Tramp Saudiya Arabistoniga bormoqchi. Rahbarlar xursand, yoshlar norozi

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp Oq uyda Falastin muxtoriyati Prezidenti Mahmud Abbosni qabul qilmoqda, 3-may, 2017-yil, Vashington

Prezident Donald Tramp arab dunyosi bilan aloqalarni yaxshilaymiz, demoqda. Trampgacha bo’lgan boshqa prezidentlar ham hokimiyatga kelganda shuni va’da qilardi. Masalan, sakkiz yil oldin Barak Obama Misrga borganida aloqalarda burilish bo’lishi haqida Qohirada ma’ruza qilgan edi.

Shundan so’ng arab davlatlarida umid paydo bo’ldi, biroq bu holat uzoqqa cho’zilmadi. Suriyada mojaro boshlanganidan so’ng arab dunyosining bir qismi Obama ma’muriyatining siyosatidan ko’ngli sovidi. Falastin-Isroil ixtilofiga yechim topilavermagach, Qo’shma Shtatlar Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimni imzolagach, Isroil va Tehronni tahdid deb bilgan arab davlatlarida norozilik kafiyati yanada kuchaydi.

Donald Tramp prezidentlikka kelganidan so’ng yetti musulmon mamlakat fuqarolarini Amerikaga vaqtincha kiritmaslik haqida farmon imzolashi islom dunyosi bo’ylab tanqidlarga uchradi. Ammo Suriya Prezidenti Bashar Assadning tinch aholiga qarshi kimyoviy qurol qo’llashni buyurgani haqidagi da’volar ketidan bu mamlakatdagi harbiy aerodromni qanotli raketalar bilan nishonga olishga ko’rsatma bergani Saudiya Arabistoni kabi Eronning ashaddiy tanqidchilari bo’lgan mamlakatlar olqishiga sazovor bo’ldi.

Oq uyga ko'ra, AQSh rahbari Vatikan va Isroilga safaridan oldin Saudiya Arabistoniga tashrif buyuradi. Qirollik rasmiylari bo’lajak tashrifga “tarixiy” maqomini berdi. Ularga ko’ra, Eronga qarshi turishda va uning mintaqadagi ta’sirini susaytirishda AQSh bilan hamkorlik davom etadi.

“Qo’shma Shtatlarning arab va musulmon dunyosiga g’arazi yo’qligiga amin bo’ldik”, - dedi tashrif haqidagi Oq uy e’lonini ijobiy baholagan Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Odil Jubayr.

Donald Tramp tashrifi davomida qurol savdosi bo’yicha yangi shartnoma imzolashi mumkin. Obama ma’muriyati tomonidan Saudiya Arabistoniga sotuvi to’xtatib qo’yilgan to’rtta jangovar kema qirollikka berilishi mumkin.

Saudiya rahbarlarining Trampga munosabati mo’tadilroq bo’lgani bilan yoshlar o’zgacha fikrda. Har yili 16 arab mamlakatida o’tkaziladigan ijtimoiy so’rovda bu yili qatnashgan 3000 arabning salkam yarmi (49%) AQShni dushman deb bilishini aytgan. Bu o’tgan yilgi ko’rsatkichdan 17 foizga ko’p. Amerikani ittifoqchi deb bilganlar esa kamaygan – 63 foizdan 46 foizga.

18 dan 24 yoshgacha bo’lganlarning 83 foizi Tramp haqida salbiy fikrda ekanini aytgan. Obamaga qarshi arab yoshlari 52 foiz, Jorj Bushga qarshilari esa 77 foiz atrofida edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG