Breaking News

Qirg’iziston ziyolilari: AQSh bilan hamkorlikdan hamma manfaatdor


Donald Tramp
Donald Tramp

Donald Trampning saylovoldi bayonotlari Markaziy Osiyo ahlini ham befarq qoldirmadi. Hozirda ko’pchilikni AQSh yangi ma’muriyatining amaliy ishlari qanday bo’lishi qiziqtirmoqda.

Mintaqa Qo’shma Shtatlarning amalga kelayotgan rahbaridan nimalar kutayapti? Vashingtonning Markaziy Osiyo yo’nalishidagi siyosati qanday bo’lmog’i lozim?

“Amerika ovozi” qirg’izistonlik ziyolilarning shu haqdagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.

O’shlik musavvir va qalamkash Mahmudjon Qozoqboyev nazarida AQSh ommasi ham, tashqi dunyo, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasi ham Oq uyning yangi xo’jayinidan jiddiy o’zgarishlar kutayapti. Lekin Tramp janoblarining imkoniyatlari, mustaqilligi chegaralanganini unutmaslik lozim, deydi u.

“Menimcha, Kongress hamda Amerikada katta ta’sirga ega guruhlar Donald Trampning strategik yo’nalishdan - “doiradan” chetga chiqib ketishiga yo’l qo’ymaydi. Albatta, qandaydir o’zgarishlar bo’ladi, chunki saylovchilar aynan o’zgarishlar uchun ovoz berdi. Lekin tub burilish yuz beradi, deyishdan olisman”, - deydi Qozoqboyev.

Suhbatdoshga ko’ra, gumanitar sohalarda hamkorlik Qirg’iziston - AQSh aloqalarining ustivor yo’nalishi bo’lib, Bishkek, ayniqsa, maorif, oliy ta’limni taraqqiy ettirishga harakat qilmoqda. Mamlakat, shuningdek, yuqori texnologiyalarni tatbiq etish umidida.

“AQShning Markaziy Osiyo yo’nalishidagi siyosatiga kelsak, u endigina boshlanayapti, deb o’ylayman. Menimcha, katta siyosat oldinda turibdi. AQShning “Katta Markaziy Osiyo”, “5+1” kabi loyihalari salmoqli rejalardan dalolat beradi”, - deydi Qozoqboyev.

Uningcha, mintaqa xalqlari nogoh buyuk davlatlar tortishuvlaridan jabr tortib qolishdan xavfsiraydi va bu o’rinda Vashington ommani faqat yaxshilikni, tinchlik-farovonlikni, taraqqiyotni ko’zlayotganiga ishontira olishi lozim.

Bishkeklik siyosatshunos O’rozbek Mo’ldaliyevning aytishicha, AQSh va Qirg’iziston o’rtasida tig’iz iqtisodiy aloqalar yo’q bo’lsa-da, o’lkada demokratik qadriyatlar, so’z erkinligi, inson huquqlari rivoj topishida Amerikaning hissasi katta.

Tahlilchi Donald Trampning NATOni moliyalashtirish masalalarini qayta ko’rib chiqish, BMTni isloh qilish chaqiriqlarini olqishlar ekan, Rossiya bilan munosabatlarni izga solish rejalarini alohida urg’ulaydi. Uningcha, Vashington va Moskva aloqalarining iliqlashuvi Rossiyaga yaqin bo’lgan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Yaqin va O’rta Sharqda davom etayotgan xunrezliklar, DAISh kabi terroristik guruhlar saflariga markaziy osiyolik yoshlarning qo’shilib qolishi, aholining ayrim qatlamlari orasida radikal kayfiyatlar tarqalishi mintaqa mamlakatlarini tashvishga solmoqda.

“Tramp "Islomiy davlat" va umuman terrorizmga qarshi qat’iy kurash olib borishga bel bog’laganini aytyapti. Ayni paytda aynan AQShning noo’rin siyosati Iroqdagi parokandalikka yo’l ochgani ma’lum. Qani endi xulosa chiqarilsa va xolis siyosat olib borilsa. Shunga umid qilamiz”, - deydi O’rozbek Mo’ldaliyev.

Tashqi dunyoda, aytaylik, qator sobiq Sovet o’lkalari ommasi fikrida o’z obro’-e’tiborini ko’tarish uchun AQSh nima qilishi kerak?

Suhbatdoshga ko'ra, AQSh siyosatiga nisbatan hadik va yovsirash - bu o’tgan asrda shakllangan mafkuraviy kurash asorati bo’lib, asosan, keksa avlod ongida muhrlanib qolgan. Lekin bu hol Amerikaning yutuqlari, texnologiyalari, turmush tarziga qiziqishni so’ndirmagan. Yosh avlod esa eski tasavvurlardan mustasno. Qolaversa, Vashington harakatlaridan norozilik, tanqidiy nazar uning ittifoqdoshlari orasida ham seziladi va bu ko’rinishning o’z sabablari bor - masalan, raqobat, o’ziga xos rashk.

“Amerikaliklarda gerdayish yo’q emas va bu sifatni tashlagan ma’qul. Markaziy Osiyo bilan endi-endi aloqalar boshlanib, bir-birimizni o’rganib-tushunib kelayapmiz, hozirgacha oddiy amerikaliklar bizning mintaqani tanimaydi, yaxshi bilmaydi. AQSh ham, biz ham bu borada ko’p ishlashimiz kerak”, - deydi Mo’ldaliyev.

Donald Tramp aytganiday, Vashington mamlakatning ichki muammolari, milliy iqtisodni yuksaltirish masalalariga urg’u bersa, tashqi dunyoning qator hududlari, aytaylik, Markaziy Osiyo diqqatdan chetda qolmaydimi?

“Tramp janoblari ishlab chiqarishni rivojlantirish, ish o’rinlarini ko’paytirishni ko’zlayotgan ekan, bu yaxshi maqsad. Lekin hozirgi zamon - globallashuv davrida - hech bir o’lka o’z qobig’iga o’ralashib qolmaydi. Tabiiyki, Vashington tashqi siyosatda ham faol bo’ladi”, - deydi bishkeklik siyosatshunos.

O’zgan tarixiy-me’moriy muzey-majmuasi rahbari, jamoat arbobi Avazbek Tursunboyev fikricha, dunyoda tinchlik, hamjihatlik, yuksalish AQSh, Rossiya, Xitoy kabi buyuk davlatlar hamkorligiga bog’liq.

“Ushbu davlatlar yakka ravishda, har biri o’z manfaatlarini ko’zlagan holda, Markaziy Osiyo o’lkalarining aloqalarini yo’lga qo’ymoqchi bo’lsa, aksincha, oraga sovuqlik, fitna solib qo’yishlari mumkin. Buyuk davlatlar katta maqsadlar yo’lida birlashgan taqdirda har qanday chigal masala ham yechim topadi”, - deydi Avazbek Tursunboyev.

XS
SM
MD
LG