Tillerson: Diplomatik maqsadlarga tejamkorlik bilan erishamiz

  • Amerika Ovozi

Tillersonning aytishicha, Amerika maqsadlariga erishishda faqat moliyaga suyanishi shart emas.

Davlat kotibi Reks Tillerson diplomatiya va tashqi yordam uchun byudjetni kesish qarorini himoya qilmoqda. Kongress har ikki palatasi vakillari oldida so'zlar ekan, tashqi siyosatdagi maqsadlarga tejamkorlik bilan ham erishish mumkin, deydi u.

Tillerson Senat va Vakillar palatasi qo'mitalarida savol-javob qilindi. Qonunchilar nazarida harbiy sarfiyatni oshirib, diplomatiya, taraqqiyot va tashqi madad uchun moliyani qisqartirish oqil yondashuv emas.

Prezident Donald Trampning 2018-yilgi byudjet loyihasi Davlat departamenti va Xalqaro taraqqiyot agentligi uchun moliyani bu yil bilan qiyoslaganda uchdan birga kesadi. Tillersonning aytishicha, bu ikki idora o'tgan 10 yilda 60 foizga o'sgan va joriy 2017-yilda byudjeti 55 yarim milliard dollarga yetgan.

"Shu yo'sinda davom ettirish to'g'ri emasligini bilgan holda kelasi yilgi byudjetni kamaytirmoqchimiz", - deydi bosh diplomat.

Tramp ma'muriyati harbiy xarajatni oshirib, tashqi yordam va diplomatiya uchun moliyani 32 foizga kamaytirishni taklif qilayapti. Demokrat qonunchi Eliot Engel buni xato deb hisoblaydi.

Diplomatiya va taraqqiyot loyihalariga sarmoya kiritmasak, kelgusida o'zimizga ziyon qilgan bo'lamiz, deydi u. Hozirdanoq mojarolarning oldini olish uchun moliya ajratmasak, kelgusida urushlar bilan yuzlashishimiz hech gapmas, deydi qonunchi.

Respublikachi senator Lindsi Grem fikricha ham Davlat departamentida byudjet qisqarsa, natijada AQShning notinch o'lkalardagi elchixonalari tahdid ostida qoladi.

Gremning aytishicha, beqaror davlatlar ahliga yordam uzilsa, bundan terrorchilar yutadi, xolos.

"Terrorchilar juda ma'qul ko'radi bunaqa xabarni, - deydi senator. "Amerikaning yegulik va ta'limiy yordamini jangarilar ko'rgani ko'zi yo'q. Bu madad uzildimi, terrorchilar darhol o'zining targ'ibotini ishga soladi", - deydi u.

Qonunchilarning ogohlantirishicha, tashqi yordam kesilsa, AQShning global lider sifatidagi nomiga putur yetadi.

Tillersonning aytishicha, Amerika maqsadlariga erishishda faqat moliyaga suyanishi shart emas.

"Tejamkorlik bilan ham yetakchilik qilsa bo'ladi, ham tibbiyot, ham demokratiya, ham taraqqiyot loyihalarida", - deydi bosh diplomat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG