Trampning Afg'oniston siyosati hanuz mavhum

  • Amerika Ovozi

Kobul, Afg'oniston

Tramp ma'muriyatining Afg'oniston bo'yicha yangi siyosati e'lon qilinishi kutilgandan ko'ra ko'proq vaqt olmoqda. Bunga masalaning murakkabligi sabab bo'lmoqda, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan sobiq AQSh rasmiysi.

Rend korporatsiyasi eksperti, Afg'oniston va Pokiston bo'yicha sobiq rasmiy Laurel Millerning aytishicha, mintaqa muammolariga oson yechim topish imkonsiz.

"Oson javob va oson yechimning o'zi yo'q. 16 yil ichida turli yo'llar qo'llab yoki o'ylab ko'rildi. Shu bois Tramp ma'muriyati va uning xavfsizlik bo'yicha jamoasiga yangi yo'l topish uchun ko'proq vaqt kerak bo'lishi mumkin", - deydi u.

Oq uy yangi siyosat haqida deyarli ma'lumot bergani yo'q, ammo matbuotda ayrim qarashlar e'lon qilingan. AQSh askarlari sonini oshirish, jang qilish va boshqa ishlarni xususiy kontraktorlarga topshirish hamda Afg'oniston tabiiy zaxiralarini qazib olish yo'llarini ko'rish kabi choralar shular jumlasidan.

Miller fikr va qarashlarning ko'pligidan ajablanayotgani yo'q.

"Afg'oniston kelajagi uchun barcha qonuniy yo'llarni ko'rib chiqish muhim", - deydi u.

Kontraktorlar yuzasidan xavotir

Harbiy askarlar va hukumat ishchilarini xususiy kompaniyalar xodimlari bilan almashtirish fikri yaxshi emas, deydi Miller. Unga ko'ra, Kobul hukumati ham buni qabul qilmaydi.

Kontraktorlar AQSh hukumati uchun nima qila olishi yoki qilmasligi bo'yicha ham huquqiy munozara mavjud. Millerning qarashi shundayki, kontraktorlarni yollash bilan muammo hal bo'lib qolmaydi.

Xorijlik askarlar sonini kamaytirish samara beradi, qachonki bu narsa sekin-asta amalga oshirilsa, deydi Miller.

Aksincha, ular soni birdaniga kamaytirib yuborilsa, bu mamlakatda beqarorlikni kuchaytirishi hamda boshqa davlatlarga AQSh mintaqadan o'zini tortyapti, degan salbiy signal yuborishi mumkin, deydi tahlilchi.

Boshqa bir yo'l dronlardan va AQSh maxsus kuchlari amaliyotlaridan ko'proq foydalanish bo'lishi mumkin, deydi Miller.

Tinchlik muloqoti

AQSh Tolibonni muzokaralar stoliga olib kelishning uddasidan chiqa olmayapti. Chunki isyonchi guruh xorijliklar mamlakatda turgan payt Kobul bilan muloqotga kirishishni xohlamaydi, deydi Miller. Tinchlik muzokaralarini boshlash Tramp maqsadlaridan biri bo'ladimi, degan savol hozircha ochiq turibdi.

Millerga ko'ra, har bir yangi ma'muriyat uchun Afg'oniston va Pokiston siyosatini qayta ko'rib chiqish muhim.

"Amerikaliklarning soliq pullari sarflanayotgan, amerikaliklar hayoti xavf ostiga qo'yiladigan mamlakatlar haqida gapirar ekanmiz, to'gri siyosat olib borish uchun byurokratiyaning o'zi kifoya emas, balki siyosiy e'tibor ham muhim", - deydi u.

Buning uchun esa Oq uyning qo'llab-quvvatlovi zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG