Tahlilchilar: Janjalkash Tramp prezidentlikni uddalashi qiyin bo'layapti

  • Amerika Ovozi

Amerika tarixida eng g’avg’oli saylovlar ortidan milliarder biznesmen Donald Tramp prezidentlikka kelganiga yarim yil bo’ldi.

Tramp boshidan janjalkash siyosiy kampaniya yo’lini tanladi, ammo rahbarlikning ilk oylarida biror sezilarli o’zgarish qila olgani yo’q. Demokratlar esa muxolifatdagi o’rnini topish bilan band.

Oq uyda ko’tarinki kayfiyat. Prezident Tramp va respublikachilar “Obamaker” tibbiy sug’urta dasturini yangilash yo’lida erishilgan dastlabki g’alabani bayram qilmoqda.

Tashabbus Senatdan o’tishi mushkul bo’ladi. Ammo Kongress quyi palatasi uni ma’qullagan kun Trampning boshi osmonga yetdi. Oq uyga kelganidan beri prezidentning biri ikki bo’lmayotgan edi.

“Boshqa sohadan kelib, yangi prezident sifatida qalay ishlayapman? Yomonmasmi? Prezidentman axir! Prezident!”, - deydi u.

Ammo Tramp qattiq chig’iriqdan o’tayapti.

Oliy sudya lavozimiga konservativ arbobni tayinlashni uddaladi. Lekin soliq islohoti, byudjet va tibbiy sug’urta kabi sohalarda hanuz anchayin qarshilikka duch kelayapti.

Tramp g’alaba qozonganini maqtab charchamaydi. Holbuki, uning rahbariyati jamoatchilik va demokratlar orasida norozilikni avj oldirdi.

Demokratlar nazarida Tramp bois millionlar tibbiy sug’urtasidan ayrilishi mumkin. Vakillar palatasida demokratlar sardori Nensi Pelosining aytishicha, respublikachilar bu ketishda kelasi yilgi saylovda badalini to’laydi. Saylovda yutqizadi ular, deydi Pelosi.

Tramp hukmron siyosiy tartibni larzaga solishini aytib hokimiyatga keldi. Biroq prezidentlik juda murakkab ish ekanini esdan chiqarmang, deydi tahlilchi Jon Xudak.

“Saylanish va boshqarish har xil tushuncha. Amerika tarixidagi eng tajribasiz prezident davlat tepasiga keldi. Atrofiga o’ziga o’xshab boshqaruv, siyosat va qonunchilikda tajribasi yo’q odamlarni yig’ib oldi. Bu bilan Tramp katta siyosiy dovulga zamin hozirladi”, - deydi u.

O’tgan yilgi saylovlar chog’ida Tramp o’zining uddaburonligini aytib ko’krak kerdi.

Bu so’zlarni amalda isbotlashi kerak endi, deydi Uilyam Galston.

“U faqat g’alaba qozonaman deb bosar-tusarini bilmay ketishi ehtimoldan xoli emas”, - deydi tahlilchi.

Biznesmen sifatida Tramp o’z bilganidan qolmaslikka o’rganib qolgan.

Ammo bugun, prezidentlik tizginini ushlab tursa-da, mavjud tartibni junbushga keltirishni va’da qilgan Tramp siyosat qanchalar mushkul soha ekanini ko’rayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG