab odamlar o'ldirilgan edi, 100 dan ziyod kishi jarohatlangan.

AQSh, Britaniyaning yaqin ittifoqchisi, har jihatdan yordamga tayyor. Prezident Donald Tramp tergovda va islomiy ekstremizm va terroristlarga qarshi kurashda madad ko'rsatishga va yaqindan birga ishlashga shay.

Davlat departamenti amerikaliklarni Britaniya va dunyo bo'ylab ehtiyot bo'lishga undab, biror nojo'ya holat kuzatilsa, darhol elchixonaga murojaat qilishga chaqirmoqda.

Ichki xavfsizlik vazirligi Britaniya organlari bilan aloqada. AQShda terror xuruji ehtimoli past, deydi AQSh rasmiylari.

Prezident Tramp fikricha terrorizmga qarshi kurash mamlakatga kirib kelayotgan chet elliklar oqimini cheklashni, ularni qattiq tekshirishni talab etadi. Lekin uning bu fikri Amerikada ham, Yevropada ham tanqid ostida. Terrorchilar jamiyatlarni erkinlikdan ayira olmaydi, degan qarash keng tarqalgan. Lekin favqulodda choralarni keskinlashtirish kerak, deya Oq uyni quvvatlayotganlar ham talay.

London shahar xaritasi
London shahar xaritasi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG